19:16 / 11.02.2018
6736

Pekinda erkak supermarketdagi odamlarga pichoq bilan hujum qildi

Foto: Fotokon

11 fevral mahalliy vaqt bilan 13.00da Xitoy   poytaxti Pekinning Sidan tumanida 35 yoshli erkak noma'lum sabablarga ko‘ra Joy City supermarketiga kelganlarga hujum qilgan. Oqibatda bir ayol halok bo‘lgan, yana 12 kishi jarohat olgan va shifoxonaga yetkazilgan. Bu haqda Pekin politsiyasi Weibo ijtimoiy tarmog‘ida ma'lum qildi.

Voqea joyiga kelgan politsiyachilar erkakni tezkorlik bilan qo‘lga olishgan. Ayni vaqtda u so‘roq qilinmoqda.  

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xenan viloyatida yashovchi erkak hujumni ataylab amalga oshirganini va shu tariqa “o‘zining noroziligini bildirganini” aytgan. Erkakni hujumni sodir etishga nima yetaklagani hozircha noma'lum. 

Sidan tumani Pekinning tarixiy markazida joylashgan bo‘lib, u yerda ko‘plab savdo va ko‘ngilochar markazlari mavjud. Dam olish kunlari bu yer ayniqsa gavjum bo‘ladi.

 

Top