08:55 / 01.03.2018
13269

Koinotga uchirilgan Tesla mashinasi Marsdagi hayotni yo‘q qilishi mumkinligi aytildi

Foto: RIA Novosti / SpaceX Flickr

SpaceX kompaniyasi tomonidan koinotga uchirilgan Tesla Rodster mashinasi Mars bilan to‘qnashadigan bo‘lsa, Qizil sayyoraning biologik hayotiga xavf solishi mumkin. Gap shundaki, u o‘zi bilan olisdagi sayyoraga Yerdagi bakteriyalarni olib kirishi mumkin. Bundan AQShning Perdyu universiteti olimlari ogohlantirishmoqda.

Bayonotda eslatilishicha, NASA Yerdagi bakteriyalarni boshqa sayyoralarga tushishi xavfini yaxshi anglaydi va shu sababli Oy yoki Marsga yuboriluvchi koinot qurilmalari qayta ishlovdan o‘tib, steril holatgacha keltiriladi. Biroq olimlarning fikricha, Tesla mashinasi bunday ishlovdan o‘tmagan.

“Agar Marsda biologik hayot mavjud bo‘lsa, u Yerdagi organizmlar bilan qo‘shilib ketishi xavfi bor. Yer vakillari Marsda moslashib, uni zabt etsalar, biz Marsda qanday biosfera bo‘lganini bila olmaymizmi? Yoki ular Marsdagi organizmlardan zaifroq bo‘lib chiqadilarmi? Biz bularni bilmaymiz”, deb aytgan universitetning sayyoralarni tadqiq qilish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisi professor Jyey Melosh.

Olimlarning eslatishicha, ekstremal haroratlar, past bosim va radiatsiya koinot hududini tirik organizmlar uchun nomaqbul joyga aylantiradi. Biroq bu sharoitlar ularni har doim ham o‘ldirmaydi – ba'zi bakteriyalar vakuumda uyquga ketib, mos sharoitlarga tushmagunlarigacha shunday holatda qoladi.

Avvalroq olimlar “Tesla” Qizil sayyoraga shu yildayoq yaqinlashishini ko‘rsatgandilar.

Mavzuga oid
Top