22:45 / 20.02.2018
17989

Samarqandda viloyat miqyosida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi

Foto: KUN.UZ

Bugun Samarqandda viloyat hokimiligi va viloyatdagi idoralar hamda tashkilotlar tashabbusi bilan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi 461 ta turli korxona va tashkilotlar 2368 ta bo‘sh ishchi o‘rinlarini taklif etishdi.

Ayni paytda viloyatda ish bilan band bo‘lmaganlar soni 93 ming nafarni tashkil etmoqda. Bandlikka ko‘maklashish markazlariga 4 mingdan ziyod fuqarolar ish so‘rab murojaat qilishgan. 32 ming nafar fuqaro chet ellardan qaytib kelishgan. Kam ta'minlangan oilalar soni 15.447 tani tashkil etmoqda. 2016/17 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirib, hozircha ish topolmay turgan yoshlar 7600 nafardir.

Tadbirni ochar ekan, viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev ushbu tadbir Prezidentimizning 22 dekabrda Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasidan kelib chiqqan holda, «Aholi bandligini ta'minlashda — tadbirkor o‘rni beqiyos» shiori ostida o‘tayotganini ta'kidlab o‘tdi. Qolaversa, 16 fevral kuni Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida tadbirkorlikni rag‘batlantirish orqali ishsizlikni kamaytirish lozimligini ta'kidlaganini eslatib o‘tdi. Yarmarkaga tashrif buyurganlarga omad tiladi.

Yarmarkada so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha davlat vakili — biznes ombudsman Dilmurod Qosimov ham ishtirok etib, qatnashchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Xalqaro press klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev ham so‘zga chiqib, islohotlar natijasida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z ochdi. Samarqandni O‘zbekistonning turizm poytaxti bo‘layotganiga urg‘u berib, ushbu yo‘nalishda ham yangi loyihalar va ishchi o‘rinlari yaratishga e'tibor qaratilishi kerakligi haqida gapirdi. Ishsizlik kam bo‘lgan joyda terrorizm, ekstremizm kabi illatlar palak otmasligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Yarmarkada viloyat hokimi va mehmonlar kam ta'minlangan oilalarga gaz plitalari va suyultirilgan gaz ballonlarini topshirishdi. Shuningdek, yangi loyihalarni boshlayotgan ishbilarmonlarga viloyatdagi tijorat banklari tomonidan kredit sertifikatlari taqdim etildi.

— Bugun bu yerda ayrim kam ta'minlangan fuqarolarga plita va gaz balon berildi. Umuman, viloyatimizda uzoq, tabiiy gaz bilan ta'minlanmagan hududlarda yashovchi 543 ta kam ta'minlangan oilalarga gaz plitalari va ballonlari berildi. 255 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar tikuv mashinalari va shunga yarasha ish bilan ta'minlandilar, — dedi biz bilan suhbatda viloyat hokimi T.Jo‘rayev. — Nogironligi bo‘lgan shaxslar viloyatdagi korxonalarda mavjud ish o‘rinlarining 10 foizi miqdorida kvotalangan ish o‘rinlari bilan ta'minlanmoqda.

Gaz plitasi va balonini shaxsan viloyat hokimidan qabul qilib olgan Samarqand shahridagi «Qovola» MFYda istiqomat qiluvchi Salima Ro‘ziyeva, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Mullako‘rpa» mahallasidan Nigora Ro‘ziyeva davlatimiz tomonidan ularga berilayotgan e'tibordan mamnun ekanliklarini bildirib, tashakkur izhor etishdi.

Narpay tumanidagi «Salomatlik» MChJ ham yarmarkada o‘z mahsulotlari va ishchi o‘rinlari bilan qatnashayotgan yuzlab korxonalardan biridir. Ayni paytda ushbu korxonada sut mahsulotlari qayta ishlanadi va IDEA brendi ostida sut, pishloq, qaymoq, qatiq, yogurt kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Korxona 3 ta ish o‘rni taklif etib, talabgorlar bilan shartnoma imzolashga ham ulguribdi.

Narpay tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Rahmonovning aytishicha, tumandagi 16 ta korxona va tashkilot 76 ta ish o‘rni bilan qatnashmoqda. 2 soat ichida ularning 56 tasiga nomzodlar ishga qabul qilinib bo‘lgan.

Kattaqo‘rg‘onlik, «Jo‘rayev Ulug‘bek» xususiy korxonasini yuritayotgan hunarmand-tadbirkor Tursuntosh Jamolova bunday tadbir tashkil etilganidan juda xursandligini yashirmadi:

— Juda ko‘p insonlar bilan tanishdim. Ilgari biror kattakon, deylik, viloyat hokimi kelyapti desa, ko‘chalarni supurib, suv sepib uydan chiqmasdan o‘tirardik. Shunday kunlar keldiki, mana ularning o‘zi kelib bizning ishimiz bilan qiziqishayapti, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishyapti. Bunday sharoitdan samarali foydalanishi kerak yoshlarimiz. Men o‘zim bilgan va o‘rgangan narsalarni barcha yoshlarga o‘rgatishga tayyorman, — dedi u.

Ushbu yarmarkani o‘tkazishdan maqsad — ish topishda qiynalayotgan kam ta'minlangan ooila vakillari, muqaddam sudlanganlar, chet ellardan qaytib kelganlar, tibbiy ma'lumotga ega, oliy o‘quv yurti hamda kollejlarni bitirgan, nafaqadagi harbiy xizmatchilar, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar, aliment to‘lovi ololmayotgan ayollar hamda hozirda ishsiz bo‘lgan shaxslar bandligini ta'minlashdan iborat.

Samarqand viloyatida joriy yilda 30 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. Yoshlarda juda katta qiziqish uyg‘otgan, hali yana bir necha bor o‘tkaziladigan bunday yarmarkalarga yaxshi umidda ish izlab kelganlar o‘z murodiga yetishsa, tadbir tashkilotchilari o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadga yetishgan hisoblanishadi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Top