16:59 / 22.02.2018
10703

Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy konsepsiya ustida ish olib borilmoqda

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy konsepsiya ustida ish olib borilmoqda. Joriy yilning 20 fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan seminar-brifingda shu haqida ma'lum qilindi.

Foto: Askar Yakubov

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, shu yilning 5-8 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tashabbusi bilan “Markaziy Osiyoda atrof-muhit va barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumiga tayyorgarlikdan iborat edi.

O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashi bilan bir qatorda, atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga ham o‘z hissasini qo‘shish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Respublika Prezidenti tomonidan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha barcha vazifalarni to‘liq qamrab olgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda chiqindilarning atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta'sirini kamaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi chiqindilarni saralash va qayta ishlash klasteri bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shuningdek, atrof tabiiy muhit monitoringi tizimini modernizatsiya qilishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Toza, ekologik mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish mexanizmlarini tatbiq etish, mazkur sohaga yo‘naltirilgan tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, kam chiqitli va chiqindisiz texnologiyalarni ilgari surish bo‘yicha qator maqsadli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Hozirda Prezident qarori bilan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Milliy konsepsiya ustida ish olib borilmoqda.

Ushbu va boshqa vazifalarni amalga oshirish nafaqat milliy, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi manfaatdor tomonlarni jipslashtirishni talab etadi.

– Maqsadimiz – barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan, tijoriy va ilmiy hamjamiyatni jalb etgan holda, mintaqaviy masalalarni hal etishga yo‘naltirilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va hamkorlikning samarali maydonini yaratishdan iborat, – deya ta'kidlab o‘tdi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov.

Foto:Askar Yakubov

Tadbirda Yevropa, Osiyo va Markaziy Osiyoning atrof-muhitni muhofaza qilish, suv xo‘jaligi bo‘yicha davlat organlarining rahbarlari va mutaxassislari, BMTning tuzilmaviy tashkilotlari, yetakchi xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy va jamoat tashkilotlari vakillarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.

– Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi mamlakatlarga o‘z pozitsiyalariga hamohang tarzda, muammolarni ijobiy hal qilish imkonini beruvchi aniq loyihalarni belgilashga imkoniyat yaratadi, – dedi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining ijrochi direktori Iskandar Abdullayev. – So‘nggi vaqtlarda Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlik rivoj topdi, xususan suv masalalarida ham sezilarli ilgarilash ro‘y berdi. Siyosiy iroda natijasi shunga olib keldiki, biz suv masalasini kelishmovchilik tarzida emas, balki hamkorlik predmeti sifatida ko‘rib chiqmoqdamiz. Bu esa, o‘z navbatida, masalani hamjihatlikda ko‘rib chiqish imkonini bermoqda. Ta'kidlash joizki, biz hamkorlikni tiklash barobarida iqtisodiy salohiyatni ham tiklaymiz.

Foto: Askar Yakubov

Iskandar Abdullayev ta'kidlab o‘tganidek, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi 2001 yildan buyon Markaziy Osiyoning 6 mamlakatida, shu jumladan Afg‘onistonda ham faoliyat yuritib kelmoqda. Tashkilot 5 yo‘nalishni, jumladan, iqlim o‘zgarishi, energiya samaradorligi, suv masalalari bo‘yicha hamkorlik, atrof-muhit, salomatlik va barqaror rivojlanish uchun ta'lim kabi muhim masalalarni qamrab olgan.

“Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi harakatlar dasturi doirasida o‘zini Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning fasilitatori sifatida ko‘radi. Boisi, ekologik masalalarni alohida mamlakatlar chegarasida hal etib bo‘lmaydi. Biz, shuningdek, mintaqaga kelib tushadigan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ma'lumotlar yig‘iladigan bilimlar markazi ham hisoblanamiz. Keng aholi qatlamiga axborotni tarqatish maqsadida biz jamoat tashkilotlari va jurnalistlar bilan uzviy aloqada faoliyat olib boramiz”,- deya ta'kidlab o‘tdi I.Abdullayev.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan tashkil etilmoqda.

