Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Chilonzor tumanida barpo  etiladigan masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishi haqidagi xabardan yurtimizning juda ko'p musulmonlari xursand bo'lishdi. Shayx hazratlaridan juda katta ulkan ma`rifiy meros qoldi. U kishining shogirdlari, yordamchilari ham ko'p edi. Shularning biri Abu Muslim nomi bilan tanilgan Adham Atajanovdir.

Foto: KUN.UZ

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining Abu Muslimga nisbatan muhabbatlari bo'lakcha edi. Uning intellektini, zakovati va ulamolarga nisbatan muhabbatini ko'p eslardilar. Zamonaning siyosiy va ijtimoiy tahlillarida teranligini, she`riyat va adabiyotda zavqining ajoyibligini, yangi g'oyalar kashfiyotida ufqi keng ekanini alohida e`tirof qilardilar. Abu Muslim biz uchun Hazratimizdan qolgan qimmatli omonatdir. O'zbek xalqi uchun ham omonatdir.

Uning taqdiri juda murakkab va doston qilishga arziydi. O'zi polyak millatiga mansub bo'lsa ham, taqdiri o'zbeklar, O'zbekiston bilan chambarchas bog'liq. Biz, o'zbeklar urush vaqtida qancha-qancha yetimlarni bag'rimizga olgan millatmiz. Nahotki, bugun bir polyak yigitiga yordam berib yubora olmaymiz. Haqiqatdan ham nega yordam berib yubora olmaymiz?!

Foto: KUN.UZ

Ha, ijtimoiy tarmoqlarda u haqida postlar trendga aylandi. Prezidentimiz nomiga murojaatlar ham bo'ldi. Xo'sh, Abu Muslim kim? Uning O'zbekistondagi o'rni qanday? Shu savollarga javob izlash niyatida Kun.uz ham bir maqola tayyorladi. Abu Muslim bilan bog'landik, savollar berdik va javoblar oldik.

Abu Muslim 1975 yil iyul oyida Toshkent shahrida tug'ilgan. Otasi rigalik bo'lib, millati polyak. Toshkentda zilzila bo'lganida ko'ngilli ishchi bo'lib kelgan. Onasining millati koreys. Oilada qiyinchiliklarga duch kelgani sababli Abu Muslim va opachasi bolalar uyiga topshirilgan. 1977 yillarda Qozog'istonning Chimkent viloyati Turkiston shahrida yashovchi millati o'zbek bo'lgan Atajanovlar oilasi o'zlariga farzand qilib asrab olishgan. Turkistonda o'rta maktab, Ahmad Yassaviy nomidagi (Qozog'iston) Xalqaro universitetning huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Xalqaro Intellektual mulk tashkiloti — WIPO Academy’ning diplomiga ega.

1994 yil Toshkent shahriga ko'chib o'tgan. Fuqaroligi yo'q shaxs maqomi berilgan. Fuqarolik haqidagi qonunga ko'ra, O'zbekistonda 5 yil yashab, so'ng fuqarolik olish niyatida bo'lgan. Ammo, Toshkentda tug'ilgani bois, besh yil kutmasdan hujjat topshirishi mumkin bo'lgan.

1994 yili, ya`ni ko'chib kelgan yillaringiz O'zbekiston fuqaroligini olish imkoni bo'lmaganmi?

O'sha vaqtlarda pulga yoki boshqa tanish-bilish yo'llari bilan qilish mumkin, deb eshitardim. Ammo shunday bo'lsa ham men bu yo'l bilan O'zbekiston pasportini olishni o'zimga ep ko'rmaganman. Qonuniy yo'llar bilan olaman, deb o'yladim. O'sha vaqt kerakli hujjatlarni kerakli joylarga topshirganman. Ammo oradan 20 yillar vaqt o'tgan bo'lsada, bu ish amalga oshmayapti. Shavkat Mirziyoyev prezident bo'lganidan keyin ancha odamlar fuqarolik olayotganini eshitdim, ko'rdim. Ungacha bu juda qiyin masala edi. Masala ijobiy hal qilinayotganini ko'rgach, umid paydo bo'ldi.

Ya`ni, siz Prezident nomiga ariza yozgansiz, shundaymi?

Ha, shunday desa ham bo'ladi. O'tgan yili Prezident portaliga ariza yozdim. So'ng qandaydir tekshiruvlar bo'ldi. Pasport stoliga chaqirib, ba`zi narsalarni tekshirishdi, savol-javob qilishdi-yu, masalani mening zararimga hal qilib berishdi. Bir yil oldin Toshkentda tug'ilgan va butun umr Toshkentdan chiqmagan, O'zbekiston armiyasida xizmat qilishga ham ulgurgan katta o'g'limni fuqarolikdan mahrum etishdi. Emishki, noto'g'ri berilgan ekan. Ota-onasining biri O'zbekiston fuqarosi bo'lmagani uchun farzandi ham fuqaro bo'la olmas emish. Keyin ikkinchi o'g'limga ham shunday Fuqaroligi yo'q shaxs, degan pasport berildi.

