15:31 / 13.02.2018
14566

Abdulaziz Komilov Buxoro yahudiylarining Butunjahon kongressi prezidenti bilan uchrashdi

Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatga tashrif buyurgan Buxoro yahudiylarining Butunjahon kongressi (BYaBK) prezidenti, taniqli tadbirkor va jamoat arbobi Lev Levayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Delegatsiya tarkibidan AQSh va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi raisi Boris Kandov, Rossiya Buxoro yahudiylari kongressi raisi Yakov Leviyev hamda boshqalar o‘rin olgan.

Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekiston va BYaBK o‘rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, xalqlarning o‘zaro hamkorligi uzoq tarixga ega bo‘lib, ko‘p asrlar ilgari hozirgi O‘zbekiston hududida yahudiy jamoalari paydo bo‘lgan davrga borib taqaladi. Asrlar davomida Buxoro yahudiylari tinchlik va totuvlikda yashab, o‘zbek zaminida o‘z vatanlarini topdilar.

Isroil, AQSh va boshqa mamlakatlarda istiqomat qilayotgan asli o‘zbekistonlik yahudiylar mamlakat bilan aloqalarini uzmasdan, o‘zbek xalqiga samimiy va chuqur hurmat hissini saqlayotganligi O‘zbekistonda yuqori baholanadi. Bu esa o‘z navbatida xalqlar farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil mustahkamlash va aloqalarni kengaytirish imkonini yaratadi.

Turli darajalardagi o‘zaro almashinuvlarga doir masalalarni muhokama qilish chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyevning 12 fevralda kuchga kirgan farmoniga muvofiq Isroil fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz kirish to‘g‘risidagi nizomini BYaBK delegatsiyasi mamnuniyat bilan qayd etdi. Isroilda 100 mingdan ortiq asli o‘zbekistonlik yahudiylar istiqomat qiladi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Top