08:33 / 15.02.2018
25442

Ramzan Qodirov kriptovalyutaning halol-haromligi bo‘yicha xulosalar bilan bo‘lishdi

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov kriptovalyutalarning halolligi yoki haromligi masalasi bugungi kunda uning mamlakat iqtisodiy holatiga ta'sirining turfaligi sababli hal qilinmaganini ma'lum qildi.   

Avvalroq Qodirov bitkoin sotib olish va kriptovalyutaning rivojlanishi ortidan kuzatish istagini bildirgandi.

“Checheniston muftiysi Saloh-Hoji Majiyev tomondan chaqirtirilgan kengash bunday jiddiy masala bo‘yicha qaror chiqarish uchun har bir olingan davlatning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olish kerakligi haqidagi xulosaga keldi. Saloh-Hoji Majiyevning aytishicha, agar kriptovalyuta davlatning siyosati, iqtisodiyoti va moliyaviy holatiga zarar yetkazsa, biz uni harom deyishimiz kerak. Hozircha Rossiyada kriptovalyutaning halol yoki haromligi haqida xulosa chiqarishga asoslar yo‘q”, deb yozgan Qodirov Telegram-kanalida.

Uning ma'lum qilishicha, Majiyev boshchiligidagi islom ulamolari kriptovalyuta bilan bog‘liq masalalarni o‘rganib, uni muhokama qilishgan. Qodirovning ta'kidlashicha, kriptovalyuta davlatdagi iqtisodiy vaziyatga qanday ta'sir qilishi, u davlatga foyda yoki zararligini aniqlash kerak. “Salbiy javob olinsagina, shariat bo‘yicha undan foydalanishni taqiqlash yuzasidan qaror chiqarish mumkin”, deb aytgan Qodirov.

Qodirovning aytishicha, Misr va Falastinda kriptovalyutalarning taqiqlanishi haqidagi fatvo “boshqa musulmon davlatlarni hech narsaga majburlamaydi”.

“Bu holat ushbu pullarga (kriptovalyuta) xarid, savdo, o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshira olishimizni anglatadimi? Agar buning imkoni bo‘lsa, biz kriptovalyuta halol degan qarorga kelamiz. Agar u qandaydir moliyaviy piramida bo‘lsa, unda u yaqqol taqiqlangan narsa ekanligi ko‘rinadi va biz bu haqda rasman ma'lum qilamiz”, deb Majiyevning so‘zlarini keltirib o‘tgan Qodirov.

“Bir necha kun avval men tajriba sifatida biror summadagi kriptovalyutani sotib olish istagini bildirgandim. Hozircha uni sotib olmadim. Biroq asosiy maqsadga erishdim – islom ulamolarining bu muhim masalaga e'tiborini qaratdim”, deb qo‘shimcha qilgan Qodirov.

Top