21:07 / 07.02.2018
8502

Saudiya Arabistoni o‘z havo hududi orqali Isroilga uchishga ruxsat berdi

Saudiya Arabistoni tarixda birinchi marta o‘z havo hududi orqali xorijiy kompaniyaga Isroilga parvozlar amalga oshirishga ruxsat berdi. Bu haqda Isroilning Haaretz nashri xabar bermoqda. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni hukumati Air India aviakompaniyasiga qirollik chegaralarini kesib o‘tishni ko‘zda tutuvchi, Nyu-Dehlidan Tel-Avivga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys amalga oshirishga ijozat berdi.  

Buning natijasida parvoz davomiyligi 2,5 soatga qisqargan. Ta'kidlanishicha, bu ruxsat Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashganining birinchi ochiqcha tasdig‘i hisoblanadi. Bungacha 70 yil davomida qirollik havo hududi nafaqat Isroil samolyotlari, balki Isroilga yo‘nalayotgan barcha samolyotlar uchun ham yopiq bo‘lgan.

Ayni vaqtda Saudiya Arabistoni va Isroil diplomatik munosabatlarga ega emas. 2017 yil noyabrda Isroilning energetika vaziri Yuval Steynits uning mamlakati ko‘plab arab davlatlari bilan maxfiy aloqalar olib borishini aytgan. U ta'kidlagandek, “bunday aloqalar qisman sir tutiladi va buni aynan boshqa tomon so‘raydi”.  

Mavzuga oid
Top