10:50 / 01.03.2018
8512

Belgiya O‘zbekistondan oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlari import qilishni rejalashtirmoqda

Foto: O‘zA

27 fevral kuni O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi Bryusselda Eurochambers Yevropa savdo-sanoat palatasi bosh ijrochi direktori Arnaldo Abruzzini va palataning MDH davlatlarida ishlash bo‘yicha maslahatchisi Gundars Strautmanis bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Eurochambers va O‘zbekiston o‘rtasida investitsiyaviy, texnologik hamda innovatsion hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi.

Uchrashuvda tomonlar Eurochambres va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish haqida kelishib oldilar. Bu o‘zaro tashriflar va muhokamalardan tortib, to hamkorlikning aniq bir yo‘nalishi borasida muzokaralar o‘tkazish uchun kerak.

Belgiya poytaxtida Bryussel Savdo-sanoat palatasi raisi Olive Villok bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Bryussel shahrida Samarqand va Namangan viloyatlari hokimiyatlari, «O‘zeltexsanoat» AK vakillarining Benilyuks davlatlariga tashrifi doirasida yirik kompaniyalar va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishga kelishib olindi.

Muloqot chog‘ida Bryussel biznesi vakillari O‘zbekistondan oziq-ovqat, to‘qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika mahsulotlari importini tashkil etishga qiziqish bildirdilar.

Mavzuga oid
Top