Keyin hech narsa qilmadingizmi?

Yaqinda yana bir marta portalga yozdim. Yana o'sha umumiy gaplar bilan ishim hal bo'lmadi.

Abu Muslim 2003 yildan boshlab O'zbekistonga qaytgan taniqli ulamo Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bilan yaqindan tanishgan. Shayx hazratlarining islomiy saytni ishga tushirish kerak, degan taklifini qabul qilib Islom.uz saytini ishga tushirdi. Shu sayt faoliyati doirasida juda ko'p foydali loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, Adham Atajanovning takliflariga ko'ra, O'zbekistonda ilk bor «Fatvo xizmati» ishga tushirildi. Ya`ni, bu loyihaga ko'ra, dunyoning istagan chekkasidan istagan odam yetuk din olimi hisoblangan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga bevosita savol berish va savollariga javob olish imkoniga ega bo'ldi.

Oradan yana bir oz vaqt o'tib, Qur`oni karimning o'zbek tilidagi ma`nolar tarjimasini onlayn o'qish uchun katta loyihani ishlab chiqdi. Mazkur loyiha ham muvaffaqiyatli qabul qilindi. Mashhur muhaddislarning kitobilarini tarjima qilib, keng xalqqa yetkazish uchun amaliy ishlarni bajarib «Muhaddis» deb nomlangan veb-loyihani ishga tushirdi. Mazkur loyiha «Oltin silsila» kitoblari turkumi bilan kitob bo'lib nashrdan chiqishiga asos bo'ldi.

Bundan tashqari, diniy-ma`rifiy mazmunda 20 dan oshiq veb-loyihani ishga tushirdi. Har yili bo'lib o'tadigan O'zbekiston internet tanlovlarida g'olib bo'lib keldi. Kuzatuvchilarning aytishicha, Adham Atajanov tarafidan ishga tushirilgan yigirmadan oshiq diniy-ma`rifiy saytlar jaholatga qarshi ma`rifat vazifasini bajargan va shu vazifani hali ham bajarib kelmoqda.

Shayx hazratlari bilan qanday tanishgansiz?

Shayx hazratlari, Alloh taolo rahmatiga olsin, ajoyib inson edilar. Hazrat bilan ilk bor uchrashganimda, mehmon kutadigan xonalariga emas, hovlilariga olib kirdi. So'rilarida o'tirib ancha gaplashdik. Dindan ko'p narsalar so'radilar (diniy ilmim bormi yoki yo'qmi bilish uchun savol-javob qilib, imtihon qilgan bo'lsalar kerak). So'ng, javoblarimdan qoniqib, endi men bilan birga bo'lasiz, sizni hech kimga bermayman, dedilar kulib. Ana, Alloh taoloning mendek bir o'ksik, yetim bo'lgan bir yigitni — Islomning kibor ulamosi hazrat shayx xizmatiga yo'llab qo'yishi. Dinga xizmat qilishga tashna odamning bundan ortiq yana qanday orzusi bo'lishi mumkin. Qancha-qancha o'zbeklar shayx hazratlarining hizmatlarini qilsam, deb orzu qilishini yaxshi bilaman. Ammo men kimman? Adashib kelib qolgan bir polyak yigit bo'lsam, deb boshqalarga qaraganda ko'proq harakat qilardim. Duolarini olishga shoshardim

Shayx hazratlari qoshida xizmatlaringiz aynan nimalardan iborat edi?

Internetda Islomni o'zbek tilida da`vat qilish uchun shayx hazratlari barcha imkoniyatlarni qilib berdi. Saytlar bilan bog'liq ijod ishlariga aralashmas edi. Ijodimda erkin edim (shuning o'zi ham katta gap). Lekin ba`zi masalalarda maslahatlarini olib, ishlar edim. Ajoyib davrlar, ajoyib xizmatlar edi. O'shanda axborot texnologiyalari olamida yangi bo'lganimiz uchun ko'p narsalarni ilk bor kashf qildik. Yangi narsalarni o'ylab topdik. Hech kimga taqlid qilmaslikka harakat qildik. Hozirgi Islomiy-ma`rifiy saytlarning aksarining ishlash va materiallarni taqdim qilishida biz boshlagan ishlarning ta`siri katta bo'lgani shubhasiz.

Abu Muslim (Adham Atajanov) Internetda O'zbek tili, adabiyoti va tarixining amaliy targ'ibotchisi hisoblanib, bu sohada ko'zga ko'rinadigan ancha ishlarni bajargan. Dunyodagi eng mashhur veb platformalarning aksarini o'zbek tiliga tarjima qilgan (vBulletin, phpBB, smf, php-nuke, mambo, joomla, drupal va h.k). Bu ishlari bilan O'zbek internetining rivojiga o'ziga yarasha amaliy xissa qo'shgan. O'zbekiston tarixi va adabiyoti, oila institutiga bag'ishlangan o'zbek tilidagi yirik saytlari ham bor. Bu saytlarni o'z mablag'lari hisobidan yuritib kelmoqda.

