00:40 / 04.03.2018
14094

Erkin va yunon-rum kurashi. Osiyo chempionati: uch oltin medal va o‘zbekistonliklar umumjamoa hisobida 4-o‘rinda

Foto: United World Wrestling

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida 27 fevral kuni start olgan erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha Osiyo chempionati ertaga — 4 mart kuni yakun topadi.

Bugunga kelib, mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan 12 sportchi medallar shohsupasiga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lishdi hamda 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida Xitoy, Eron va Yaponiyadan so‘ng 4-o‘rinni egallab turishibdi.

Sportchilarimizdan erkin kurash sport turida 70 kg vazn toifasida Ixtiyor Navro‘zov finalda janubiy koreyalik Li Syung-Bongni, Magomed Ibragimov 97 kg vaznda eronlik Mo‘jtabo Guliyjni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritishdi.

Yana ikki finalchimiz — 57 kg vaznda Mahmudjon Shavkatov shimoliy koreyalik Kang Kum-Songga, 79 kg vaznda Rashid Qurbonov eronlik Izzatuloh Abbosga imkoniyatini boy berib kumush medal egasiga aylanishdi.

Temurjon Usmonoxunov 65 kg vaznda bronza medaliga ega chiqdi.

Yunon-rum kurashi turi bo‘yicha Elmurad Tasmuradov 63 kg vaznda musobaqa mezboni — qirg‘izistonlik Urmatbek Amatov ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

97 kg vaznda Rustam Assakalov, 103 kg vaznda Mo‘minjon Abdullayevning har ikkisi eronlik sportchilar Mustafo Solihiyzoda va Behnom Mahdiyzodaga yutqazib kumush medal bilan qanoatlanadigan bo‘lishdi.

60 kg vaznda Islomjon Bahromov, 67 kg vaznda Mirzobek Rahmonov, 72 kg vaznda Aram Vardanyanga bronza medallari topshirildi.

Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan erkin kurash turida 59 kg vaznda Nasiba Yesenbayeva kumush medalga ega chiqdi.

Mavzuga oid
Top