17:40 / 23.02.2018
101699

«Boksga kim qarshi?» O‘zbek sporti endi kimlarning qo‘liga tushib qoldi?

Bir hafta oldin Butunjahon boks seriyasi musoabaqalarida ishtirok etayotgan «Uzbek Tigers» jamoasi faoliyatini tugatishi haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov MOQ rasmiy saytida chiqish qilib, bu xabarlarni inkor qildi: «Bu xabarlarning barchasi asossiz bo‘lib, aksincha Milliy olimpiya qo‘mitasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamkorligida boks bo‘yicha Butunjahon boks seriyasi (WSB) musobaqasida uch yildan buyon muntazam ishtirok etib kelayotgan «Uzbek Tigers» jamoasini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan janglarni yangicha formatda, muxlislar uchun xaqiqiy boks shousi darajasida tashkil etish niyatida keng ko‘lamda ish olib bormoqda».

Foto: Umid Ahmadjonov va Shoakram Isroilov / MOQ

Ahmadjonovning «haqiqiy boks shousi»ga bayonotdan keyingi abzatsda tushuntirish berib o‘tilgan. Unda 27 fevral va 1 mart kunlari Termizda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvlar manzili Toshkentga ko‘chirilgani ma'lum qilingan. Buning sababi ham ajoyib. Rasmiy saytda keltirilgan izohda «muxlislarga xaqiqiy sport bayrami muhitini yaratish maqsadida» bu ishga qo‘l urilgani aytilgan. Stop. Men tushunmagan narsa, sport bayrami muhitini yaratish uchun Termiz bilan Toshkentning qanday farqi bor o‘zi? Termizda «muxlislarga haqiqiy sport bayrami muhitini yaratish» uchun sharoit yo‘qmi? Umuman, sport bayramiga aylantirish uchun qanday sharoit bo‘lish kerak? Termiz variantidan voz kechilishi uchun poytaxtning qanday ustun tomoni bor edi? Termiz mezbonligi nima uchun bekor qilindi o‘zi? Termizlik oddiy muxlis bilan toshkentlik muxlisning nima farqi bor, janob mas'ullar? Yoki ularni mana shu bayramni jonli tomosha qilishdan mahrum qilish uchun Toshkentda yashovchi O‘zbekiston fuqarolarining qandaydir ustunligi bormi? Mamlakatning eng janubiy nuqtasidagi termizlik ham, poytaxt Toshkentdagi fuqaro ham shu davlat rivoji uchun ishlaydi, shu davlat qonunlari asosida soliq to‘laydi. Shu davlat rejasi asosida paxta, g‘alla planini topshiradi. Shu davlatda har bir fuqaro uchun teng bo‘lgan barcha qonunlar asosida mehnat qiladi.

Sport musobaqalari o‘tkazilishi haqida gap ketganda viloyatlarda o‘tgan musobaqlar poytaxtga qaraganda, doim ko‘proq tomoshabin yiqqan. Ya'ni, odatda muxlislar tashrifi bilan shouga aylangan o‘yinlar viloyatlarda ko‘proq. Oddiy futbolni oling. Toshkentda deyarli hech kim futbolga tushmay qo‘ygan, lekin vodiy, Samarqand va Buxoroda haligacha stadionlar to‘lib keladi. Yoki «Uzbek Tigers»ning o‘tgan yili Samarqandda o‘tkazgan janglarini eslaysizmi Amfiteatr tomoshabinlarga to‘lib-toshgan, ko‘chada qanchadan-qancha muxlis qolib ketgandi. Bilmadim, men uchun haqiqiy sport bayrami muhiti mana shu. Haqiqiy sportcha atmosfera shunaqa bo‘lishi kerak. Vodiy va Buxorodagi futbol, Samarqanddagi boks — mana shu haqiqiy sport bayrami.

