21:58 / 08.02.2018
160479

600 nafar yigit-qiz talabalar safidan chetlashtirildi. Nega?

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika qo‘mitasining ma'lumotiga ko‘ra, 2016 yil 1 noyabr­dan 2017 yil 1 noyabrga qadar bakalavr bosqichi talabalarining 8 ming 582 nafari oliy ta'lim muassasasidan ketgan. Shundan 600 nafari kontrakt to‘lovini to‘lolmagani bois talabalar safidan chetlashtirilgan. «Oila davrasida» nashri muxbiri o‘z maqolasida yuzlab talabalarning o‘qishdan ketishi aybdorlarini qidiradi.

Bu raqamlarga bir razm soling. Naqadar xunuk, achinarli holat: 600 nafar talaba, 600 taqdir moddiy qiyinchilik sababli ta'limning eng asosiy bosqichini davom ettira olmadi. Umidi, shashti so‘nib, muzlab qoldi. Axir, ular ne-ne orzu-umidlar bilan o‘qishga kirmagan deysiz? «Ertaga oliy ma'lumotli, kasb-korli bo‘lib, shu yurtga xizmat qilaman», degan maqsad bo‘lgan bu yoshlarda. Taassufki, jamiyatimizda oliy ma'lumotsiz shaxslar yana olti yuztaga ko‘paydi. Bu esa ularning aksariyati  ishsiz qolib ketishiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatishi hech gap emas.

Ha, faqat oylik maoshga kun kechiradigan ayrim oilalar uchun farzandining shartnoma pulini to‘lashning o‘zi bo‘lmaydi. Buni boshdan o‘tkazganlar yaxshi biladi. Shuning uchun davlatimiz tomonidan aholining kam ta'minlangan qatlamiga bu borada qator qulayliklar yaratilgan. Xususan, banklarda bir necha yillardan beri ta'lim olish uchun kreditlar joriy etilgan. Bu xizmatdan ko‘p talabalar foydalanib keladi.

Ammo shunga qaramay, bu imkoniyatdan foydalanish oson emas. O‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Aniqroq aytsak, banklar ko‘p hollarda ushbu kreditni taqdim etmaslik uchun turli bahonalarni o‘ylab topib, sun'iy to‘siqlarni yuzaga keltirar ekan. 

Otangga bor, onangga bor…

Abror Hakimov o‘qishni davom ettirish nasib etmagan 600 ta sobiq talabalardan biri. Gap shundaki, u maktabni tamomlagach, ketma-ket uch yil o‘qishga hujjat topshirdi. Biroq har gal «yiqilaverdi». Va nihoyat, 2017 yil to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. Kirdi-yu, institutni bir oydayoq tark etdi. Buning sababini u quyidagicha izohlaydi:

— Oilada men va akam to‘lov-kontrakt asosida tahsil olardik, — deydi Abror. — Oylikka ro‘zg‘or tebratayotgan ota-onam uchun ikki farzandini o‘qitish tabiiyki, mushkul. Shunday bo‘lsa-da, ular mening o‘qishimni istadi. «Bir amallab kontrakt pulini topamiz», deb rosa harakat qilishdi. Tumanimizdagi bankdan ta'lim krediti olmoqchi bo‘ldik. Lekin iloji bo‘lmadi. Bank xodimlari turli bahona-yu vaj bilan qaytarib yubordi. Shu bois o‘tgan yil noyabr oyida o‘z ixtiyorim bilan o‘qishdan ketdim. Hozir qayta tayyorlanyapman. Shu yil davlat granti asosida o‘qishga kirishdan umidvorman.

— Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabasiman, — deydi Muattar Asadova. — Ota-onam pensioner. Shu bois ta'lim kreditini olishga qaror qildik. Ammo bu kreditni olish igna bilan quduq qazigandek gap ekan. Rosa qiyin. Barcha hujjatlarni yig‘dik, kafil ham topildi. Ammo bank pul o‘tkazishni paysalga solaverdi. Bu orada kontrakt summasini to‘lash muddatiga oz qoldi. Shunda ham bank «Otangga bor, onangga bor», qabilida ish tutdi. Sansalorliklardan charchagan otam, oxiri hammasiga qo‘l siltab, katta hovlimizning bir burchagini sotishga majbur bo‘ldi.

Hozir o‘qiyapman. Ammo har safar uyga borganimda hovlimizni ikkiga bo‘lib turgan devorni ko‘rib, qalbim o‘rtanadi, ko‘zlarimga yosh keladi.

«Yordam»ga tayyor raqamlar

Yoshlarning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, talaba kreditini bank osonlikcha berib qo‘ymaydi. Nega? Axir hamma hujjatlar joyida, hech qanday kamchilik bo‘lmasa, kreditni paysalga solishdan maqsad ne?

Bir tanishim bor. O‘tgan yili institutga o‘qishga kirdi. Uning aytishicha, u ham xuddi shu masalada bankka murojaat qilgan. Lekin bank xodimlari talaba kreditini ajratishni asossiz cho‘zib yuravergan. Oxiri, tanishim Prezident virtual qabulxonasiga yozishga majbur bo‘libdi. Natijada qarabsizki, uch kun ichida kredit masalasi hal bo‘ldi.

Vaziyatga o‘zingiz baho bering. Ishonchimiz komilki, agar yuqoridagi ikki talaba ham davlatimiz rahbariga murojaat yo‘llaganida ularning ham muammosi qisqa fursatlarda o‘z yechimini topardi. Lekin ular bu yo‘lni tutmadi. Bunday masalani Prezidentimizning virtual qabulxonasigacha ko‘tarib chiqishni o‘zlariga ep ko‘rmadi. Buni o‘sha bank ma'muriyatining o‘zi ham yaxshi biladi. Mas'uliyatni his etish ularning zimmasida. Biroq bunga beparvolik, loqaydlik bilan qaraydi. Nima uchun?

Albatta, banklar orasida talaba krediti va umuman, boshqa masalalarda ham aholiga namunali xizmat ko‘rsatayotganlari ko‘p. Shunga qaramay, fuqarolarimizni ortiqcha ovora qilayotgan, ularning dardini tinglagisi kelmayotganlar ham oz emas?

Xo‘sh, bunga mutasaddilar qanday izoh beradi? Umuman, o‘tgan 2017 yilda necha kishi bankdan talaba krediti olgan? Hamma murojaatning ham ijobiy hal etilmasligining sababi nima?

Shu kabi savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga murojaat qildik. Dastlab, bankning axborot xizmati rasmiy ravishda xat bilan murojaat qilishimizni so‘radi. Ammo jurnalist faoliyatini amalga oshirish chog‘ida tegishli qonunlarga asosan, og‘zaki ma'lumot olishga haqi borligini eslatganimizda, axborot xizmati xodimi bo‘limlar o‘zgargani bois savollarimizga aynan qaysi xodim javob berishi kerakligi, qolaversa, bo‘limlarning to‘liq telefon raqami mavjud emasligini aytib, bir nechta raqamni berdi.

Ushbu raqamlarga qo‘ng‘iroq qildik, biroq ular ham boshqa raqamlarni taklif qildi. Xullas, bir yarim soatdan ortiq urinishlar besamar ketdi. Topganimiz raqam bo‘ldi, xolos.

Ana, Markaziy bankdagi ahvol. Jurnalist-ku, kerakli ma'lumotni ololmagan bir paytda, oddiy odam qanday qilib o‘zini qiynayotgan savol yoki muammoga ulardan javob topishi mumkin?

Bugun axborot texnologiyalari jadallik bilan rivojlanmoqda. Ko‘p tashkilot o‘z xizmatlarini onlayn tarzda yo‘lga qo‘yishga ulgurdi. Shunday ekan, banklar ham to‘lov-kontrakt uchun kredit olish istagida bo‘lgan kishilarga qulaylik yaratib, ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozlikdan voz kechsa, maqsadga muvofiq emas-mi? Bu davr talabi-ku!

