16:21 / 20.02.2018
32178

«CheL Klassiko»: Nimchorak finalning eng qiziqarli to‘qnashuvi oldidan

«Real» ham, «PSJ» ham xafa bo‘lmasin-u, ushbu mavsum nimchorak final o‘yinlarining markaziy o‘yini aynan bugun bo‘lib o‘tadi. Albatta, tilga olingan juftlik ham tarkib va salohiyat, turnirda g‘alaba qozonish ambitsiyalari bo‘yicha bugungilarni ortda qoldirar bo‘lishi mumkin, ammo «Chelsi» va «Barselona» YeChLning klassikasi hisoblanadi.

Bu yerda shunchaki, top-yulduzlarning ikki tomonga bo‘linib bahslashishini emas, farqli uslub, farqli g‘oya va yo‘nalishlarning o‘zaro to‘qnashuviga guvoh bo‘lishimiz, uchrashuvlarni qisqa bo‘lsa-da, futbol olamini ikkiga bo‘la olgan tarixiy o‘yinlarning davomi o‘laroq qabul qilishimiz mumkin. 

O‘YINLAR TARIXI
Ko‘pchilik eslay olmasligi mumkin, jamoalarning Yevropadagi eng muhim turnirdagi dastlabki to‘qnashuvlari 1999/2000 mavsumining chorak finalida ro‘y bergandi. U paytlar Abramovich hali «Chelsi»ni sotib olmagan, shunday bo‘lsa-da, Desayi, Desham, Dzola, Flu, Di Matteo, Petresku kabi futbolchilar bilan «Chelsi» chorak finalgacha yetib boradi va dastlabki o‘yinda «Barselona»ni 3:1 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ladi.

Javob o‘yini juda qiziqarli o‘tgan. Kataloniyaliklar o‘yin tugashiga atigi 7 daqiqa qolganda umumiy hisobni tenglashtirishadi, 87-daqiqada esa, Rivaldo penaltini bajara olmaydi. Braziliyalik yulduz qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisida aybini yuvib, to‘rtinchi golni uradi. Klyuyvertning 104-daqiqadagi goli barcha masalaga nuqta qo‘yadi.

Keyingi o‘yinlarni eslaymiz: Abramovich va Mourinoning yangi «Chelsi»si, Ronaldinoning supergoli, Messiga ishlatilgan qo‘pollik, Evryobening xatolari, Inestaning «oltin goli», Del Orno, Terri yoki Abidalning chetlatilishlari, Messining noaniq penaltisi, Torresning so‘nggi daqiqadagi goli – har biri alohida hikoyalarga asos bo‘ladigan bu voqealardan xulosa bitta: «Barselona» va «Chelsi»ning to‘qnashuvlari doim dramatik kechgan.

Umumiy hisobda 12 o‘yindan 6 tasida «Chelsi»ning qo‘li baland kelgan, «Barselona» 3 o‘yinda g‘alaba qozongan xolos. To‘plar nisbati – 20-20.

Qizig‘i, «Barselona» atigi uch o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, uch marta pley-offda «Chelsi»ni dog‘da qoldirib ketganini aytishimiz mumkin. Ikki mavsumda «Chelsi» keyingi bosqichga yo‘llanma olgan.

Qizig‘i, «Barselona» va «Chelsi» pley-offda 5 marotaba to‘qnash kelishgan bo‘lsa, uch martasida bu o‘yin g‘olibi yakunda YeChL bosh sovrinini qo‘lga kiritgan ekan.  

Barcha o‘yinlar. 
YeChL 1999/2000. Chorak final. «Chelsi» – «Barselona» - 3:1, «Barselona» – «Chelsi» – 5:1
YeChL 2004/2005. 1/8 final. «Barselona» – «Chelsi» – 2:1, «Chelsi» – «Barselona» - 4:2.
YeChL 2005/2006. 1/8 final. «Chelsi» – «Barselona» – 1:2, «Barselona» – «Chelsi» – 1:1
YeChL 2008/2009. Yarim final. «Barselona» – «Chelsi» – 0:0, «Chelsi» – «Barselona» – 1:1.
YeChL 2006/2007. guruh bosqichi. «Chelsi» – «Barselona» – 1:0, «Barselona» – «Chelsi» – 2:2.
YeChL 2011/2012. Yarim final. «Chelsi» – «Barselona» – 1:0, «Barselona» – «Chelsi» – 2:2

JAMOALARNING BUGUNGI HOLATI
Antonio Konte jamoasi so‘nggi ikki uchrashuvni yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunlagan bo‘lsa-da, barqaror natija ko‘rsatmoqda, deb aytish mushkul. Undan oldin «Chelsi» autsayder klublarga qatorasiga ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi va 4-o‘ringa tushib ketdi. Hatto Antonio Kontening iste'fosi haqida ham xabarlar paydo bo‘la boshladi. Lekin «Chelsi»ning yevrokuboklardagi muvaffaqiyati ko‘pincha, ichki chempionatdagi omadsizliklar davrida ro‘y berganini unutmaslik kerak. Bu tomondan, so‘nggi ikki g‘alaba «Chelsi» osmonidagi qora bulutlarni biroz tarqatgandek bo‘ldi va jamoa yana jipslashib olgandek tuyulmoqda.

