Join KUN.UZ Telegram kanaliga qo‘shiling va eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling! A'zo bo'lish
x
Islom Karimovning BMT Bosh Assambleyasida so'zlagan birinchi nutqi nima haqida bo'lgandi? (foto)
09:25 / 13.02.2018
65110

Islom Karimov Fondining Facebook’dagi sahifasida O'zbekistonning eng yangi tarixiga oid muhim ma`lumotlar e`lon qilib borilmoqda. Endi mustaqil O'zbekiston prezidentining Nyu Yorkda 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasida so'zlagan birinchi nutqi xususida ma`lumotlar berildi.

Foto: Facebook/Karimov Fondi

“Sovet ittifoqi qo'shinlari Afg'onistondan 1989 yil olib chiqilganidan so'ng hamda bir necha yil o'tib Prezident Muhammad Najibullo davlat boshqaruvidan ketgandan keyin, ko'p yillik fuqarolik urishidan azob chekib kelayotgan mamlakatda xavfli hokimiyat bo'shlig'i yuzaga keldi. 1990 yillarda tobora radikal ruhdagi jangovarlar qarorgohiga aylanib borayotgan Afg'onistondagi o'ta xavfli vaziyatga jahon hamjamiyati deyarli e`tiborsizlik ila ko'z yumgan edi. O'sha yillari, Afg'onistonga doir vaziyat hattoki xalqaro yangiliklardan o'rin olmasdi desak hech mubolag'a bo'lmaydi. O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov uchun, ko'p millionlik Afg'onistonda tobora kuchayib borayotgan ziddiyatlar birgina davlat chegaralari bilan cheklanib qolmasligi kunday ayon edi. Aynan Islom Karimov 1993-yil Birlashgan millatlar tashkilotidagi o'zining birinchi chiqishida, butun dunyoni Afg'onistonda paydo bo'layotgan xalqaro terrorizm va diniy ekstremizm haqida ogohlantirgan edi. O'sha yillar O'zbekiston bir asr vaqtdan so'ng endigina ozod bo'lib, o'z mustaqilligiga erishgan damlar edi. 

Foto: Facebook/Karimov Fondi

O'z rivojlanish yo'lidagi yosh va mustaqil davlatning xavfsizligi jiddiy tahdidlariga duch keldi. Prezident Karimov qo'shni Afg'oniston va Tojikistonda avj olib borayotgan siyosiy beqarorlik bizning mamlakatimiz uchun eng xavfli tahdidlardan biri ekanligini yaqqol ko'rib turardi. Bu esa o'z navbatida, ushbu tahdid O'rta Osiyoning eng aholi zich joylashgan respublikasi - yosh O'zbekiston hududiga osonlik bilan o'tishi mumkinligini bildirardi. O'sha damda, Prezident Islom Karimov BMTning yuqori minbaridan so'zga chiqar ekan, butun dunyo hamjamiyatiga, afg'on muammosiga beparvolik bilan yondashish, kelajakda insoniyatni misli ko'rilmagan oqibatlar bilan to'qnashtirishi mumkinligini ta`kidlab o'tgan edi. “Mintaqamizning o'ziga xos xususiyati, uning geosiyosiy o'rnidan kelib chiqqan holda shuni aytish joizki, hodisalarning salbiy tus olishi, mintaqaning dunyodagi “ulkan beqarorlik omiliga” aylanishiga turtki bo'lishi mumkin” - deya ta`kidlagan edi Karimov BMT Bosh Assambleyasining 48 sessiyasida. 

Foto: Facebook/Karimov Fondi

Shu o'rinda aytib o'tish kerakki, Islom Karimovning ushbu nutqi Afg'onistonga Tolibonlar tuzumi kelishidan 3 yil avval so'zlangan edi. “Ushbu mintaqadagi notinchlik va to'qnashuvlar, ulkan ko'lamdagi fojialarga olib kelishi mumkin... Shuningdek, aynan ziddiyat maydonida g'oyat katta miqdordagi qurol-aslahalarning nazoratsiz holatda to'plana borayotgani bizni yanada xavotirga soladi. Ushbu qurollar qanday qilib ekstremist va terroristlar qo'liga tushyapti? Ushbu qurol oqimining Afg'onistonga yetkazib berilishini oldini olish uchun jahon hamjamiyati nima qilmoqda hamda qanday yo'l tutishi kerak? Millionlab insonlar hayoti va xalqlar taqdirini belgilovchi ushbu savollar hozirda o'z yechimini kutyapti”. - deya ta`kidlagan edi Karimov. 

“...... Ushbu ziddiyatning qay darajada muhimligi va ko'lami, uning butun jahonni qanday falokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini biz hali to'la - to'kis anglaganimiz yo'q”. 

Afsuski, sakkiz yildan so'ng 2001 yilning 11 sentabrida, O'zbekiston birinchi Prezidentining ushbu so'zlari naqadar haqiqat bo'lganligini ko'pchilik anglab yetdi”.

Top