23:20 / 12.02.2018
76767

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga nimalar to‘sqinlik qilmoqda? Turkiyalik ekspertlar fikri

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatda turizmni rivojlantirishga katta e'tibor qaratib, tegishli qaror va farmonlarni imzolamoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bu yo‘lda tinmay harakat qilmoqda. Chet ellik sarmoyachi va ishbilarmonlar O‘zbekistonga kelib, bu yerda turizmni rivojlantirishga qo‘ldan kelganicha yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirishmoqda, biroq... biz bunga tayyormizmi? KUN.UZ muxbiri shu haqida so‘z yuritadi.

12 fevral kuni poytaxtdagi Wyndham mehmonxonasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan  Xalqaro Press-klub ko‘magida tashkil etilgan muhokamalar doirasida Turkiyaning Antaliya, Bursa, Izmir, Anqara, Ko‘niya, Qayseri viloyatlarining Madaniyat va turizm boshqarmalari boshliqlari, Istanbul shahar hokim o‘rinbosari, Turkiya sayohat agentliklari uyushmasi (TURSAB) vakillari va qator kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishdi hamda mamlakatimizning turistik salohiyatini yuqori baholashdi. Ular bugungi kundagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan holda, turizm rivoji yo‘lida g‘ov bo‘layotgan asosiy to‘siqlarga to‘xtalib o‘tishdi hamda ularni yengib o‘tishga doir maslahatlari bilan bo‘lishishdi.

Foto: KUN.UZ

Xo‘sh, turkiyalik ekspertlarning fikricha, bugungi kunda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga nimalar to‘sqinlik qilmoqda?

"O‘zbekiston havo yo‘llari" chiptalari narxlari yuqoriligi

Turizmni rivojlantirish uchun shu mamlakat parvozlarini amalga oshiruvchi samolyot chiptalari hamyonbop bo‘lishi kerak. Aks holda, mamlakat ichkarisida qanday harakat qilinmasin, tashqaridan sayyohlar O‘zbekistonga qanchalik intilmasin, chiptalar narxining yuqoriligi har qanday sayyohning yo‘lida katta to‘siq bo‘lib turaveradi. Turkiyalik ekspertlar havo yo‘llarida raqobatbardoshlik bo‘lishi kerakligiga ishora qilishdi. U yerda sayyohlar tayyor tursa-yu, bizda sharoitlar yetarli bo‘lmasa, bunaqasi ham ketmaydi.

Kerakli qonunlar ishlab chiqilishi

O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlovchi qonunlar ishlab chiqilishi kerak, deydi turkiyalik ekspertlardan biri. Shuningdek sohani qo‘llab-quvvatlash barobarida uni moliyalashtirish va uning manbalarini ta'minlash ham qonun bilan belgilanib qo‘yilishi kerakligi ta'kidlandi.

Hojatxonalar masalasini hal qilish

Har qancha ayanchli bo‘lmasin, mamlakatimizda bu masalaga shu kunga qadar jiddiy e'tibor qaratilmagan. Bundan avvalgi tadbirlarda ham yurtimizdagi hojatxonalarning tartibsizligi, ularning "hididan topib borilishi" haqida gapirilgan. Bu uyat bo‘lsa-da, bor muammo. Yurtimizga kelayotgan sayyohlar sonini oshirmoqchi ekanmiz, hatto shu kabi "mayda" jihatlarga ham e'tiborli bo‘lishimiz shart. Bunga har bir fuqaro mas'ul bo‘lishi kerak.

Yo‘l ko‘rsatkichlari

Bugungi kunda Samarqand va Buxoro kabi sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan joylarda yo‘l ko‘rsatkichlari mavjud. Biroq barcha joylarda ham bunday emas. Turkiyalik ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning barcha shaharlarida bir necha tilda (butun dunyo aholisiga tushunarli bo‘lishi uchun) yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatilishi kerak. Bu so‘zsiz sayyohlarga yengillik yaratadi.

