23:20 / 20.02.2018
56748
Beshariqning yechimini kutayotgan besh muammosi

Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidan: “Bizni hududga ham bir kelib ketinglar. Zora to‘plangan muammolarimiz yechim topsa...” deya qilingan iltimosnoma bizni befarq qoldirmadi.

Darhaqiqat, 215 ming nafardan ziyod  aholi istiqomat qiladigan tumanda amalga oshirilishi lozim bo‘lsada paysalga solinayotgan ishlar bir talay ekan.

Beshariqqa borgach, shuni angladikki, muammolarning barini bir maqolaga joylashning imkoni yo‘q. Shuning uchun aholi uchun eng dolzarb bo‘lgan besh muammoga to‘xtalishga qaror qildik.

Beshariq bozori qaydadur...

Qadimdan: “Yurt farovonligini bilmoqchi bo‘lsang, uning bozoriga bor” deyishgan.

2012 yili Beshariq hokimligi hukumatimizning tegishli qarorlariga “labbay” deya javob berib, tuman markaziga aholini turmushida kerak bo‘lgan barcha turdagi mahsulotlar bilan savdo qiluvchi bozorlarni bir joyga ko‘chirishga bel bog‘laydi.

Fuqarolar kelib-ketishiga qulay bo‘lgan hudud  - Do‘stlik ko‘chasidan joy tanlanib, kiyim-bosh, xo‘jalik mollari, yog‘och va boshqa qurilish mahsulotlari bilan savdo qiluvchi, zamonaviy ko‘rinishdagi bozorlar quriladi.

Bu vaqtgacha aholi barcha turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini Yo.Abdullayev va I.Buxoriy ko‘chasi kesishmasida joylashgan “Dehqon bozori”dan savdo qilib olar edi.

2014 yili Do‘stlik ko‘chasida “Turon sanoat-savdo kompleksi” AJ ixtiyoridagi 210ta turg‘un savdo shoxobchasi, 50ta mavsumiy savdo rastalariga ega, ustav fondi 6 milliard so‘m bo‘lgan bozor 2,5 gektar joyda qad rostlaydi. “Yangi bozor”ga bir guruh tadbirkorlar yaxshi niyatda faoliyat yuritish uchun ko‘chib o‘tadi. Buyum bozori yonida qurilish mollari bilan savdo qiluvchi “Beshariq qurilish savdo” jamiyatiga qarashli bozor ham ishga tushadi.

Mazkur savdo majmualarida tegishli hujjatlar asosida ish yuritadigan, mahalliy byudjyetga vaqtida barcha to‘lovlarni amalga oshiradigan tadbirkorlar faoliyatini boshlaydi.

Biroq, tuman hokimligi va Davlat soliq inspeksiyasi “Dehqon bozori”dan “Yangi bozor”ga tadbirkorlarni jalb qilishga juda ham bosh qotiravermaydi. Aholi eski joyga o‘rganganligi uchun “Dehqon bozori”ga boraveradi. Barcha soliqlar to‘lab, me'yoriy hujjatlar asosida “Turon sanoat-savdo” bozorida ish olib borayotgan tadbirkorlarning borgan sari fig‘oni falakka chiqaveradi. Murojaatlar besamar, arizalar ijrosiz qoladi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Tuman markazi Yo.Abdullayev ko‘chasidagi “Dehqon bozori”ga borganimizda, umuman savdo qilish uchun hech qanday sharoit bo‘lmagan joyda, juda gavjum bozor yurayotganiga guvoh bo‘ldik. “Dehqon bozori” 2018 yilda qayta ta'mirlanishga tushgani uchun buzilish va savdo aralashib yotibdi. Ko‘chada, hech qanday sharoitsiz yerlarda savdo ketmoqda. Harakatdagi ko‘cha haftaning payshanba va yakshanba kunlari to‘sib olinadi. Bu holat ko‘chada joylashgan ta'lim muasassalari tarbiyalanuvchilariga ham katta noqulaylik tug‘dirimoqda. Sanitariya holati to‘g‘risida esa gapirishni keragi yo‘q. Xavfsizlik qoidalariga umuman javob bermaydigan mazkur bozorda savdo “gullab, yashnayotir”.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Barcha sharoitlarga ega “Turon sanoat savdo” bozori esa kimsasiz. Bu yerdagi faoliyatini  qonuniy yo‘lga qo‘ygan savdogarlarning bildirishicha, gavjum Dehqon bozorida savdo qilish ma'lum bir “tadbirkorlar” toifasi uchun juda qulay.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Oylik to‘lov, soliq to‘lash yo‘q. Faqat kunlik pattani pulga olib, savdo qilaverasiz. 

