08:40 / 10.02.2018
15813

“Namangan tajribasi” loyihasi doirasida nimalar qilindi?

Foto: Namangan.vo.uz

Adliya vaziri boshchiligida tashkil qilingan ishchi guruh tomonidan Namangan viloyatida davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar hamda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish masalalari, Xalq qabulxonalari negizida tashkil qilingan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, davlat xizmatlari markazlari faoliyatidan aholining nechog‘lik xabardorligi darajasini aniqlash maqsadida “Namangan tajribasi” loyihasi amalga oshirildi.

O‘rganish davomida viloyatdagi tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilgan:

- 2017-2018 yilning o‘tgan davriga qadar markazlar tomonidan jami 18 307 ta tadbirkorlik sub'yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, bu ko‘rsatkich 2016-2017 yilning o‘tgan davriga nisbatan 245 taga oshgan;

- ko‘rsatilgan davlat xizmatlari soni 5 406 tani tashkil qilib, 2017 yilning 12 dekabridan hozirgi kunga qadar o‘tgan qisqa vaqt ichida viloyat tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan jami 1000 ga yaqin davlat xizmati ko‘rsatilgan;

- faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tiklash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida jami 90 ta tadbirkorlik sub'yekti faoliyati tiklangan;

- 634 ta sayyor davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tadbirlari o‘tkazilgan.

“Namangan tajribasi” asosida ishchi guruh tomonidan soha faoliyatini yanada jonlantirish, aholini markazlar faoliyati, ular orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlari bilan yaqindan tanishtirish hamda sohada olib borilayotgan tub islohotlarning maqsad va mohiyatini xalq e'tiboriga yetkazish maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

- Agentlik tomonidan viloyatning eng olis, chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarida istiqomat qiluvchi aholi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar, tadbirkorlar, shu jumladan, davlat-xususiy sherikchilik masalasiga qiziqish uyg‘otgan viloyatning ilg‘or tadbirkorlari bilan jami 50 dan ortiq uchrashuvlar tashkil qilinib, 200 mingga yaqin aholi qamrab olindi; 

- markazlar faoliyatini keng ommaga yoritish, aholini davlat xizmatlaridan foydalanishning afzalliklari, ularning bu boradagi huquqiy madaniyatini shakllantirish maqsadida viloyatning tuman (shahar)lari aholi gavjum hududlari, bozorlar, savdo majmualari, shuningdek, reklama ustunlariga davlat xizmatlari, ularning turlari va mexanizmi yoritilgan va asosiy g‘oyasi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” shiori ostida 100 dan ortiq plakatlar, 20 ta bannerlar joylashtirildi va 50 000 ta buklet va flayerlar (ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari) tarqatildi;

- viloyatning mavjud 770 ta mahallalari binosida hamma ko‘rishi mumkin bo‘lgan joylarda markazlar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar, mahallalarga biriktirilgan mas'ul xodimlar va ular tomonidan o‘tkaziladigan sayyor qabullar to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettirilgan “Adliya burchaklari” joylashtirildi;

- yirik savdo majmualaridagi infoekranlarga markaz faoliyatini aks ettiruvchi videoroliklar joylashtirilib, muntazam ravishda namoyish etilishi yo‘lga qo‘yildi;

- olis hududlarda yashovchi aholiga zarur mobil davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta'minlash maqsadida Namangan viloyat hokimligi tashabbusi bilan viloyatdagi barcha Davlat xizmatlari markazlariga 12 ta “Damas” rusumli avtomobillar va zamonaviy noutbuk kompyuterlari foydalanish uchun topshirildi va shu kunning o‘zidayoq viloyatning chekka hududlarida aholiga mobil davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Top