18:43 / 21.02.2018
22581

Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi yakunlari bo‘yicha nechta hujjat imzolanishi aytildi

Foto: UzReport

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mart oyi dastlabki o‘n kunligidagi Tojikistonga birinchi davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha 20 dan ortiq yangi davlatlararo va hukumatlararo bitimlarni imzolash rejalashtirilgan, deb xabar qilmoqda «AP».

Ulardan eng muhimi - ikki davlat fuqarolarining bir oy muddatga qadar Tojikiston va O‘zbekiston hududida vizasiz qolishi bo‘yicha bitimdir. Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat davlat chegarasini demarkatsiya va delimitatsiya qilish bo‘yicha bitimni imzolaydi hamda shu tariqa bahsli chegara hududlari bo‘yicha masalaga chek qo‘yiladi, deya ma'lum qilishgan Tojikiston hukumatidan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston tomonidan 100 million AQSh dollarlik imtiyozli kreditni taqdim etish to‘g‘risidagi hujjatning imzolanishi ham muhim ahamiyatga ega. U ikki davlat biznes tuzilmalari munosabatlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Tojikiston hududlarida bitta maktab va shifoxona qurilishining O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirilishi, transport, kommunikatsiyalar sohasida bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega tashrifi doirasida Tojikiston va O‘zbekiston ishbilarmon doiralarining biznes-forumi o‘tkaziladi. Kutilishicha, unda tojik va o‘zbek biznesining yetakchi vakillari qatnashadi, tadbir davomida yirik shartnomalar imzolanadi.

Top