13:50 / 25.02.2018
56424

Foto: Qurolli Kuchlar faxriysi bo‘lgan general bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi

25 fevral kuni Toshkentdagi Qurolli Kuchlar davlat muzeyida nafaqadagi general-mayor Ismail Ergashevich Ergashev bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi.

I. Ergashev 24 fevral kuni 73 yoshida vafot etdi. Motam marosimida keng jamoatchilik, vazirlik va idoralar vakillari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari ishtirok etishdi.

«I. Ergashev 1945 yil 5 avgustda Samarqand viloyatining Chelak tumanida tug‘ilgan. O‘z hayotini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tashkil etilishi va rivojlantirilishi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish va mudofaa qobiliyatini yuksaltirishga bag‘ishlagan general-mayor I. Ergashev 1992-94 yillarda Mudofaa vazirligi artilleriya boshqarmasi boshlig‘i, 1994-97 yillarda Mudofaa vazirligi artilleriya boshqarmasi boshlig‘i – Artilleriya qo‘mondoni, 1997-99 yillarda Mudofaa vazirining front orti ta'minoti va kapital qurilish bo‘yicha o‘rinbosari, 1998-2000 yillarda Mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari, 2000-2004 yillarda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, 2004-2005 yillarda Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Birlashgan shtab boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Uning el-yurt tinchligi yo‘lidagi fidokorona xizmatlari munosib e'tirof etilgan. General-mayor I. Ergashev mamlakatimizning bir qancha davlat mukofotlari, shu jumladan I va II darajali «Shon-sharaf» hamda «Jaloliddin Manguberdi» ordenlari bilan taqdirlangan.

Mudofaa vazirligi rahbariyati Qurolli Kuchlarimizning hurmatli faxriysi vafot etgani munosabati bilan uning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.

Xalqimizning sodiq farzandi, fidoyi insoni, yoshlarning mehribon ustozi general-mayor I. Ergashev xotiramizda mangu qoladi», deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Marhum o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyati Chelak tumanida joylashgan qabristonga dafn etiladi

Mavzuga oid
Top