08:55 / 17.02.2018
14155

Kiyevdagi supermarketga 15 yildan beri yolg‘iz ayol kelib, kitoblar o‘qiydi

Kiyevdagi supermarketlardan biriga 15 yildan beri keksa yoshli ayol kelib, kitoblar o‘qiydi. Bu haqda Kiyevda istiqomat qiluvchi Bogdan Gdal Facebook’dagi sahifasida yozgan.

Yigitning aytishicha, Kiyevdagi «Magelan» SKMda joylashgan supermarket o‘z nomini bir necha marta o‘zgartirgan: avvaliga «Strana», so‘ng «Karavan», endi esa «Ashan». Faqat keksa yoshli ayol hamon o‘sha-o‘sha: kitob bo‘limida turib, badiiy asarlarni mutolaa qiladi.

Foto: Facebook/Bogdan Gdal

«Men uni gipermarket timsoli deb atagan bo‘lardim. Uning yoniga kelib: “Sizni ko‘p ko‘raman”, dedim. U esa “Uyda qiladigan ishim yo‘q. Hayot og‘ir”, deb javob qaytardi. So‘ng uyalib, chiqib ketdi. Uni cho‘chitib qo‘yganimdan achindim. Faqatgina ismi Anastasiya ekanini bilib oldim. Endi e'tibor qaratmayman. Mayli, o‘qiyversin», - deya yozdi Bogdan.

Foto: Facebook/Bogdan Gdal

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan ko‘pchiligi ham uni yaxshi bilishar ekan:

«Yaxshi, xotirjam ayol. Men ham ko‘p uchrataman uni, hech qachon hech kimdan hech narsa so‘ramaydi. Achinaman, har doim yolg‘iz».

Ba'zilar esa bir qancha vaqt muqaddam olingan fotosuratni e'lon qilishdi.

Foydalanuvchilar o‘z izohlarida «Ashan» xodimlaridan keksa yoshli ayolga stul qo‘yib berishni iltimos qilishdi, shuningdek, ayolning mushkul hayoti haqida gapirib berishdi.

Supermarket ma'muriyati keksa yoshli ayol haqidagi postga tez reaksiya bildirdi va kitob bo‘limi oldida yumshoq divanchani o‘rnatib berdi.

«Biz ajoyib g‘oyani ma'qulladik va kitob o‘qish uchun kichik zonani tashkil etdik. Pani Anastasiya bugun ham keldi mutolaa uchun yangi joyga o‘rganmoqda», - deya yozishgan savdo tarmog‘i vakillari postga qoldirilgan izohda.

Foto: Facebook/Bogdan Gdal

 

Mavzuga oid
Top