Xo‘p, bunisiga ham ko‘ndik. Toshkentda o‘tkazilsa bir tomondan yaxshi o‘zimiz ham borib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, degan xudbinnamo xayollar ham o‘tdi, tan olaman. Shu ma'noda O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasiga qarashli «Universal» sport majmuasida bo‘ladigan janglar tashkilotchiligi bilan qiziqib ko‘rdim va yig‘lagim keldi to‘g‘risi. Musobaqa uchun 900tadan oshiqroq joy qilinyapti ekan. Tasavvur qilyapsizmi, 900ta! Raqibimiz kimligi yodingizdan chiqqan bo‘lsa, eslataman boks sportida muntazam eng kuchli sifatida qaraladigan Kubaning «Cuba Domadores» jamoasi. Tarkibida uchta olimpiada chempioni, bir necha marta jahon chempioni va olimpiadalarda boshqa sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilar bilan kelayotgan Kuba terma jamoasiga qarshi 900 kishilik «sport bayrami»ga guvoh bo‘lamiz. Raqib tarkibiku mayli. Bizning tarkibda ham ikki olimpiada chempionlari Hasanboy Do‘smatov va Shahobiddin Zoirov, JCh sovrindori Iqboljon Xoldorov, Osiyo chempioni Isroil Madrimov ringga chiqadigan haqiqiy boks shousi uchun shunaqa saroy tanlanadimi? Boksdagi Kuba degani futboldagi Braziliya deganiku, janoblar? So‘nggi yillardagi natijalarimizga qarab O‘zbekiston boksini futboldagi Germaniyaga tenglashtirsak, tasavvur qiling Germaniya va Braziliya terma jamoalari uchrashuvini «Jar» stadionida o‘tkazyapmiz. Tasavvur qilyapsizmi? Endi tushuntirib beringchi, hurmatli mas'ullar, rahbarlar, siz va'ada qilayotgan «muxlislarga xaqiqiy sport bayrami muhitini yaratish» shumi? O‘zi 900 kishilik, keling ana boring, 1000 kishilik deylik, saroyga qaysi muxlisni sig‘dirmoqchisiz? O‘zi muxlislar kiritiladimi bu tadbirga? Jurnalistlar, TV texnik xodimlari, mas'ullar, MOQ va boshqa sport federatsiyasi, vazirlik xodimlari, sportga aloqador boshqa odamlar, volontyor-u, xavfsizlikka javobgar odamlar sonini qo‘shsak o‘sha ming kishiga borib qolmasmikan? Qanaqa bayramni va'da qilyapsiz, bizga?

Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Cuba Domadores» bilan janglarda nima bo‘lganidan xabaringiz bordir, axir? Ko‘chada qolib ketgan minglab odamlar hattoki portalgacha yozishganini bilasizmi? Besh ming kishilik amfiteatr kichikli qilganidan keyin samarqandlik muxlislar boks federatsiyasidan norozi bo‘lib davlat rahbarigacha murojaat bilan chiqishgan. Agar o‘sha kuni janglar 15 ming odamni sig‘dira oladigan «Dinamo» stadionida o‘tkazilganda ham, ishonch bilan aytamanki, o‘yingoh to‘lib-toshgan bo‘lardi. 

Foto: Hasanboy Do‘smatov

Xo‘p, Toshkentga ko‘chirish uchun yana sabab bordir, buni hech qayerda ochiqlamagan bo‘lsangiz ham shunaqa deb hisoblab turamiz. Balki mehmonlarni joylashtirish uchun qulayroq sharoit ko‘zlangandir, translyatsiya masalasida qandaydir imkoniyatlar ko‘pdir Toshkentda. Lekin bu degani boksdagi so‘nggi yillarning eng kuchli ikki terma jamoasi janglarini ming kishi ko‘rishi kerak degani emasku?! Toshkentda sport majmualari kammidi?

Bilmadim, balki sportga yangi kelgan rahbariyatning boksga, boks federatsiyasidagilar bilan shaxsiy kelishmovchiligi, shaxsiy xusumati bormi, xuddiki, boksdagi ahvolimiz yomonlashayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘layotgandekmiz. Guyoki, boksning ahvoli mana shu deb barcha nishonni kimgadir, kimlargadir to‘g‘irlamoqchi bo‘lishmayaptimi? Qandaydir shaxsiy munosabatni deb butun boshli sport jabr ko‘rayotgan bo‘lsa, kechirasizu, asl xoinlik mana shu bo‘ladi. Xudo ko‘rsatmasin, ertaga bokschilarimiz qo‘llab-quvvatlash yetarli darajada bo‘lmagani sababidan ham yutqazsa, mana o‘zbek boksi orqaga ketmoqda, degan fikrni asos qilib olib balki kimlarnidir chetga surib qo‘yishsa, ajablanmayman.

