18:20 / 07.02.2018
9465

Turizm sohasidagi imtiyozlar bo‘yicha hududiy cheklov bekor qilindi

Foto: KUN.UZ

Tegishli o‘zgartirishlar Prezidentning 11.04.2015 yildagi «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–3594-son Farmoniga kiritildi. O‘zgartirishlar Prezidentning 3.02.2018 yildagi PF–5326-son Farmoni bilan kiritilmoqda, deb yozadi Norma.uz. 

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 1 iyunidan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan hamda mehmonxona va turizm xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan korxonalar yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan YaSTni to‘lashdan, shuningdek Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinadi. 

Mazkur imtiyozlarning amal qilish muddati to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarning hajmiga bog‘liq bo‘ladi:   

• 300 ming AQSh dollaridan 3 million AQSh dollarigacha - 3 yil;
• 3 milliondan ortiq AQSh dollaridan 10 million AQSh dollarigacha - 5 yil;
• 10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lganda - 7 yil.

Mazkur imtiyozlarni tematik xiyobonlarni tashkil qilish bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlar ham qo‘llashlari mumkin bo‘ldi. Ularga turli yoshdagi tashrif buyuruvchilarning ehtiyojini qondirishga qaratilgan xizmatlarni ko‘rsatuvchi bitta yoki bir nechta mavzu bo‘yicha tashkil qilingan ko‘ngilochar xiyobon va xiyobonlar ansambli kiradi.

Bundan tashqari, imtiyozni qo‘llash shartlaridan biri – korxonalarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan tashqari respublikaning barcha shaharlari va aholi yashash joylarida joylashtirish. Ushbu shart turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi korxonalarga bundan buyon tatbiq etilmaydi. Shu tariqa, poytaxt va poytaxt viloyatida joylashgan turizm sohasi sub'yektlari ham imtiyozni qo‘llashlari mumkin.

Hujjat 6.02.2018 yildan kuchga kirdi. 

Top