20:10 / 25.02.2018
5883

Turkiya o‘ziga nisbatan ig‘vo harakatlardan tiyilishga chaqirdi

Turkiya nafaqat hududiy yaxlitligi va o‘z fuqarolari xavfsizligini himoya qilmoqda, balki mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirishga katta hissa qo‘shmoqda. Bu haqda Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim Turkiyada ishlab chiqarilayotgan suv osti kemasining birinchi choki payvandlanishi marosimida aytdi. 

Foto: Reuters

Bosh vazirning aytishicha, hududni barqarorlik bahonasida bosib olmoqchi bo‘layotganlar Suriyada xavfsizlik o‘rnatish, aholi muammosini hal qilish uchun hech narsa qilishmagan. Uning ta'kidlashicha, bundan istisno Turkiya hisoblanadi.

Bosh vazir, shuningdek, Afrindagi “Zaytun shoxi” operatsiyasiga e'tibor qaratgan. “Suriyaning bu hududi kurd qurollangan tuzilmalari otryadlari va IShID jangarilaridan ozod etilgandan keyin Turkiyaga qochib ketgan afrinlik 350 ming kishi yana vatanlariga qayta oladilar”, deb aytgan Yildirim.

Bosh vazir Gretsiya va Kiprning grek tomoni ig‘vogar harakatlari mavzusiga to‘xtalib o‘tdi. 

Uning aytishicha, Turkiya o‘z hududi va uning tashqarisida terrorchilikka qarshi kurashni davom ettirayotgani sababli unga nisbatan Egey va O‘rta yer dengizlarida ig‘volar amalga oshirilmoqda. “Anqara qanday chaqiriqlarga to‘qnash kelishidan qat'iy nazar, Turkiya harbiy-dengiz kuchlari milliy xavfsizlikka har qanday tahdidni bartaraf eta oladi. Shu sababli Turkiyaga nisbatan xato qadamlardan voz kechishga chaqiraman”, deb aytdi Yildirim.

Top