Foto: KUN.UZ

Milliy tarix, adabiyot va qadriyatlarga bag'ishlangan saytlaringiz ham bor. Shular haqida ham to'xtalib o'tsangiz...

— Yoshligimdan dinimiz, tariximiz, adabiyotimizga nega g'ayrioddiy holda qiziqishim, bu mavzudagi deyarli barcha kitoblarni nega bunchalik qiziqish bilan o'qib o'rganishimni, vaqt o'tgandan so'ng tushundim. Alloh taolo bekorga mazkur ilmlarga qiziqishni dilimga solmagan ekan. Hammasi xizmat uchun juda kerakli bo'ldi. Tarix, adabiyot va oilaga oid maxsus loyihalarni ishga tushirdim. O'zbek tilida bunday veb-loyihalar yo'q edi.

Aksariyat odamlar bir kishi shuncha ishlarni qanday uddaladi ekan, deb hayron bo'ladi. O'zim ham hayron bo'laman. Ammo hamma gap yetimligimda bo'lsa kerak. Chunki o'zing uchun o'l yetim, deb hamma qatori emas, hammadan bir necha barobar ko'p ishlash kerak bo'ladi. Samara ham shunga yarasha bo'lsa kerak. Oradan bir necha yil o'tib, saytlarimiz tanildi, tan olindi. Kunlarning birida bir davrada saytlar haqida gap ochilganida, kimdir shunday saytlarni qilish uchun juda ko'p bilimli odamlar (jamoa) kerak, dedi. Hazrat o'shanda to'g'ri Islomdan bilimi bo'lmagan odam bunday sayt qila olmaydi, bu saytlarni Abu Muslimning o'zi qildi, o'zi to'ldirdi hamda u hozir sayt mudiridir, deb maqtagandi. So'nggi vaqtlarda sayt ishlari ko'lami oshgach juda ko'pchilik yordam beradigan bo'ldi. Ammo saytlarning texnik va kontenetlariga o'zim bosh-qosh edim.

Shuningdek, Abu Muslim O'zbekiston musulmonlari diniy idorasi, «Hidoyat» jurnali va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining veb-loyihalarini ishga tushirishda bevosita ishtirok etib, bu loyihalarni boshqargan.

Foto: KUN.UZ

Islom.uz’dan boshqa diniy saytlarni ham qilgan ekansiz-da?..

— Bundan 15 yil oldin. Shayx hazratlari Diniy idoraning internet saytini ishga tushirish kerak ekan. Siz bu ishning ustasisiz, bizdan yordam so'rab iltimos qilishyapti, shunga nima deysiz, dedilar. Men: «Siz nima desangiz, shu», dedim. So'ng, Diniy idoraning saytini ishga tushirish uchun ishga kirishib ketdim... Shu orada diniy idoradan shu joyda ishlang, barcha sharoitlarni qilib beramiz, degan taklif ham bo'ldi. Ko'nglim shayx hazratlari bilan bo'lgani bois, buning ilojisi yo'q edi. Idora saytini ishga tushirganimni ko'rib, boshqalar ham saytlarini ishga tushirib berishimni iltimos qila boshladi. Shogirdlar chiqardim.

Internet nashrlarida, gazeta va jurnallarda uning ijtimoiy-siyosiy mavzudagi mingdan oshiq maqola, tarjima va boshqa asarlari bor. «Bag'dodning qulashi», «Shaxsga sig'inish», «Qizil terror», «Yangi Dunyo», «Korruptsiya», «Missionerlar hamlasi», «Asrandi bola nolasi» va «Fitna» deb nomalangan kitoblarining muallifi hamdir. Bundan tashqari, Aflotunning «Parmenid» va Makiavvelining «Hukmdor» kitobini O'zbek tiliga tarjima qilgan. Adham Atajanov Internetdagi turli ijtimoiy tarmoq va forumlarning faol ishtirokchisi. “Feysbuk”dagi o'zbekistonlik eng mashhur blogerlardan.

Juda ko'p narsalar yozasiz, tarjima qilasiz va tayyorlaysiz. Hatto bizning saytda ham bir nechta tahliliy maqolalaringiz bor.

Ishim shuni taqozo qilgani bois ko'p xabar va maqolalar yozaman, asosan, tarjima qilaman. Yozgandan ko'ra, tarjima qilish qiyin. Chunki birovning narsasini xuddi o'zidek qilib yetkazish uchun mehnat qilish kerak. So'nggi 15 yil ichida yozilgan narsalar ham ko'payib ketgani uchun ularni kitob qilish oson bo'ldi. Boshlab qo'ygan ishlarim ham ko'p.

Bunday mutaxassislar Vatanimiz uchun bugun suv va havodek zarurdir. Vatanimiz uchun foydasi tegib kelayotgan, butun ongli hayotini O'zbekiston zaminida o'tkazayotgan, taqdirini shu aziz Vatan bilan bog'lagan bu kabi insonlarning nima uchun fuqarolik olishlari qiyin, degan savolni ochiq qoldiramiz...

Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi.