20:55 / 19.02.2018
13475
Buxoroda ilk marta sayyohlar uchun elektromobillar xizmati yo‘lga qo‘yildi

Buxoroda elektromobillar xizmati yo‘lga qo‘yildi, ilk ikki avtomobil shaharga olib kelinib, ishga tushirildi. Yaqin vaqt ichida yana kamida 10 elektromobil xarid qilish rejalashtirilmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.

Foto: uzbektourism.uz

Elektromobillar eski shaharning yengil avtomobillar kirishi taqiqlangan joylarida piyoda sayr qilishning qulay muqobiliga aylanadi. Sayyohlarda eng ko‘p qiziqish uyg‘otuvchi yo‘nalishlar bo‘yicha turistik marshrut ishlab chiqilgan - u Labi Hovuzdan boshlanib, Toqi Sarafon, Toqi Zargaron va Poyi Kalon bo‘ylab o‘tib, Ark qal'asi yonida tugaydi. 

Samarqand va Shahrisabzda bunday loyihalar ishga tushirilgan va xizmat ko‘rsatmoqda.

Elektromobillar mahalliy xalq va sayyohlar orasida tez taniladi, boz ustiga, ular ekologik jihatdan xavfsiz. SamDU professori A.Rahmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, shaharlar havosidagi iflosliklarning 75-80 foizi aynan avtomobillar gazlariga to‘g‘ri keladi. Elektrokarlar xizmat ko‘rsatuvchi hududlarda havo gazlardan ifloslanmaydi va bu u yerda sayr qilishni yoqimli va xavfsiz qiladi, shu bilan birga tarixiy va arxeologik obidalarga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. 

Foto: uzbektourism.uz

 

Top