Forumning asosiy mavzuviy yo‘nalishlari –  quyidagilar hisoblanadi:

1.  Qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligi.

2.  Qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish.

3.  Biologik xilma-xillikni saqlash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini kengaytirish.

– O‘zbekiston Respublikasining mana shunday masshtabdagi forum tashabbuskori ekanligi, uning hududiy hamkorlik va atrof-muhit muhofazasi masalalarini hal etishda birdamlikda ishlashning naqadar muhim ekanligida yaqqol namoyon bo‘ladi, – deydi O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi dasturi menejyeri Doniyor Qo‘chqorov. – Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning hududiy masalalar muhokamasidagi ishtiroki muhim ahamiyatga ega ekanini inobatga olgan Yevropa Ittifoqi forumning faol ishtirokchisi bo‘lishga katta qiziqish bildirmoqda. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi ham hududiy, ham milliy darajadagi bir qancha ekologik loyihalarni, shu qatorda forumning yalpi majlislaridan  birida to‘xtalib o‘tiladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash borasidagi loyihalarni ham moliyalashtiradi. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi aynan qaysi sohalarda tajriba almashishini atroflicha muhokama qilishi, bir to‘xtamga kelishi, shuningdek hamkorlikning o‘zaro foydali tomonlariga olib boruvchi yana qanday mustahkam nuqtalar borligini ham aniqlab olishi maqsadga muvofiq.

Foto: Askar Yakubov

Forum doirasida quyidagilarni o‘tkazish rejalashtirilgan:

1)  Yalpi va paralell yig‘ilishlar – har bitta mavzuviy yo‘nalish bo‘yicha barcha Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlariga muvofiq keladigan eng dolzarb masalalar aniqlanadi va ularni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar ishlab chiqiladi.

2)  O‘zbekistonda ilk marotaba ekologik toza texnologiyalarning maxsus ko‘rgazmasi tashkil etilib, u ekologik toza qurilmalar va texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi mashhur tashkilotlarni o‘zida birlashtiradi. Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlari:

- qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va tashish uchun maxsus texnika;

- chiqindilarni saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish texnologiyalari;

- ishlab chiqarish va iste'mol qilishning toza  texnologiyalari;

- qishloq xo‘jaligi va aholi yashash sektori uchun qayta tiklanadigan energiya texnologiyalari;

- aholi yashash sektorida energiya samaradorligi;

- sanoatda energiya samaradorligi.

3) Forum barcha manfaatdor donor-mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari vakillarini o‘zaro birlashtirib, Markaziy Osiyo davlatlari uchun dolzarb va ustuvor bo‘lgan masalalarni muhokama qilish, zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqib, ularni hamkorlikda amalga oshirish imkonini beradi.

4)  Xorijiy OAV vakillari uchun Orol dengizi talafotlari va Hisor davlat qo‘riqxonasining noyob flora va faunasi bilan yaqindan tanishish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Qashqadaryo viloyatiga mediatur tashkil etish.

“Fikrimcha, mazkur forum, haqiqatan ham chora-tadbirlarni qabul qilish zarur bo‘lgan barcha hamkorlarni birlashtiruvchi muhim tashabbusdir, ya'ni atrof-muhit to‘g‘risida shunchaki so‘z yuritish emas, balki amalda chora-tadbirlarni qabul qilishdir,-deya izohlab o‘tdi BMT O‘zbekistondagi rezident-koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer. – Bugungi o‘tkazilgan brifingdan ko‘rinib turibdiki, forum haqiqatan ham amaliy bo‘ladi va nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyo to‘qnashayotgan dolzarb tabiatni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal qilish uchun aniq natijalar beradigan va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlaydigan harakatlarga yo‘naltirilgan”.

Top