08:18 / 15.02.2018
6900
JAR prezidenti iste'foga ketishini e'lon qildi  
Foto: euronews

Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti, 75 yoshli Jyeykob Zuma millatga murojaatida uning lavozimidan olinishi masalasini hukmron partiya emas, balki parlament hal qilishi kerakligini aytgan, biroq nutqi oxirida o‘z lavozimidan “darhol” ketishini e'lon qilgan.

“Men ishonchsizlik bildirilishi yoki impichmentdan qo‘rqmayman”, deb aytgan Zuma dastlab telemurojaatida.

Biroq 30 daqiqalik nutqi oxirida o‘z lavozimidan darhol ketishini ma'lum qilgan. 

Avvalroq mamlakatning hukmron partiyasi “Afrika milliy kongressi” Zumaga iste'foga ketishiga 48 soat berishga qaror qilgan. Partiya rahbariyati prezidentdan javob olmagach, Zumaga ishonchsizlik bildirilishi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazishini va uning o‘rniga partiya yetakchisi va o‘rinbosari Siril Ramafosani tayinlashini aytgan.

Oxirgi vaqtda partiya davlat mulki sarflanib yuborilishi atrofidagi mojaro sababli muxolifatning bosimini his qilmoqda. Zuma o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va barcha pul operatsiyalari ortidan hukumatning maxsus xizmatlari kuzatuv olib borganini ta'kidlagan.

Zumaning prezidentlik muddati 2019 yilda yakunlanishi kerak edi.

Zumaning vazifalarini vitse-prezident Ramafosa bajarib turadi. U 15 yoki 16 fevralda prezident qasamyodini keltirishi mumkin.

Mavzuga oid
Top