18:00 / 08.03.2018
20851

Kun.uz o‘quvchilari ko‘magi bilan Hindistonga yo‘l olgan bemorning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi

Shu yilning 25 yanvar kuni Kun.uz saytida «Jigar saratoniga chalingan 4 farzandning otasi ko‘makka muhtoj» sarlavhali maqola berilgan, unda Andijon viloyati, Shahrixon tumani, Mullaboy mahallasidagi «Nurli diyor» ko‘chasi 22-uyda yashovchi Axunovlar oilasi hayotning chigal chig‘irig‘iga duch kelgani haqida yozilgan edi.

Maqolada 4 farzandning otasi Begaliga jigar saratoni tashxisi qo‘yilgani, endi bemorni qimmat turuvchi - organ ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi qutqarishi mumkin ekanligi, uning ayoli Dildoraxon turmush o‘rtog‘ining dardiga tengma-teng sherik bo‘lish uchun o‘z jigarining 70 foizini donor sifatida berayotgani bayon qilingandi.

Taqdir sinoviga uchragan oilaga ko‘makka muhtojligi haqidagi ushbu maqola Kun.uz saytini kuzatib boradigan o‘quvchilarni befarq qoldirmadi va organ ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi uchun kerakli bo‘lgan 12 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ bir hafta mobaynida bag‘rikeng, ehsonli kishilar tomonidan yig‘ib berildi.

Nashrimiz muxbirlari Hindistonga ezgu niyat bilan otlangan oilani kuzatib qo‘ygandi.

Kuni-kecha o‘z turmush o‘rtog‘iga donorlik qilgan Dildoraxon Axunova aloqaga chiqib, 9 soat davom etgan, og‘ir jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirilgani haqida xabar berdi.

«Bizga yaqindan yordam bergan va duoda bo‘lgan insonlarning ko‘magi bilan turmush o‘rtog‘imning operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Shifokorlar menga allaqachon javob berishgan. Hozir mehmonxonadaman. Erimning jigari o‘sishini doktorlar nazorat qilib turishibdi. Hammasi yaxshi. Shu hafta oxirlarida erimga ham uyga qaytishga javob berishar ekan. Bizni ham moliyaviy ham ma'naviy qo‘llab turgan ezgu niyatli kishilarga oilamiz nomidan chuqur minnatdorchiligimizni bildiraman. Dunyoda yaxshi insonlarning ko‘pligini boshimizga tashvish tushganida sezdik. Barchangizdan Olloh rozi bo‘lsin!»,- deydi Dildoraxon Axunova.

KUN.UZ sayti xayriya loyihasida ishtirok etgan barcha insonlarga o‘z tashakkurini bildiradi. Zero, har qanday yaxshi amalning savobi bor.

Elmurod Ermatov

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top