10:01 / 06.03.2018
54019

O‘zbekistonda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rasman tashkil etildi

Foto: Sputnik/ Sergey Subbotin

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ning:

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.

Qo‘yidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini ta'minlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

vazirliklar va idoralar jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublika maktabgacha ta'lim muassasalari, umumta'lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi va oliy ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va instruktorlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta'lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish;

bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, bolalar sport ta'limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sporti obektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish;

Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokni ta'minlash uchun istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;

mamlakatimizda professional, ommaviy sportni, shu jumladan sport o‘yinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar ko‘rishni rag‘batlantirish;

jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlari, obektlari va inshootlarining ommaviy sport, bolalar sporti va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanilishini ta'minlash, sport asbob-uskunalari hamda inventarlarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda qatnashish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, ta'lim va sport-ta'lim muassasalarini yuqori malakali trenerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta'minlash;

jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro va davlatlararo sport aloqalarini kengaytirish hamda mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etishga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid ommaviy adabiyotlar chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.

Vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida sport faoliyatini tashkil qilishda asoslilik, obektivlik va shaffoflikni ta'minlashga, shu jumladan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan davlat moliyaviy mablag‘laridan oqilona foydalanilishini tahlil qilish, aholining sport xizmatlaridan qoniqish darajasi va sport xizmatlaridan foydalana olish shart-sharoitlarini baholash, shuningdek, korrupsiya va boshqa suiiste'molchilik holatlarini aniqlash uchun mas'ul bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi tashkil etiladi.

Top