Mahalla ahli va “Yangi bozor”da qoidaga muvofiq ish olib borayotgan tadbirkorlar bu borada murojaat qilmagan joyi qolmagan.

Tuman hokimligi va soliq inspeksiyasi shu kungacha mahalliy byudjyetga foyda keltirayotgan bozorni rivojlantirish o‘rniga, tartibsiz bozordagi savdogarlarga sharoit yaratib kelmoqda.

Qiziq, mahalliy byudjyetni to‘ldirmaslikka urinishdan kim manfaatdor ekan-a?

Tadbirkorlarning turli idoralarga yozgan murojaatlari bir to‘plam bo‘lgan. Ularning dardlarini tasvirga ham tushirdik.

Bolam, Ropqonda 450 gektarlik bog‘ qurimoqda..

72 yoshni qoralagan Rustamjon ota Toshmatov qo‘ng‘iroq qiladi: “Bolam, keling. Ropqonning Adirobodida 450 gektar bog‘ quriyapti. Yana shunchasi qurish xavfi ostida qolgan!”

Yurtimizda, Ropqon qishlog‘ini, unda bitgan eng sara o‘riklarni bilmagan kishining o‘zi kam bo‘lsa kerak. Jannatmonand joylar. Kishilari mehnatkash, bog‘ ilmining haqiqiy ustalari.

Adir hududiga joylashgan qishloqda 3500 gektar bog‘ bor. Shundan 1000 gektari Adirobodda. Adirobod degani bu - Ropqonning yuqori qismi. Inson qo‘li gul. Toshloq, adirlik joyda bog‘larni ko‘kartirgan insonlarga ta'zim qilib rahmat aytging keladi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

 Ming afsuski, mashaqqatli mehnatlar evaziga bunyod etilgan o‘rikzorlarning 450 gektari suvsizlikdan qurib qolibdi. Yana qanaqa navli o‘riklar qurigan, bilasizmi? “Subhoni”, “Oq qantak”, “Limonka”, “Lola” va o‘sha Toshkent bozorlarida kilosi 50 ming so‘mga chiqqan “Iris” navlari. Eksportbop, butun dunyo og‘zi tegadigan o‘riklar.  

1981 yili toshloq, giyoh unmas joyda tashkil etilgan Adirobod bog‘lariga Qashqar qishlog‘idagi Ropqon1 nasos stansiyasi Katta Farg‘ona kanalidan ikki metr balandlikka suv tortib chiqarib beradi. Besh yildan beri nasoslar eskirib, ta'mirtalab holga kelgach, o‘riklar sug‘orilmay qolib keta boshladi.

Ma'lumot uchun aytib ketaylik. Toshloq joyda o‘rik har o‘n besh kunda suv ichmasa quriy boshlaydi.

5 ming kishini ish va daromad bilan ta'minlab turgan, davlatga har gektaridan 1 milliondan soliq to‘lanadigan 450 gektar yerdagi bog‘ o‘riklarini qayta o‘stirish uchun yana qancha yillar kerak!  96ta bog‘dorchilik xo‘jaliklari boshi qotib, turli idoralarga murojaat qila-qila shuncha mevani boy berishdi. Qishloq yoshlari bog‘lar qurigach, Rossiya va boshqa joylarga ish izlab chiqishga majbur bo‘lgani esa alohida mavzu.       

“Bog‘larga qarab, yig‘lagim keladi, o‘g‘lim. Shuncha mehnat uvol. Bormagan, arz qilmagan joyimiz qolmadi. Chiroqning tinimsiz o‘chishi nasoslarni ishdan chiqardi. Viloyat hokimligi, tuman hokimligi boshqa joylarga necha bora arz qildik. Foydasi bo‘lmayapti. Nahotki, nasos stansiyasini ishlatib, shuncha odamni ishli qilish, bog‘ni gullatish kerak emas?”, deydi Rustamjon ota.

Adiroboddagi qarovsiz bo‘lib ketgan agrofirma devoriga: “Yaxshidan bog‘ qoladi” deb yozilgan ekan. Naqadar kerakli hikmat.

Ota bilan qo‘ng‘iroqlashganimizda xayrlashayotib: “Hali qurimagan o‘riklar guliga qadar ikki marta suv ichmasa, hosildan umid yo‘q” deya zorlanib qo‘ydi...

5 sotix joy ololmayotgan tadbirkor

Navbatdagi muammoli holat ham Ropqon qishlog‘ilik tadbirkor yigitga taalluqli. Nodirbek Nizomiddinov 2014 yili qishlog‘idan chiqadigan buloq suvining tarkibini laboratoriyada tahlil qildiradi. Mutaxassislar suving tarkibida 27 xil ma'danlar borligini aniqlashadi. Yosh tadbirkor chet eldan 16 ming AQSh dollariga suv qadoqlash texnologiyasini olib keladi. Uning maqsadi aniq edi. Ma'danli suvni qadoqlashni yo‘lga qo‘ysa, 16 kishi ish bilan ta'minlanib, daromadga kiradi. Mahalliy byudjyetga ham foyda.

Loyihani ishga tushirish uchun tadbirkor 2014 yili yaxshi niyatlar bilan o‘sha suv otilib chiqayotgan dala joydan atigi  5 sotix yerni so‘rab, hokimiyatga murojaat qiladi. Ana shunda yosh yigit niyatlari puch ekanini bildi. Nodirbek loyihasining tumanga umuman keragi yo‘q ekan Turli vaj-karsonlar bilan uni ko‘p yillar rosa yugurtirishdi. Dastgohlar esa qorong‘i xonada changga botib yotibdi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

 O‘sha drenajdan suv otilib chiqayotgan joyga borib, holat bilan tanishdik. Buloq atrofi chiqindiga to‘lgan. Otilib chiqayotgan ma'danli suv avtomobil yuvishga ishlatilmoqda. Rahmingiz keladi. 5 sotix joy 15 nafar yoshni chet elga ishlagani borishdan saqlashi mumkin edi.

Tadbirkorning hafsalasi pir bo‘lgan. “Aka, baribir natija bo‘lmasa kerak?” degan gapi yurakka og‘ir botdi.

Bir tadbirkor kredit so‘ramay, o‘z hisobidan dastgoh olib kelib, korxona qurmoqchi bo‘lsa-yu, hech kim yordam bermasa?  Uni ishlari albatta yurishib ketishiga ishontirishga harakat qildik.

Yana ikki muammo..

Maqolam cho‘zilib ketdi. Shuning uchun Beshariq tuman  markazidagi “Umar ibn Abdulaziz” jome masjidi hududdagi noqonuniy qurilish mollari tufayli changga botgani, hududda yashayotgan aholi salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani va bu holatni viloyat hokimligi ishchi guruhi o‘rganib chiqib, 2014 yili tuman hokimligiga chora ko‘rishni yuklasada, ish bajarilmayotganiga qisqacha to‘xtalamiz.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Yana bir muammo esa, tumanda namunali kushxona qurilishi paysalga solinayotgani bilan bog‘liq. 

Tuman hokimligida...

Beshariqdagi murojaatlarning beshtasini o‘rganib chiqqach, ushbu muammolardan mutasaddilar qay daraja xabardor ekanligini bilish maqsadida tuman hokimligiga bordik.

Bizni tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jahongir Begmatov va tuman soliq inspeksiyasi rahbari Alisher Saksonboyev qabul qilishdi. Har ikki mutasaddi biz o‘rgangan muammolardan xabardor ekanligini bildirib, ularni bartaraf qilishga harakat olib borilayotganini bildirishdi.

Soliq idorasi rahbariga bozor muammosi haqida berilgan savolimiz umuman ochiq qoldi. Mutasaddidan qonuniy yo‘l bilan tadbirkorlikni amalga oshirib, do‘koniga kassa apparati o‘rnatib, turli soliqlarni vaqtida to‘lab, mahalliy byudjyetni to‘ldirayotgan tadbirkorlar o‘zlarini himoya qilishlarini so‘rayotganini yetkazdik.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Tumanda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, bog‘dorchilikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muammolar mavjud.

Beshariq tumani 57 foiz subventsiyada o‘tirar ekan. (Ma'lumot o‘rnida: Subventsiya - maqsadli sarflash sharti bilan yuqori byudjyetdan quyi byudjyetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag‘i). Tuman o‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta'minlashi uchun esa tadbirkorlikni rivojlantirishi va soliq bazasini kengaytirishi lozim.  

Yuqoridagi barcha muammolar esa aynan shu maqsadlarni o‘z ichiga oladi. Beshariq tumanining salohiyati esa juda yuqori.

Biz bu mavzuga bir haftadan keyin yana qaytamiz.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top