17:28 / 10.02.2018
31844

«Qo‘qon bozori» mojarosi. Sudda jabrlanuvchining ko‘rsatuvi eshitildi

Foto: magazin-pics.ru

7 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudida Qo‘qondagi mashhur bozor – «Istiqlol» savdo kompleksi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlangani haqida xabar berilgandi.

Mazkur jinoyat ishi Rahmat Sulaymonov va Rustam Sulaymonovlarga nisbatan tergov qilinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qism «a» va «g» bandlari (tuhmat), 165-moddasi 3-qism «a» bandi (tovlamachilik) hamda 168-modda 3-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan ayblov e'lon qilingan.

Sud majlisida dastlab, jabrlanuvchi Alisher Sulaymonovning ko‘rsatuvi tinglandi. U o‘z so‘zlarida «haqiqatan Rahmat G‘aniyev bilan hamkorlik qilish uchun huzuriga borgani, undan 100 ming AQSh dollari olib, kelgusida yana 100 ming, jami 200 ming AQSh dollariga bo‘lajak bozorning yarmini sotgani haqida» aytib o‘tdi.

«Orada Abbosxon amakim bu yerga toshkentliklar qiziqish bildirganini, tortib olsalar, hech qanday yordam bermasligini aytdi. Shu so‘zlarni Rahmat Sulaymonov ham takrorladi, korxonasiga chaqirib, yerni o‘z nomiga rasmiylashtirib berishim zarurligini uqtirdi. Bosim va tazyiq ostida bozor uning nomiga rasmiylashtirildi. Notarius huzurida, qolaversa boshqa hujjatlarga ham shaxsan imzo chekdim. Ammo, o‘z xohishim bilan yuz bermadi. U meni qo‘rqitdi. Bo‘lgan voqeadan xabar topgan Rahmat G‘aniyev esa avvaldan bergan 100 ming AQSh dollarini qaytarishimni talab qildi. Pullarni meni qo‘rqitgan Rahmat Sulaymonovning akasi Rustam Sulaymonov orqali berib yubordim», deydi jabrlanuvchi.

Sudlanuvchining himoyachilari Alisher Sulaymonovga bir nechta savollar bilan yuzlandi. Xususan, avvalgi o‘tkazilgan sud bayonnomasida Alisher pullarni Rahmat aka orqali berib yuborgani yozilgan. Bu yuzasidan jabrlanuvchi quyidagicha fikr bildirdi:

«Sud kotibi adashgan, men aniq qilib, Rustam akani ko‘rsatgandim», deydi u. Sudlanuvchining himoyachisi «Rahmat Sulaymonovdan nega qo‘rqdingiz? Notariusda barchasini ongli ravishda amalga oshirayotganingizni bildirgansizku?!», deya yuzlanganda Alisher «ha, rost. Chunki menga shunday qilishimni buyurishdi. Gap shundaki, Rahmat aka otamni qamatib yuborgan. Meni ham qamatib yuborishidan qo‘rqdim», deb javob qaytardi.

Bozor Rahmat Sulaymonov nomiga rasmiylashtirilgach, Rahmat G‘aniyev pullarni talab qilib, IIB ariza bilan murojaat qilgan. Shunday so‘ng, Alisherga nisbatan JK 168-moddasi bilan ayblov e'lon qilinib, sud oldida javob berishga majbur bo‘lgandi. Ushbu holatda, aka-uka Rustam va Rahmat Sulaymonovlar Alisherni suddan chiqarib olish uchun keltirilgan zararni qoplagan.

«Ular kirdikori ochilib qolishidan qo‘rqib, meni suddan chiqarib oldi. Bo‘lmasa, barcha haqiqatni aytardim», deb izoh beradi bu holatga u. 

Himoyachi «nega bozor Rahmat Sulaymonov nomiga rasmiylashtirilib, qurilish ishlari yakunlangach, oradan deyarli bir yil o‘tib Alisher o‘z huquqlarini tiklash uchun harakatni boshlaganiga» qiziqdi.

«Bozor Rahmat akaning nomiga o‘tganini eshitgach, onam undan oilaviy mulkimizni qaytarishini talab qildi. Rahmat Sulaymonov esa bu vaqtincha chora-tadbir ekani, meni Rahmat G‘aniyevdan himoya qilish uchun tuzilgan reja ekanini bildirgan. U, albatta, yerni qaytarishga va'da berib, onamni ham aldadi», deb javob berdi jabrlanuvchi.

Sudlanuvchining himoyachilari «bundan avvalgi barcha ariza va ko‘rsatuvlarda bozorning teng yarmi 100 ming AQSh dollariga baholanib, Angren sudiga kelganda u 200 ming AQSh dollariga aylanib qolganiga» e'tibor qaratdi.

«Gap shundaki, men 100 ming AQSh dollarini olganman, qolgan pul qurilish uchun ishlatilishi kerak edi. Shunga qo‘limda yo‘q pulni eslamagandim», deydi Alisher.

Sudlanuvchining himoyachilari Alisher Sulaymonov tergov, sud majlislarida berayotgan ko‘rsatuvlarini jiddiy o‘zgartirib kelayotganini bildirib, bir nechta holatni sanab o‘tdi.

«Dastlabki sud ishlarida Rahmat Sulaymonov menga qanday gapirishni o‘rgatib turdi. Rahmat G‘aniyevga qarshi guvohlik berib, unga tuhmat qilishga undadi. Men shunday qildim: G‘aniyevdan 100 ming AQSh dollari olmaganim, qolaversa, Rahmat aka bu pullarni yuqori lavozimdagi mulozimga bergani, endilikda ushbu pullarni mendan undirib olmoqchi bo‘lganligini bayon qilib arizalarga imzo chekdim. Bu arizalarni Rahmat Sulaymonov tayyorlagandi», deydi Alisher.

​Sudlanuvchi Alisherdan «u holda nega tergovchi xonasida yolg‘iz qolganda, shunday bosim haqida ma'lumot bermagani, yozma topshirilgan arizalarning mazmuni bilan shaxsan tanish bo‘lgani va imzo chekkani haqida» so‘radi.
«Men qo‘rqdim, otamni qamalishida Rahmat Sulaymonovning qo‘li bor, deb bilaman. Meni ham qamatib yuborishi mumkin edi», dedi Alisher.

Himoyachi «qanday qilib, ishonmagan, otangizni qamatgan shaxsning qo‘liga 100 ming AQSh dollarini tutqazib, Rahmat G‘aniyevga berib yuborishni so‘radingiz», deb so‘radi.

Alisherning aytishicha, Rustam Sulaymonov Rahmat G‘aniyevning yaqin do‘sti, u pulni to‘liq olib borishiga ishongan. Ammo, himoyachilar jabrlanuvchining oldingi va hozirgi ko‘rsatuvlarida kelib chiqqan ikki xil vaziyatlarni taqqoslaganda, Alisher Sulaymonov «sud kotibining xatosi bilan bayonnoma buzilgani, u so‘zlar noto‘g‘ri ekani, hozirgi sudda barcha haqiqatni aytishi» haqida gapirib berdi.

Sud ishi davom etadi.

Top