19:50 / 02.03.2018
26515

Tarixdagi eng kuchli kiberhujum qayd qilindi

Foto: Pixabay

GitHub veb-servisi dasturchilari resurslariga kuchli DdoS-hujum bo‘lganini ma'lum qilishdi. Bu haqda Wired nashri xabar bermoqda. Soniyasiga 1,35 terabitli bu hujum tarixdagi eng kuchli hujum sifatida baholangan. 

GitHub dasturiy ta'minot yaratuvchilarining birgalikda ishlashi va dasturlar versiyalarini boshqarish uchun mo‘ljallangan eng yirik veb-servis hisoblanadi. U 2008 yilda ishga tushirilgan.

Hujum oqibatida servis 10 daqiqaga ishdan chiqqan va foydalanuvchilar shikoyatlariga sabab bo‘lgan. Hujumni DdoS-hujumlar bilan kurashuvchi Akamai Prolexic servisi evaziga 8 daqiqadan keyin bartaraf etishga muvaffaq bo‘lingan. Ushbu servis vositachi rolini o‘ynagan. GitHub’dan barcha kiruvchi va chiquvchi trafik Akamai Prolexic’ga yo‘naltirilgan va uning himoya markazlari orqali o‘tkazilgan. Buning natijasida zararli paketlar topilib, bloklangan.

Akamai’ning xavfsizlik bo‘yicha vitse-prezidenti Josh Shaulning aytishicha, ular bungacha soniyasiga 1,35 terabitli hujumga duch kelmaganlar.

DDOS-hujum (ingl. Distributed Denial of Service — “xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish”) — bu biror saytga hujum bo‘lib, uning asosiy maqsadi saytga katta miqdorda yolg‘on so‘rovlar berish orqali uni ishdan chiqarish hisoblanadi. Hujum oqibatida saytga xizmat ko‘rsatuvchi server katta miqdorda yolg‘on so‘rovni qayta ishlashga majbur bo‘ladi va buning oqibatida oddiy foydalanuvchilar saytga kirolmay qoladilar.

Top