Yordam faqat faollargami?

Ochig‘i, 600 nafar talabaning to‘lov-kontrakt pulini to‘lolmay o‘qishdan chetlatilgani yuzasidan qaysi tashkilotga murojaat qilgan bo‘lsak, barchasi bir seskanib tushdi. Har kim o‘z boshiga yoqqan qorni o‘zi kurasin, qabilida ish ko‘rdi. Endi o‘ylab ko‘ring: savollarimizga jo‘yali javob bermaydigan tashkilotga kontrakt to‘lovida qiynalib murojaat qilgan talabaning ahvoli ne kechadi? Buni tasavvur qilish qiyin emas.

Yoki bo‘lmasa, birgina to‘lov-kontrakt pulini o‘z vaqtida to‘lamagani uchun o‘qishdan chetlatib, o‘rniga boshqa puldor talabani oliygohga qabul qilgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidan bundan ortiq yana nimani kutish mumkin? Olti yuz nafar talabaning taqdiri bilan na Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, na Xotin-qizlar qo‘mitasi, na Yoshlar ittifoqi va na banklar shug‘ullangan.

Darvoqe, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Ta'lim bo‘limi boshlig‘i Bahodir Kucharovning so‘zlariga ko‘ra, kontrakt asosida tahsil olayotgan talaba tortinmasdan ittifoqqa murojaat etishi mumkin. Ular harbiy imtiyozga ega talabalar shartnoma pulining o‘ttiz besh foizini to‘lab berishidan ko‘pchilikning xabari bor. Endilikda ittifoq tashkilotga a'zo, ularning tadbirlarida faol qatnashgan, o‘qishning birinchi yarim yilligini a'lo bahoga tugatgan talabalarning ham kontrakt puli ma'lum foizini to‘lab berarkan.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Respublikamizning olis hududidan poytaxtga kelib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan, ammo uni to‘lashga qiynalayotgan, Yoshlar ittifoqining tadbirlarida faol qatnashish u yoqda tursin, hatto, tashkilot haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lmagan talabaga kim yordam beradi? Axir, u ittifoqning tadbirlarida ishtirok etmagan bo‘lsa yoki bunga imkoniyati, vaqti bo‘lmasa, unda talabaning aybi yo‘q-ku? Buning tartibini jiddiy ko‘rib chiqish kerak, bizningcha.  

* * *

Bugun davlatimiz rahbarining bevosita topshirig‘iga asosan, turli davlat idoralari bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan yoshlarni kafillik evaziga jazodan qutqarib qolyapti. Bu amalda o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Qanchadan-qancha adashgan yosh O‘zbekiston yoshlar ittifoqi,  Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi kabi tashkilotlarning kafilligi ostida to‘g‘ri yo‘lga qaytmoqda.

Shuni inobatga olsak, nega ushbu jamoatchilik idoralari to‘lov-kontrakt pulini haqiqatdan ham to‘lash imkoniyati yo‘q iqtidorli talabalarni kafillikka olmayapti? Axir, gap bir yoki ikkita odamning taqdiri haqida ketmayapti. Aslida o‘sha bir-ikkita bo‘lsa ham, bu uning ertangi hayoti bilan bog‘liq. O‘qishni tark etishga majbur bo‘lgan birgina talabadan kelajakda noyob, professional kadr yetishib chiqishi mumkin. Agar uni boshida qo‘llasak, ertaga u shu jamiyatga, shu yurtga sidqidildan xizmat qilishi aniq-ku! Shunday ekan, umid bilan bo‘y cho‘zayotgan nihollarning unib-o‘sishiga yordam beraylik. Shunda ular davlatdan rozi bo‘ladi.

G‘ulomjon Mirahmedov

Top