18:59 / 22.02.2018
10443

O‘FA «Navbahor» va «Bunyodkor» jazolanishi bo‘yicha bayonot berdi - Savol javobsiz qoldi

Foto: The-uff.com

21 fevral kuni O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Ijro qo‘mitasi Byurosi qarori asosida «Navbahor-Lochinlari» va «Bunyodkor» klublarining har biri 500 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

O‘FA sayti xabariga ko‘ra, bu klublar futboldan bir yilga chetlatilgan Oybek Qilichev va umrbod chetlatilgan Dilshod Ahmadaliyevni o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushirgan.

Bugun, 22 fevral kuni O‘FA bu qaror yuzasidan bayonot berdi.

«O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Ijro qo‘mitasi Byurosining 2018 yil 21 fevraldagi 6-sonli Qarori amaldagi O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Nizomining 14-moddasi hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi Reglamentining 3.2 bandi, Intizom kodeksining 5.22-bandiga binoan qabul qilingan.

Reglamentning 3-moddasida futbol klublariga alohida talablar belgilangan bo‘lib, uning 3.2-bandida futbolga oid har qanday masalalarda O‘FA va O‘zPFL qarorlariga bo‘ysunishi  alohida belgilab qo‘yilgan.  Shuningdek, O‘FA Intizom kodeksining 5.22 bandida talablarni bajarmaslik uchun intizomiy chora sifatida jarima qo‘llanilishi belgilangan. Qo‘llaniladigan jarima miqdori esa 500 million so‘mgacha ko‘rsatilgan.

Nizomning 14-moddasida Assotsiatsiyasi a'zolari uning qarorlariga to‘la muvofiqlikda harakatlanishi belgilangan. Majburiyatlarning har qanday a'zolar tomonidan buzilishi esa sanksiyalar qo‘llanishiga olib kelishi mumkin.

Tan olish lozim, belgilangan jarima miqdori katta, har qanday klub g‘aznasiga ta'sir etadi. Ammo bugungi kun talabidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, mas'uliyatsizlikka, e'tiborsizlikka, ishga ko‘r-ko‘rona  yondoshishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini har birimiz his qilishimiz kerak. Qabul qilinayotgan rasmiy hujjatlar hayotga tadbiq qilinsagina, vijdonan bajarilsagina unum bo‘ladi. Vaholanki, «Navbahor» klubi ham, «Bunyodkor» klubi ham o‘zi bo‘ysinuvchi tashkilotning hujjatlariga panja ortidan qaradilar, «kim ko‘ribdi, kim bilibdi» qabilida ish tutdilar. Qo‘llanilgan jazo esa boshqalarga o‘rnak misolida, hushyorlikni oshirish, mas'uliyatni his qilish sifatida qabul qilinishi inobatga olingan.

O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi mamlakatimizda futbolni muvofiqlashtirish bo‘yicha yuqori tashkilot hisoblanadi. Shunday ekan unga bo‘ysunuvchi a'zolar, shu jumladan, futbol klublari uning qarorlarini so‘zsiz bajarishi va hurmat qilishi lozim» - deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Tribuna.uz bu voqea yuzasidan «O‘FA reglamentga tupurganmi? Tashkilotning navbatdagi asossiz qarori» mavzusida maqola e'lon qilgan edi.

Taxminimizga ko‘ra, O‘FA aynan shu maqolaga munosabat sifatida bu bayonotni bergan. Ammo, unda berilgan bir savolga javob ochiqligicha qolgan: chetlatilgan futbolchi jamoa yig‘inlarida, mashg‘ulotlarga teng o‘yinlarda qatnashgani uchun, klub jazolansin, deb reglamentning qaysi joyida belgilab qo‘yilgan? Bunisi noma'lumligicha qolgan.

Mavzuga oid
Top