19:40 / 11.02.2018
26844

Maktablarda farzandlarimizga qanday taomlar tortiq etilishi kerak?

Foto: Uchtepa tuman XTB

Bugungi kunda yoshlarning yetuk ma'naviyatli, bilimli, sog‘lom bo‘lib shakllanishi uchun davlat tomonidan katta e'tibor qaratilmoqda. Farzandarimiz sog‘lom bo‘lib yetishishida maktablarda ovqatlanish tizimini to‘g‘ri tashkil etish dolzarb ahamiyat kasb etadi. 

 Uchtepa tuman xalq ta'limi bo‘limi, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi hamda Uchtepa sanitariya-epedimologiya nazorati markazi tomonidan 10 fevral kuni tumanda joylashgan 78-umumta'lim maktabida “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish muammolari va uning yechimlari” mavzusida o‘quv uslubiy va amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda Uchtepa tuman xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi umumta'lim maktablar direktorlari, xo‘jalik ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, maktablar hamshiralari hamda maktab oshxonalari oshpazlari ishtirok etishdi. 

Tadbirda o‘rta ta'lim maktablarining ovqatlanishini to‘g‘ri tashkil etish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, bolalar ratsionini hisobga olgan holda taomlar tayyorlash haqida so‘z yuritildi. 

Maktab oshxonasida mumkin bo‘lmagan oziq-ovqat va ichimliklar ro‘yxati tegishli hujjatlarda ko‘rsatilgan. Tadbirda mutaxassislar tomonidan arzon narxlarda kaloriyali, bolalarning sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun qanday taomlar taqdim etish kerakligiga doir nazariy va amaliy bilimlar berildi. 

Anjuman oxirida maktab oshxonasida O‘zbekiston oshpazlar uyushmasining yuqori malakali oshpazlari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi, arzon hamda sifatli taomlar tayyorlash va ularni taqdim etish usullari amaliyotda ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, yurtimizda yetishtirilgan mevalarning quritilgan qoqisidan bolalar uchun foydali bo‘lgan sharbatlar, bir necha xil salatlar, suyuq va quyuq taomlar tayyorlanib, anjuman ishtirokchilariga taqdim etildi.

Kelajakda har bir maktabda shu kabi taomnoma asosida taomlar tayyorlash talabi qo‘yildi. 

Shu bilan birga, Uchtepa tumani xalq ta'lim bo‘limi va O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi hamkorlikda joylarda maktab oshpazlarining malakasini oshirish rejasi tuzildi.

Top