12:07 / 13.02.2018
11131

Koreya moliyaviy tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan mablag‘lar umumiy hajmi ma'lum qilindi

Foto: REX

13 fevral kuni Xalqaro biznes markazda iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha birinchi O‘zbekiston-Koreya yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar berdi.
  
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Azim Ahmadxo‘jayevning yig‘ilishda ma'lum qilishicha, Koreya Respublikasi moliyaviy tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan mablag‘larning umumiy hajmi 2,5 mlrd dollardan ortiqni tashkil etdi. 

«Biz moliyaviy-texnik hamkorlik yanada kengaytirilishidan manfaatdormiz. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati o‘rtasida Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi kreditlariga nisbatan Hadli shartnoma doirasidagi loyihalarni amalga oshirish va 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan davrda rivojlanish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi, zamonaviy ko‘p tarmoqli va yuqori ixtisoslashgan tibbiyot markazini tashkil etish loyihalarni ko‘rib chiqiladi», - deya aytib o‘tdi u.

Bundan tashqari, tomonlar Toshkentda Koreya zamonaviy texnologiya instituti bilan hamkorlikda o‘quv-amaliy to‘qimachilik Texnoparkini, O‘zbekiston-Koreya biznes markazini tashkil etish, O‘zbekiston Koreya madaniyati va san'ati uyini ochish bo‘yicha loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishadi.

Top