Buning ustiga, bugundan boshlab jamoa uchun mavsumning eng muhim oyi boshlanmoqda – «Barselona»ga qarshi ikki o‘yin oralig‘ida «Chelsi» ikki marta Manchesterga safar qiladi va avval «Old Trafford», keyin «Etihad» mezbonlariga qarshi muhim o‘yinlarda maydonga tushadi. 17-mart kuni esa, «Lester» maydonida Angliya kubogi yarim finaliga chiqish uchun bahs ham kutib turibdi. Demak, «Chelsi» qatnashayotgan uchchala turnirning keyingi taqdiri mana shu oyga tikilgan.

«Barselona» esa, Valverde boshchiligida o‘zining eng barqaror mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda va mag‘lubiyat alamini totmagan Yevropadagi yagona jamoa bo‘lib turibdi. Shunay bo‘lsa-da, so‘nggi o‘yinlarda kataloniyaliklar muammolarga duch kelayotganini ta'kidlash kerak. «Barselona» oxirgi 5 o‘yinda atigi 6 gol urishga erishdi, xolos. «Xetafe» va «Espanol»ga qarshi o‘yinlarda durang natijalar qayd etdi. Shuningdek, Ispaniya kubogidagi «Selta» va «Espanol»ga qarshi omadsiz o‘yinlarni ham esga olsak, 2018 yilda «Barselona» , ayniqsa, gol urish borasida biroz pasayish davrini boshdan kechirayotganini tan olish kerak.

Ayniqsa, «Eybar»ga qarshi o‘yinda jamoa 2:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, raqibga juda ko‘p imkoniyat berib yubordi. Valverde bu o‘yinning YeChLdagi muhim o‘yinga tayyorgarlik sifatida baholagani, ichki chempionatdagi ta'qibchilarning ancha ortda ekanini inobatga olsak, balki hammasi nazorat ostidadir, ammo «Chelsi» kabi raqibga qarshi o‘yin oldidan «Barselona» o‘zining eng optimal holatida emasligini aytgan bo‘lardik.

TAXMINIY TARKIBLAR
Mezbonlar tarkibida Markus Alonso, Tiyemue Bakoyoko va David Luizlarning maydonga tushishlari so‘roq ostida. Shuningdek, jamoaning yangi xaridi Ross Barkli haqida ham ma'lumot yo‘q. Mehmonlar tarkibida esa, diskvalifikatsiya tufayli o‘ng qanot himoyachisi Nelson Semedu o‘ynay olmaydi. Tomas Vermalen ham hali jarohatidan to‘liq tiklanmagan bo‘lishi mumkin. Yanvarning eng yirik tranferlaridan bo‘lgan Filipe Koutino esa, guruh bosqichida «Liverpul» tarkibida maydonga tushgani bois, «Barselona»ga yordam bera olmaydi. 

Taxminiy tarkiblar:
CheLSI:
 Kurtua - Keyhill, Kristiansen, Aspilikueta – Mozes, Alonso – Kante, Fabregas, Drinkuoter – Azar, Morata
BARSeLONA: Ter Shtegen – Roberto, Pike, Umtiti, Alba – Buskets, Rakitich, Inesta – Dembele, Messi, Suares.   

STATISTIK FAKTLAR
•  «Chelsi» ishtirok etgan so‘nggi 4 o‘yinda kamida 3 gol urilgan. 
•  «Barselona» so‘nggi 11 o‘yinning 9 tasida g‘alaba qozondi.
•  «Barselona» safardagi so‘nggi 19 o‘yinning 14 tasida g‘alaba qozongan. 
•  «Barselona» qatorasiga 7 o‘yindan beri safar o‘yinida maydonni golsiz tark etmayapti
•  «Chelsi» o‘z maydonidagi so‘nggi 33 o‘yinning 25 tasida g‘alaba qozongan. 
•  Leo Messi «Chelsi» darvozasiga hali biror marta ham gol ura olmagan. 

HAKAM


Uchrashuvni Junayt Chaqir boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqaradi. Bu nom bizga beixtiyor 2011/12 YeChL yarim finali doirasida «Kamp Nou»da bo‘lib o‘tgan javob o‘yinini yodga solishi shubhasiz. O‘shanda dastlabki o‘yinda minimal hisobda g‘alaba qozongan «Chelsi» 35-daqiqada gol o‘tkazib yuboradi. Oradan ikki daqiqa o‘tib esa, Chaqir mehmonlar sardori Jon Terriga qizil kartochka ko‘rsatadi. «Barselona» kerakli 2-golni ham urib olgach, «Chelsi» taym oxirida hisobni qisqartirgandi.

