00:44 / 06.03.2018
8538

"Qo‘lim nechta ekani muhim emas, men tayyorman": bir qo‘lli futbolchi MFLga chiqmoqchi

Mart oyida AQShda Milliy futbol ligasi (MFL)ning draft-kombayni, ya'ni Amerika futboli bo‘yicha professional o‘yinchi bo‘lishni istagan yangi nomzodlarni ko‘zdan kechirish jarayoni bo‘lib o‘tadi. Jamoalar salohiyatli yulduzlarni izlashmoqda, yosh sportchilar esa raqiblar fonida ajralib turishga harakat qilishadi.

2018 yilda ana shunday hodisaning bosh qahramoni - barcha sinovlarda ishonchli natijalarni ko‘rsatgan 22 yoshli himoyachi Shakem Griffin bo‘ldi. MFL vakillari faqat bir sababga ko‘ra uni o‘z saflariga chaqirishga shoshilishmayapti: uning bir kafti yo‘q. Biroq Griffin bor kuchi bilan professional sportga kirishga va minglab bolalarga ibrat bo‘lishga harakat qilmoqda.

Foto NFL

Griffin 4 yoshida qo‘lidan judo bo‘lgan

Shakem Griffin 1995 yilda Sent-Pitersberg (Florida shtati)da dunyoga kelgan. Egizak akasi Shakildan farqli o‘laroq, shifokorlar unda noyob defektni aniqlashdi, uning qo‘liga tegish chidab bo‘lmas darajadagi og‘riqlarni keltirib chiqarardi.

1999 yilda Griffinning onasi Tenji dahshatli qichqiriqdan uyg‘ondi. Oshxonaga borib ne ko‘z bilan qarasaki, Shakemning qo‘li qonga belangandi...

"Oyi, boshqa chiday olmayman, qattiq og‘riyapti", - deya baqirardi u. Ertasiga jarrohlar bolaning chap qo‘lini amputatsiya qilishdi. Operatsiyadan keyin onasi unga futbol haqida hatto o‘ylashni ham taqiqladi. Biroq ishdan qaytganidan so‘ng qonga belangan bintlar va amerikacha futbol to‘pi bilan jilmayib turgan Shakemni ko‘rardi.

Sportchining xotirlashicha, otasi Terri o‘g‘li shtanga ko‘tarishi, yerdan tortilishi va boshqa jismoniy mashqlarni bajarishi uchun maxsus moslamalar yasab berardi. Shu bilan birga, Terri Griffin Shakemga atayin murakkab "pas"lar berib, u bilan amerikacha futbol o‘ynardi. "Bir qo‘limni qo‘llashni o‘rganishdan oldin to‘pni ikki marta yuzim bilan ilib oldim", - deydi futbolchi.

Foto The Players Tribune

U universitet yulduziga aylandi

Shakil va Shakem professional futbolchi bo‘lish haqida orzu qilishgan. Bundan avval ikkisi ham kollejga kirishi kerak bo‘lgan, shu bois aka-uka universitetlardan takliflar kutishgan. Biroq birinchisi yetakchi yulduz hisoblangan bo‘lsa, ikkinchisini amputatsiya qilingan kafti sabab hech qayerga olishni istashmasdi.

Markaziy Florida universiteti murabbiyi Jorj O’Liri ikkisini ham jamoaga taklif qildi. Shakil birinchi mavsumni asosiy tarkibda o‘tkazdi, Shakem esa deyarli maydonga chiqmadi. Biroq muvaffaqiyatsiz chempionatdan keyin O’Liri o‘z lavozimini tark etdi, yangi murabbiy esa bir kafti bo‘lmagan sportchiga imkon berdi.

2016 yilda Shakem Griffin yilning eng yaxshi himoyachisi deya tan olindi. U bir o‘yinda sog‘lom qo‘lini sindirib olib, gipsda o‘ynagan, biroq shunda ham raqib o‘yinchilarni yer tishlatgan. "Men butun hayotim davomida bir qo‘limda o‘ynaganman, qo‘lsiz ham - u qadar qiyin emas", - deydi futbolchi. 2017 yilda Shakil Griffinni MFLga taklif qilishdi, Shakem esa yana bir yilga universitetda qoldi.