Tezyurar poyezdlar

Sayyohlar oqimini oshirishda  nafaqat havo yo‘llari, balki tezyurar poyezdlar xizmatidan foydalanish ham katta foyda beradi. Shu munosabat bilan turkiyalik ekspertlar O‘zbekistonda tezyurar poyezdlar soni va yo‘nalishlarini oshirishni tavsiya qilishdi.

Bepul Wi-Fi xizmati

Turkiyalik ekspertlar O‘zbekiston hududida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda muammolar mavjudligi, aloqa ko‘ngildagidek emasligini qayd etishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, tarixiy obidalar hududida bepul Wi-Fi xizmati yo‘lga qo‘yilmagani bois, "bu go‘zalliklar bilan real vaqt rejimida bo‘lishishning iloji yo‘q". Zero  bugungi texnologiyalar taraqqiyoti davrida turizmni rivojlantirishda biror mamlakat haqidagi taassurotlar bilan bo‘lishishda internetning xizmati katta ekani sir emas. Bu yo‘nalishda davlat va xususiy sektor hamkorligi yaxshi natija beradi. Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi bunday hamkorlik uchun ochiq ekanini ta'kidlaydi, xususiy sektor vakillari biroz faollik ko‘rsatsalar bas.

Mehmonxonalar yetishmovchiligi

Turkiyalik ekspertlar muhokamalar doirasida bir narsaga e'tiborni qaratishdi - faqat 5 yulduzli emas, balki 3 va 4 yulduzli mehmonxonalarga katta e'tibor qaratish zarur. Zero, O‘zbekistonga keladigan sayyoh eng avvalo sayohati hamyonbop bo‘lishini istaydi. Keladigan sayyohlarning iqtisodiy imkoniyati ham turlicha bo‘ladi, shuning uchun O‘zbekistonda o‘rtacha talabga javob beradigan mehmonxonalarni ham ko‘paytirish zarur. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimi ko‘payaversa-yu, ularning joylashishi uchun qulay va hamyonbop joylar yetishmasa...

Infratuzilma bilan bog‘liq muammolar

Turkiyalik mutaxassislar O‘zbekiston ziyorat turizmi, tog‘ turizmi, ma'naviy-ma'rifiy turizm, ekoturizm, etnoturizm bo‘yicha katta salohiyatga ega ekanini ta'kidlagan holda, bu yo‘nalishlardagi turizmni rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yo‘lga qo‘yish kerakligini qayd etishdi.

Foto: KUN.UZ

Bank xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining kamligi

Ana shunday shoxobchalar viloyat, shahar, tuman miqyosida ko‘paytirilganda bugungi kunda O‘zbekiston g‘aznasiga tushayotgan pullar bundan-da ko‘p bo‘lardi. Masalan, Turkiyada birgina ko‘chaning o‘zida bir necha bankomat xizmat ko‘rsatadi. U yerda hech qanday ovoragarchiliksiz pullarni bemalol almashtirish mumkin. O‘zbekistonda ham bankomatlar ko‘paytirilishi kerak.

Tashkiliy masalalar

Bir davlatning rivojlanishi va muayyan marraga yetib borishi uchun mukammal reja tuzish kerak, deydi turkiyalik ekspertlar. Rejalashtirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymay turib, rivojlanib bo‘lmaydi. Rejalashtirishda uch yo‘nalishga e'tibor qaratish zarur: infratuzilmani yaxshilash, qurilish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va tarixiy obektlar targ‘iboti. Shunday ekan, tashkiliy masalalarda xato qilmaslik muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bugungi muhokamalar doirasi O‘zbekistonning turizm yo‘nalishida qiladigan ishlari hali ko‘pligini ko‘rsatdi. Bunda nafaqat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, balki yurtimizdagi barcha idora va tashkilotlar, viloyat hokimliklari, davlat va xususiy sektor, shu bilan birga barcha fuqarolar hamjihatlikda, bir tizim asosida ishlashi kerak, mehnat qilish kerak. Tizimli faoliyatni qancha tez yo‘lga qo‘ysak, sohada shuncha tez rivojlanish seziladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Facebook-sahifasi

Top