2-taym boshlarida esa, hakam «Chelsi» darvozasiga penalti belgilaydi. Ushbu penalti ham, ayniqsa, ingliz klublari orasida katta noroziliklarga sabab bo‘lgandi. Leo Messi ushbu penaltini aniq amalga oshira olmagan, bir kishi kam o‘ynab, jonbozlik ko‘rsatgan «Chelsi» esa, oxirgi daqiqada Torresning golidan so‘ng, barcha masalaga nuqta qo‘ygandi.

Chaqirning ispan klublariga xayrixohligi ko‘p bor aytilib kelinsa-da, aslini olganda, Turkiya futboli yakkakurashlar va uslub borasida ingliz futboliga yaqin ekanini aytish lozim. Bu tomondan aynan turk futbolida shakllangan Chaqirning uslubi ko‘proq londonliklarga qo‘l kelishi tabiiy. Junayt Chaqir La-Ligadagi hakamlar kabi yulduzlarga ishlatilgan kichik qo‘polliklarga ham hushtak chalmaydi, qattiqroq kurashlarga yetarlicha «ko‘z yumadi». Bu tomondan «Barselona» uchun, aynan ingliz klubiga qarshi o‘yinda noqulay hakam tanlanganini taxmin qilish mumkin.

PROGNOZ
Aslini olganda, «Chelsi» tarkibidagi ispanlar «Barselona»dagidan kam emas va mezbonlar safida sobiq «barsachi»lar Fabregas va Pedro to‘p sursa-da, ingliz klubi o‘yin uslubi raqibi uchun anchagina tersdir. Antonio Konte yuqori pressingdan voz kechgan holda, o‘z jarima maydoni yaqinida ta'qibni kuchaytirish va zichlikni oshirish orqali, ko‘proq qarshi hujumlarga urg‘u beradi. 3-5-2 dagi ikki qanot futbolchilariga ham ko‘proq himoyani mustahkamlash talab etiladi. Bu jihatdan Kontening 3-5-2 sxemasi boshqa hujumkor jamoalarnikidan farq qiladi. Raqibning kuchli ekanini inobatga olib, Kantega sherik sifatida Drinkuoterning maydonga tushishi esa, hujumkor futbolchilarning sonini bittaga kamaytirishi turgan gap. Ammo aynan Drinkuoterning kerakli vaziyatlarda Azar bilan bir chiziqda paydo bo‘lishini kutish mumkin. «Chelsi» shunga yaqin sxemada oxirgi marta «Liverpul»ga qarshi safar o‘yinida maydonga tushgan va aytish kerakki, bu muvaffaqiyatli amalga oshgan.

Antonio Konte bu o‘yinda raqibning to‘pni nazorat qilish ustunligini tan olgan holda, aksariyat daqiqalarni to‘psiz o‘tkazishga tayyor ekanini ochiq aytdi va bugun himoyaviy variantga urg‘u berishini yashirib o‘tirmadi. Shu o‘rinda Kontening aynan ispan futboliga qarshi muvaffaqiyat qozonishi mumkin bo‘lgan uslubi bor ekanini aytish kerak. Esingizda bo‘lsa, Yevro-2016 da Kontening Italiyasi Ispaniyaga qarshi o‘yinda juda aqlli o‘yin namoyish qilib, g‘alaba qozongandi. Hammasi «Chelsi» futbolchilarining murabbiy ko‘rsatmalarini qay darajada bajara olishiga bog‘liq.

«Barselona» esa, odatiy safar o‘yinlari singari, minimum riskni qabul qilgan holda, to‘pni nazorat qilishga intilishi, ammo bor kuch bilan oldinga tashlanmasligini kutsa bo‘ladi. Jamoa bemalol golli durangga rozi bo‘lishi mumkin va barcha masalani shu bugun hal qilishga qattiq chiranmaydi. «Kamp Nou»da imkoniyat ko‘proq bo‘lishini va ichki chempionatda muammolar kamligini e'tiborga olsak, ispanlar strategiyani ikki o‘yin uchun rejalashtirishlari mumkin.

Katta ehtimol bilan, o‘yinda juda kam gol uriladi va yo 1:1 hisobidagi durang yoki jamoalardan birining minimal g‘alabasi bilan tugashi mumkin. Agar qizil kartochka, kutilmagan xatolar va penaltilar ro‘y bermasa, albatta. 

Yevropadagi barcha mashhur bukmekerlik korxonalari «Barselona» bu o‘yinda favorit ekanini qayd etayotganini ham ta'kidlash joiz. 

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top