First & Goal

MFL jamoalari unga ishonishmagandi

Talabalar ligasidagi muvaffaqiyatiga qaramay, amerikacha futbol bo‘yicha professional jamoalar vakillari bir kafti bo‘lmagan sportchiga imkon berish yo bermaslikka shubha qilishdi. 2018 yilning yanvarida eng yaxshi talabalarga draft-kombaynga takliflar yo‘llashdi — Shakem Griffin ro‘yxatga kiritilmadi.

Ta'kidlash joizki, liga qoidalarida qo‘lsiz o‘ynashni taqiqlovchi punkt yo‘q. Yagona cheklov - boshqa futbolchilarga ziyoni tegishi mumkin bo‘lgan protezdan foydalanish mumkin emas.

"Yodimda, bolaligimda murabbiy menga futbolni faqat ikki qo‘l bilangina o‘ynash mumkinligini aytgan. Men futbol qoidalariga doir barcha ma'lumotlarni o‘qib chiqdim, biroq hech qayerda ikki qo‘l bilan bog‘liq joyini topa olmadim. Menga doim bir qo‘l bilan hech nimaga erisha olmasligimni aytishadi. Men esa yana va yana qo‘lim nechtaligi ahamiyatsiz ekanini isbotlashga tayyorman. Men futbol o‘ynash uchun shayman".

Shakem Griffin, futbolchi

Muxlislar noroziligidan keyin oxir-oqibat Shakemga taklif bildirildi. Biroq MFL ekspertlari u professional futbolchi bo‘la olmasligi, bo‘lgan taqdirda ham anchagacha zaxirada o‘tirishiga doir xulosaga kelishdi.

Foto SI

Griffin sinovlarda barchani hayratda qoldirdi

2018 yilning martida draft-kombayn boshlandi: unga futbol jamoalari vakillari, skautlar va jurnalistlar tashrif buyurishadi, normativlarni topshirish jarayoni esa televideniye orqali namoyish etiladi.

Ilk sinovlardan biri 102 kilogrammli shtangani ko‘tarish bo‘ldi. Shakem kaftiga protezini qo‘yib, shtangani 20 marta ko‘tarishning uddasidan chiqdi.

Yana bir sinov - 40 yard (36 metr)ga yugurish. Bir kafti bo‘lmagan o‘yinchi bu masofani 4,38 soniyada bosib o‘tdi va so‘nggi 15 yilda o‘z pozitsiyasidagi eng tezkor futbolchi ekanini namoyish qildi.

Skautlar s'yezdidagi muvaffaqiyatli ishtirok Griffinning MFLga kirish imkonini oshirdi. Uni liga yulduzlari qo‘llab-quvvatlashdi, ba'zi menejyerlar esa uchrashuv belgilashdi. Shunday klublardan biri - Shakil Griffin ikki mavsumdan biri o‘ynaydigan «Sietl Sixoks». MFL drafti (o‘yinchilarni saralash jarayoni) 2018 yilning 26 aprelida bo‘lib o‘tadi.

Sports.ru

U MFL jamoalariga ochiq xat yozdi

Skautlar s'yezdidan oldin Shakem The Players Tribune nashri orqali amerikacha futbol jamoalari menejyerlariga xat yozdi. Griffin ilk murabbiylari uning amerikacha futbol o‘ynashiga yo‘l qo‘yishmagani, chunki "sport - ikki qo‘lli odamlar uchun" ekanini yodga oldi. Kollejning so‘nggi yilida mashg‘ulotlardan chalg‘imaslik uchun futbol maydonidagi havo to‘ldirilgan matrasda uxlaganini xotirladi.

Futbolchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ligaga murojaat qildi: "Agar siz MFL bosh menejyeri bo‘lsangiz va menga ishonsangiz, sizga shunchaki rahmat demoqchiman, chunki men siz haq ekaningizni isbotlayman. Agar ishonmasangiz, unda ham tashakkur. Shu tufayli men yanada yaxshi bo‘lishga harakat qilaman".

"Menga tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan barcha qiz va o‘g‘il bolalarning o‘z millati bordek tuyuladi.... Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, chunki bu dunyoda har bir inson nimaga qodirligini ko‘rsatishga loyiq va bunga javoban nimadir qo‘lidan kelmasligini eshitmasligi kerak".

Shakem Griffin, futbolchi

Shakemning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p odamlar doimo o‘zlarini arzimagan narsalar bilan oqlashga harakat qilishadi va oxir-oqibat o‘z maqsadlaridan uzoqlashishadi. Biroq u oxirigacha borishga va bir qo‘l bilan bo‘lsa-da, professional futbolchi bo‘lishga tayyor.

Mavzuga oid
Top