17:00 / 09.02.2018
64382

Pensiyani 100 foiz oluvchi xodimlar safi kengaymoqda

Foto: KUN.UZ

Prezidentning 7.02.2018 yildagi PF–5328-son Farmoni bilan ishlovchi pensionerlarning ayrim toifalariga pensiyani to‘liq to‘lash nazarda tutilmoqda.

Norma.uz’ning yozishicha, 2018 yilning 1 martidan Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, Milliy gvardiya, Prezident xavfsizligi davlat xizmati, MXX va DBQning harbiy xizmatchilari va xodimlari jumlasidagi pensionerlar quyidagi tashkilotlar va lavozimlarda ishlaganda pensiyani to‘liq oladilar:

• Qurolli Kuchlar tarkibida va yuqorida sanab o‘tilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida, shu jumladan maslahatchi sifatida ishlovchilar, pensiyani qaysi idorada rasmiylashtirganligidan qat'i nazar, xizmatda bo‘lishning belgilangan chegara yoshiga to‘lganligi tufayli pensiyaga chiqqan taqdirda (sog‘lig‘i holatiga ko‘ra pensiyaga chiqqanlar bundan mustasno);
• umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda direktor, uning o‘rinbosarlari, boshlang‘ich chaqiruv (harbiy) tayyorgarlik, shuningdek mudofaaga yordam beruvchi «Vatanparvar» tashkiloti o‘qituvchilari sifatida;
• oliy o‘quv yurtlarining harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari o‘qituvchilari sifatida;
• mahalliy harbiy boshqaruv organlarida (mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlari), shuningdek faxriylar ishlari bo‘yicha kengashlarda;
• Prezidentning viloyatlar, tuman (shahar) Xalq qabulxonalarida;
• Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasining ijroiya apparatida;
• harbiy qismlarda va muassasalarda Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limlarida;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqaruv apparatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhlarda;
• shahar hokimliklari (viloyat markazlari) boshqaruv apparatlarining safarbarlik ishlari va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha mutaxassislari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, viloyatlar va poytaxt rahbarlarining maslahatchilari sifatida.

Pensiyani to‘liq miqdorda olish sharti – yuqorida sanab o‘tilgan lavozimlardagi ishi pensionerning yagona ish joyi bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, aynan shu sanadan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» markazi va uning hududiy bo‘linmalarining boshqaruv xodimlari pensiyani to‘liq olishni boshlaydilar. Bundan tashqari, shu yilning boshidan bir qator ishlayotgan pensionerlar uchun shunday imtiyoz amal qilmoqda.

Hujjat 8.02.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid
Top