12:56 / 19.02.2018
7816

Yanvar oyida necha so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgani ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning yanvar oyida respublikada 1966,4 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilib, o‘sish sur'ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 93,9%ni tashkil etdi va 2016 yilning yanvar oyiga nisbatan 8,2 % punktga kamaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlarida aytiladi.

Shuningdek, yirik pudrat tashkilotlari tomonidan qurilish ishlari hajmi 297,3 mlrd.so‘mni yoki 64,2%ni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27,7% punktga kamaydi. Joriy davrda respublikaning aksariyat hududlarida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yirik qurilish pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini kamayishi kuzatildi.

Qurilish hajmining eng yuqori darajasi quyidagi hududlarda kuzatildi:

- Navoiy viloyatida (107,7 mlrd so‘m yoki 116,0%) - «Amudaryo-Zarafshon» suv quvurining uchinchi liniyasi nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish, «Ko‘kpatas» va «Daugiztau» konlarini qazib olish texnologiyasini takomillashtirish hisobidan qurish;

- Toshkent shahrida (453,6 mlrd so‘m yoki 113,4%) - ko‘prik va Yunusobod metro liniyasi qurilishi, Toshkentda temir yo‘l halqasining qurilishi, Toshkent pedagogika institutini rekonstruksiya qilish, 2-aeroportni rekonstruksiya qilish, milliy bog‘ni rekonstruksiya qilish;

- Namangan viloyatida (108,9 mlrd so‘m yoki 106,5%) - Chust va Uychi tumanlarida ko‘prik qurilishi, Norin daryosi hududida avtomobil yo‘llarini kapital ta'mirlash va ko‘prik qurilishi hisobiga amalga oshirildi.

Shu bilan birga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qurilish ishlari hajmining kamayishi Buxoro viloyatida - 95,3% (170,1 mlrd so‘m), Xorazm viloyatida - 96,1% (82,0 mlrd so‘m) qayd etildi.

Hududlar kesimida qurilish ishlarining katta qismi Toshkent shahrida bajarilgan bo‘lib, respublikada bajarilgan jami qurilish ishlarining 23,1%ini tashkil etdi, Buxoro viloyatida bajarilgan qurilish ishlari esa 8,6%ni, Samarqand viloyatida 8,4%, Farg‘ona viloyatida 8,3% va Qashqadaryo viloyatida 8,1%ni tashkil etdi.

Respublikada amalga oshirilgan qurilish ishlari hajmidagi ulushi bo‘yicha past ko‘rsatkichlar: Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich eng past 1,9%ni tashkil etdi. Shuningdek, Jizzax va Xorazm viloyatlarida ushbu ko‘rsatkich 4,2%ni tashkil etgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4,6%ni tashkil etgan.

Qurilish ishlari mavsumining boshlanishi bilan hududlarda bajariladigan qurilish ishlarining hajmi ortib, ularning respublikadagi ulushi ham o‘zgarib boradi.

Hududiy qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan 2018 yil yanvar oyida 1113,0 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, umumiy qurilish ishlari hajmining 56,6%ni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102,8%ni tashkil qildi.

Hududiy qurilish-pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish hajmining eng yuqori darajasi Qashqadaryo (99,8 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,4%), Surxondaryo (mos ravishda, 65,1 mlrd so‘m yoki 114,4%), Jizzax (49,2 mlrd so‘m yoki 107,9%) va Namangan (75,4 mlrd so‘m yoki 107,4%) viloyatlarida kuzatildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qurilish ishlarining asosiy qismi qurilish loyihalarini ishlab chiqish, turar joy va yashash uchun mo‘ljallangan binolar qurish hamda yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bo‘yicha amalga oshirilgan qurilish ishlaridan tashkil topdi. Fuqarolik obektlari qurilishi va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hajmi ham o‘tgan yilga nisbatan ko‘paygan.

Mavzuga oid
Top