23:19 / 09.02.2018
20195
Tojikistonda militsiya generali o‘z ishini saqlab qolish uchun 15 kilogrammga ozdi
Foto: dialog.tj

Tojikistonda militsiya general-mayori Suxrob Rahmonzoda o‘z ishidan mahrum bo‘lmaslik uchun 15 kg.ga ozishiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda TojikTA xabar bermoqda.  

Ta'kidlanishicha, yuqori lavozimdagi militsiya xodimining ortiqcha vazn bilan qat'iy kurashishiga militsiyadan to‘lacha xodimlarni bo‘shatish haqidagi buyruqning kuchga kirgani turtki bergan.

Avval shu sababli ishdan bo‘shatilgan militsiya xodimlariga o‘z vaznlarini me'yorga keltirish uchun muddat berilgan. Agar ular buni uddalay olsalar, lavozimlarida tiklanishlari aytilgan. 

2017 yilda Tojikiston ichki ishlar vazirligining 20 xodimi ortiqcha vazn sababli ishdan bo‘shatilgan. Ular o‘zlarini yaxshi jismoniy ko‘rinishda saqlashlari kerakligidan bir necha marta ogohlantirilganlar.    

2016 yil dekabrda Tojikiston ichki ishlar vaziri ortiqcha vazn sababli bo‘shatilishi mumkin bo‘lgan xodimlarga ortiqcha kilogrammlarni tashlash uchun bir oylik muddat berilishi haqidagi buyruqni qabul qilgan. 

Buyruqqa ko‘ra, militsiya xodimlarining bo‘y va vazn nisbati xalqaro me'yorlarga to‘g‘ri kelishi lozim: misol uchun, agar militsiya xodimining bo‘yi 168-170 sm bo‘lsa, unda uning vazni 75 kg dan oshmasligi lozim.

Top