Albatta bu gaplarim faqat faraz bo‘lib qolishini judayam istardim...

Umid Ahmadjonov yuqorida tilga olingan bayonotida bir gapni aytadi. Boks Rio-2016da, birinchi, Hamburgda o‘tgan JChda ikkinchi o‘rinni olgan bo‘lishiga qaramasdan «O‘zbekiston boks federatsiyasining faoliyati islohotlarga muhtoj ekanligini ayni haqiqat», deydi MOQ prezidenti. Albatta, boks federatsiyasi haqida Ahmadjonovda mendagidan ko‘proq ma'lumot bo‘lishi tabiiy. Federatsiyaning ichki faoliyati haqida ko‘p ma'lumot bilmayman, bu unchalik qiziq ham emas. Asosiysi — natijalar. Ko‘pchilik sport turi qayd etayotgan natijalardan kelib chiqib xulosa qiladi va menimcha ham bu eng to‘g‘ri yo‘l. Lekin men tushunmagan bitta jihat bor. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda natijalari bo‘yicha yagona, ha aynan yagona sport turi bo‘lib turgan boksda ham islohotlarga muhtoj ekanmiz, boshqa sport turlarining ahvoli qanaqa unda? Olimpiadada uchta oltin medal olib kelgan sport turi islohotga muhtoj bo‘lsa, boshqa federatsiyalarni, kechirasiz-u, yopib yuborish kerak ekanda unda? 

1994 yili mustaqil O‘zbekiston ilk marta Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan va ilk ishtirokidayoq umumjamoa hisobida kuchli beshlikka kirgandi. O‘sha musobaqada bizga eng ko‘p oltin medallarni keltirgan sport turi baydarka va kanoe edi. Naqd to‘rtta oltin medalni o‘zimizniki qilganmiz. Umuman, Osiyo o‘yinlarining boshqa yillarida ham aynan shu sport turida doim yetakchi bo‘lganmiz. Vadim Menkovdek jahon chempionlarini yetishtirib chiqarganmiz. Lekin bugunchi? 2014 yildagi Osiyo o‘yinlarida Vadim Menkov va Mochalov o‘zining o‘sha oldingi yillardagi zaxirasi bilan bu sport turida yuzaga kelayotgan xaosni yopib ketishgandek bo‘lishgandi. Lekin endi Menkov yo‘q. Kimning aybi bu? Aynan shu sport turida islohotlar qilishimiz kerakligini anglatmaydimi? Qani o‘sha 10 yil oldingi dunyoga mashhur o‘zbek kanoe maktabi?

Foto: Vadim Menkov

Yoki yengil atletikani olaylik. O‘sha uzoq 1994 yilgi olimpiadada 3ta oltin medalni hisobimizga olib kelgan sport turida bugun ishonganimiz kimlar? Kimdan biz medal kuta olamiz? Haligacha Svetlana Radzivildan hech qachon erishmagan 2 metrlik balandlikdan sakrab o‘tishi kutib yashayapmiz. Bir paytlari Ispaniyaning eng mashhur nashri o‘zbek sporti haqida maqola yozgandi. Nega bilasizmi? Jamoliddin Abdujabborov velosportda erishgan natijalari bilan shunga majbur qilgandi. O‘sha maqoladagi «O‘zbek sporti deganda birinchi navbatda velosport ko‘z oldimizga keladi. Chunki bu yurtdan Jamoliddin Abdujabbarov kabi velosportchilar chiqqan», degan jumlalarni haligacha eslayman. Bugun esa deyarli hech qayerda yoritilmagan Osiyo chempionatidagi kumush bronza medallarimizdan boshqa velosport haqida hech narsa bilmaymiz. Abdujabborovlar, To‘ychiyevlar boshqa chiqmayotgani islohotlar bu sport turiga kerakligini ko‘rsatmayaptimi?

