10:06 / 08.02.2018
17616

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz darajasida qoldirdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Bank rasmiy saytida Pul-kredit siyosati sohasida 2017 yilning IV choragida amalga oshirilgan ishlar yakunlari e'lon qilindi.

Jumladan o‘tgan yilning so‘nggi choragida qat'iy pul-kredit siyosatining davom ettirilishi va monetar omillarning narxlar o‘sishiga ta'sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarga qaramay iqtisodiyotda yuqori inflyatsion bosim saqlanib qolgani qayd etildi.

Hisobotda Markaziy Bank oldida turgan 2018 yildagi vazifalar ham sanab o‘tilgan.

2018 yilning yanvar oyida Markaziy bank tomonidan aholi va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari iqtisodiyotda ma'lum darajadagi inflyatsion kutilmalarning saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

Ushbu sharoitlarda 2018 yilda monetar omillarning inflyatsiyaga ta'sirini kamaytirish orqali narxlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan qat'iy pul kredit siyosati davom ettiriladi.

Yuzaga kelgan yangi voqelikda narxlar o‘sishini oldini olish vazifasi nomonetar omillar asosida yuzaga kelayotgan xatarlarni oldini olishga jiddiy e'tibor qaratishni talab etadi.

Davlat byudjyeti xarajatlari va daromadlarining bank tizimidagi likvidlikka va pul massasiga ta'sir ko‘lamining kengligi tufayli pul-kredit siyosatining samaradorligi ko‘p jihatdan uning soliq-byudjyet siyosati bilan mutanosib ravishda olib borilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Bunda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida byudjyet va byudjyetdan tashqari jamg‘armalar hisobvaraqlarida o‘tgan davrlar mobaynida yig‘ilgan mablag‘larni sarflash natijasidagi xatarlar saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, narxlar va tashqi savdo shartlarini erkinlashtirilishi sharoitlariga ichki narxlarning moslashib borishi iqtisodiyotda inflyatsion bosimni yuzaga keltirishda davom etadi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar va qurilish hajmlarining qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlaridan sezilarli darajada yuqoriligi ularning narxlariga bevosita, shuningdek investitsion xarajatlar ortishi natijasida ushbu mahsulotlar tannarxining qimmatlashi orqali bilvosita ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Monetar va nomonetar omillarning narxlar barqarorligiga joriy va kutilayotgan ta'sirini inobatga olib, Markaziy bankning foiz siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda kreditlash hajmlarining pul massasi va iqtisodiyotda yalpi talabni oshishiga ta'sirini kamaytirish hamda aholining banklardagi milliy valyutadagi jamg‘armalarining ijobiy o‘sish dinamikasini saqlab qolish vazifalariga alohida e'tibor qaratiladi.

Bunda, pul massasi dinamikasida davlat xarajatlari hamda tashqi omillar ta'sirining yuqoriligi sharoitlarida qayta moliyalash stavkasining yanada oshirilishi kutilgan natijalar bermasligi va iqtisodiyotning real sektoridagi faollik va investitsion jarayonlarni susayishiga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz darajasida o‘zgartirmasdan qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Shu bilan birga, bank tizimida likvidlik hajmi oshishining davom etishi va ortiqcha likvidlikning vujudga kelishi natijasida monetar omillar ta'sirida inflyatsion xatarlarning kuchayishi holatlari yuzaga kelganda Markaziy bank pul-kredit siyosatini yanada qat'iylashtirish, shu jumladan tijorat banklari tomonidan majburiy zaxiralash tartibiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi.

 

Top