23:20 / 07.03.2018
24878

Murojaatdan keyin. Bosh vazir o‘rinbosari muammoni hal qilish uchun Namangandagi yengil sanoatchilar bilan uchrashdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonov Namangan viloyatida tikuv-trikotaj sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Ma'lum qilinishicha, Namangan viloyatida 1400ga yaqin korxona tikuvchilik sohasida faoliyat ko‘rsatadi. 2017 yilda 1379ta yengil sanoat korxonasi tomonidan 1,3 trillion so‘m qiymatidagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, 100dan ortiq turdagi sanoat mahsulotlari iste'molchilarga yetkazib berilgan. Shundan 80ta yengil sanoat ishlab chiqarish eksportyor korxonalari tomonidan 75 million AQSh dollariga teng eksport amalga oshirilgan.

«Ushbu ko‘rsatkich viloyat eksportining 37 foizini tashkil qiladi. Shu boisdan, yuzaga kelgan masalalarni atroflicha o‘rganib, birgalikda yechim topish uchun sizlar bilan suhbatlashmoqchiman», deydi Bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov.

U tadbirkorlarni o‘ylantirgan asosiy masalalardan biri davlat bojidan ozod etilgan yengil sanoat mahsulotlarini import qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. «Tegishli farmoyishda hech qanday cheklov yo‘q. Barchasi hisob uchun belgilangan, ammo qonunchilikda turli talqin paydo bo‘lgani uchun hukumat darajasida masala qayta ko‘rib chiqiladi. Tovarlarning TIFTN kodi ro‘yxat asosida kengaytirilgan holda yangidan taqdim etiladi», deb fikr bildirdi u.

Ochiq muloqotda namanganlik tikuvchi tadbirkorlar yangi tashkil etilgan «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi safida a'zo sifatida kirarkan, qonunda nazarda tutilmagan «metallallom» solig‘iga majbur etilayotganini bildirdi. Ma'lum qilinishicha, ayrim ishbilarmonlarga 2 tonnagacha «metallallom solig‘i»ni bajarish vazifasi yuklatilgan.

«Bu yerda masala yirik to‘qimachilik korxonalari haqida emas, balki mayda tikuvchilik sexlari bilan muloqot qilyapmiz. Katta texnologiyalardan foydalanuvchi korxonalar paxta toyini metall simga o‘ralgan holda qabul qiladi. Bu metallarni so‘ragan bo‘lishi mumkin, ammo xat orqali tushuntirish berib, ishni nazoratingizga olasiz», deb «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi o‘rinbosariga qarata so‘zida davom etdi Otajonov.

«Har bir xo‘jalik sub'yekti, tadbirkor import qilgan mahsulotlari uchun o‘rnatilgan tartibda davlat bojini to‘lashi lozim. Bizning tajribamizda shunday imtiyoz joriy etilganki, davlat byudjyetiga kelib tushishi nazarda tutilgan bojxona to‘lovidan voz kechib, mahalliy yengil sanoat ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida import mahsulotlarga qo‘yiladigan boj to‘lovini bekor qilganmiz. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor: imtiyozni taqdim etishda tizimlashgan mexanizmni ishga tushirib, hech kim cheklovni yaratmay, imkoniyatlar haqiqiy egasiga yetib borishini ta'minlash lozim. Qonundan tashqari, bozordagi chayqovchilarni yo‘qotish maqsadida uyushma tashkil etildi», deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Otajonovning aytishicha, uyushma xorijiy hamkorlar bilan yaqindan aloqa qilish uchun ko‘prik vazifasini o‘tab beradi. Chet davlatlardan yangi texnologiyalarni olib kirishda, shartnomalarning huquqiy jihatlarini soddalashtirishda katta yordam beradi.

«Biz tadbirkorlar tezkorlik bilan imtiyozlardan foydalanishini ta'minlash uchun uyushmaning filialini Namangan viloyatida tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Hech kim Toshkentga qatnamaydi, bu yerda hokimning tavsiyasi bilan uyushmaga xodimlar ishga olinadi, bino ajratiladi. Biz buni mavhum muddatga qoldirmaymiz», deb tashabbusni bildirdi Nodir Otajonov.

Bosh vazir o‘rinbosari ochiq muloqot mobaynida yengil sanoat ishlab chiqaruvchilari boj to‘lovisiz import qilinadigan mahsulotlarni hisoblash ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqilishini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Kun.uz saytida Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan tikuv-trikotaj soha vakillari tomonidan yuborilgan murojaat asosida maqola e'lon qilingandi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top