Foto: Oldinda Jamoliddin Abdujabbarov

Sport kurashlarichi? Kavkaz yurtlaridan mahalliylashtirilgan sportchilar bilan bu sport turidagi kamchiliklarni yopib kelyapmiz. Buniyam yakuni nima bo‘lganini ko‘rdik-ku? Ochilboy Ramatov aytganidek, «ularga dopingni urdik, uraverdik, nima bo‘ldi oxiri?». Dzyudoda bronza medallarini bayramdek kutib olyapmiz. Yangi Rishod Sobirov, yangi Armen Bagdasarov chiqmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Suzish sport turidan Ravil Nachayev oltin yutgan davrlarni bugungi natijalarimizga qarab, yosh avlodga aytib bersangiz, ishonmaydi, suzishdan oltin yutishimiz mumkinligini tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajaga kelib qolganmiz. Shunaqa. O‘q otishdan ikkitalab oltin yutgan sportchilarning avlodlari qani? Bunaqa misollarni sanasak, ko‘plab topiladi. 2014 yilgi Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobda kuchli o‘nlikka ham kira olmaganimiz, umumiy sportimiz qaysi nuqtaga kelayotganini ko‘rsatadi. O‘sha musobaqalarda kutilgan natijalarni ko‘rsata olmagan, boks, xatolarni tezda xulosa chiqarib, 2016 yilda Rioda nimalar qilganini hammamiz bilamiz. Endi xuddi shunday yetakchi sport turlari ichida yagona barqaror bo‘lib qolayotgan boksni tinch qo‘yib, boshqalarini bilan shug‘ullansak, bo‘lmaydimi? Fristaylda olimpiada chempionlari chiqqan yurt sportchisi slalomda oddiy marraga ham yetib bora olmay qolgani aslida islohotlar boshqa turlarda bo‘lishi kerakligidan dalolat emasmi?

Shundoq ham xuddi arang-arang harakatlanayotgan sportimizdagi kamchiliklarni yopib turgan o‘zi bitta shu boks bor. Uni ham qandaydir bizga noma'lum sabablar bilan islohotlar o‘tkazamiz deb yo‘qotib qo‘ysak, keyin qaysi sport turiga ishonamiz. Oldimizda turgan Tokio olimpiadasida natijalarni ikki baravar yaxshilash haqida gap bo‘lgandi. Lekin qaysi sport turidan ishonib bu ishni qilmoqchimiz o‘zi? Ot sportimi, o‘qotishmi? Qilichbozlikmi? Qilichbozlikda kim yordam beradi medal olishimizga? Kechirasiz-u, agar shunday maqsad bo‘lsa, biz ishonayotganlar rapira yoki shpaga tekkanda yonadigan datchik pultini qo‘lida ushlab turishmaydi va shu kungacha aytarli hech narsa yutmagan sportchilar bilan mo‘'jiza yaratib, ularni chempionga aylantirib bera olishmaydi...

Shu kungacha haqiqiy potensial medalga da'vogar sportchilar yetishtirib berayotgan sport turlarida da'vogar tugul, olimpiada yo‘llanmalarini ham qo‘lga kirita olmayotganimiz — mana bu haqiqiy o‘ylantirayotgan masala. Haqiqiy islohot shu kabi sport turlaridan talab qilinadi. Umid Ahmadjonov intervyusida nazarda tutgan «ko‘plab sport turlari qatori»dan esa boks bir bosh ustunligini isbotlab bo‘lgan.

Maqoladagi bosh mavzuga qaytib shuni aytmoqchimanki, balki hali ham kechmasdir, muxlislarga haqiqiy sport bayramini ulashish uchun hali ham bunday o‘ta muhim boks janglarini kattaroq, ko‘proq odamni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan joylarga ko‘chirish mumkin. Ey, sportni jonidan ortiq sevadigan o‘zbek xalqiga reklamani, afishani chiroyli qilib, chipta chiqaring. Bir-ikki kunda o‘sha chiptalaringiz sotilib ketishiga ishonchimiz komil. Chunki bu xalq, bu millat sportni, sport bayramlarini yaxshi ko‘radi. Va ular bunga haqiqiy bayram atmosferasida o‘tirishga haqli, 1000 kishilik xodimlar bilan to‘ladigan zalga emas.

Azamat Murodov

Mavzuga oid
Top