14:30 / 08.02.2018
13060

Erdo‘g‘an Putin bilan gaplashdi

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining qurolli kuchlari hamda maxsus xizmatlari harakatini muvofiqlashtirishni yanada kuchaytirishga kelishib olindi. Bu jangovar harakatlarni to‘xtatish rejimini buzayotgan terrorchilik guruhlari bilan kurashish uchun kerak», - deyiladi xabarda.

Tomonlar Suriyada keskinlikdan xoli hududlarni yaratish bo‘yicha Ostona kelishuvlariga rioya etish muhimligini ham qayd etishgan.

«Shu nuqtai nazardan, Rossiya, Turkiya va Eronning Suriya yo‘nalishidagi hamkorligini davom ettirish muhimligi ta'kidlandi. Ushbu shaklda turli darajalardagi yangi aloqalar istiqbollari muhokama etildi», - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Suhbat davomida Shavkat Mirziyoyev mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta'minlash maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha xalqaro konferensiyaga Turkiya Respublikasi delegatsiyasini taklif etdi.

Top