19:48 / 09.03.2018
12821

Mourino Kloppga qarshi. Uikendning asosiy o‘yinlari

«Tribuna» Yevropa chempionatlaridagi navbatdagi tur o‘yinlarining eng muhim o‘yinlari anonsini beradi.

MANCheSTeR YuNAYTeD – LIVeRPUL (10 mart, 17:30)

Pelening aytishicha, bu qarama-qarshilik El-Klassiko bilan har tomonlama raqobatlasha olar ekan. Angliya futbolining eng durdona to‘qnashuvlaridan biri, shimoliy-g‘arbiy derbi deb ham ataladigan «Manchester Yunayted» va «Liverpul» o‘rtasidagi o‘yinning bu safargisi turnir nuqtai nazaridan ham juda muhim hisoblanadi.

Mourino shogirdlari 62 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borishmoqda va atigi ikki ochko farq bilan ularni ta'qib qilayotgan «Liverpul» ustidan qozonilgan g‘alaba mezbonlarni qolgan turlarda ishonchli harakat qilishlarini ta'minlaydi va Top-4 kurashida yaqqol favoritga aylantiradi. O‘z navbatida, «Liverpul» bu o‘yinda g‘alaba qozonish orqali ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin.

Ikki turdan beri «Liverpul» ikkinchi o‘rinni vaqtincha egallab olmoqda, ammo biroz kechroq tur o‘yinini o‘tkazayotgan «Manchester Yunayted» yakunda «Liverpul»ni quvib o‘tyapti. Bu safar agar Klopp jamoasi g‘alaba qozonsa, uzoq vaqtgacha 2-o‘rinni saqlab qolishi mumkin. Chunki kelasi haftada «MYu» ham, «Tottenhem» ham APL o‘yinida emas, kubok o‘yinlarida maydonga tushadi. Undan keyingi tur esa, mart oyining so‘nggi kuniga mo‘ljallangan.

Lekin shuni ta'kidlash kerakki, «Liverpul» David Moyyes davridan beri «Manchester Yunayted»ni APLda yutolmay kelyapti. Lui van Gaal davrida ikki mavsum «iblislar» faqat g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, Mourino va Klopp qarama-qarshiligi uch o‘yindan beri durang bilan tugamoqda. Shu davrdagi liverpulliklarning yagona g‘alabasi iki yil oldingi Yevropa Ligasi chorak finaliga to‘g‘ri keladi.

Umuman, o‘tgan mavsumlarda aynan top o‘yinlarda o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish qilib, g‘alaba qozongan Klopp jamoasi bu safar biroz o‘zgargan. Ushbu mavsumdagi 7 top o‘yinida «Liverpul» faqat 2 marta g‘alaba qozondi xolos. Bu ham o‘z maydonidagi o‘yinlarga to‘g‘ri keladi. Safarda o‘tkazgan har ikki top o‘yinida yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Ya'ni, «Liverpul»ga xos ochiq o‘ynash safar o‘yinlarida endi uncha ish bermayapti. «Manchester Yunayted» esa, «Old Trafford»da o‘tkazgan uch top o‘yindan ikkitasi g‘alaba qozondi.

Jamoalarning o‘yin oldidan holati biroz simmetrik ko‘rinish hosil qilgan. «Liverpul» hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida maydonga tushdi va raqibiga nisbatan bir kun kam dam oldi. Yurgen Klopp «Portu»ga qarshi o‘yinda Muhammad Salohni maydonga tushirmagan bo‘lsa-da, o‘zi va'da berganidek, asosiy tarkib bilan o‘ynadi. «Manchester Yunayted» esa, aksincha, bu o‘yindan uch kun o‘tib «Sevilya»ga qarshi muhim o‘yinda maydonga tushishi kerak. Chorak final masalasini hal qilib qo‘ygan «Liverpul» bemalolroq o‘ynaydimi yoki hafta o‘rtasida ko‘proq dam olgan «Manchester Yunayted»ning holati yaxshiroq bo‘ladimi, oldindan aytish qiyin.

Jarohatlarga kelsak, «Yunayted»dagi uzoq muddatga safdan chiqqan Fellayni va Erreradan tashqari, Marsiyal, Blind, Roho va Ibrahimovichning maydonga qaytishlari so‘roq ostida. «Liverpul»da holat yaxshiroq, faqat Jordan Xendersonda kichik jarohat paydo bo‘lgan, ammo uning ham ertaga jamoasiga yordam berish ehtimoli mavjud.   

SeVILYa – VALeNSIYa (10 mart, 20:15)

Bu o‘yin andalusiyaliklar uchun Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlar uchun kurashdagi so‘nggi imkoniyatlardan biri bo‘lishi mumkin. «Sevilya» 45 ochkoga ega, raqibi «Valensiya» esa, 53 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turibdi. Faqat bu o‘yinda g‘alaba qozonibgina, mezbonlar o‘rtadagi farqni qisqartirishlari va keyingi turlar uchun qandaydir umidga ega bo‘lishlari mumkin. Agar jamoa YeChL da qatnashishdan hali ham umid qilayotgan bo‘lsa albatta.

Aks holda, «Sevilya» o‘tgan yilgi «Selta»ning tutgan yo‘lidan borishi va ichki chempionatda ikkinchi tarkibni tushirib, bor imkoniyatini yevrokubokka qaratishi mumkin. Chorak final hali qanday bo‘ladi, no'malum, ammo ayni paytda «Manchester Yunayted»ga qarshi ispanlarda imkoniyat yo‘q emas. Bu o‘yindan atigi uch kun o‘tib, jamoa «Old Trafford»ga safar qiladi.

O‘zaro o‘yinlarga e'tibor bersak, deyarli tenglikni ko‘ramiz. Va qiziq tarafi, har doim bu juftlikda maydon egasi bo‘lgan tarafning ustunligi katta bo‘lgan. Sevilyada o‘tgan so‘nggi 8 o‘yinning oltitasida mezbonlar g‘alaba qozonishgan va 2 o‘yin durang bilan yakunlangan. Jamoalarning birinchi davrada «Mestalya»da bo‘lib o‘tgan o‘yinida esa, «Valensiya» 4:0 hisobida ustun kelgandi.

Tarkiblarga kelsak, «Sevilya»dan himoyachi Korshiya hali ham lazaretda qolmoqda, ammo Banega, Eskudero, Vaskes, Ker kabi futbolchilarning to‘liq formaga qaytganliklarini e'tirof etish kerak. Faqat Xesus Navasda kichik jarohat yuzaga keldi va Montella uni ushbu uchrashuvda maydonga tushirmasligi mumkin. «Valensiya»da esa, Perreyra, Garay va Ximenes kabi futbolchilar mashg‘ulotlarga qaytdi. Ammo so‘nggi turlarda hujumda ancha sermahsul o‘ynab turgan Santi Mina shu oy oxirigacha safdan chiqdi. 

BORUSSIYa – AYNTRAXT (11 mart, 22:00)

Kuchli beshlikka kiruvchi to‘rt ligada chempionlik masalasi deyarli hal bo‘lsa-da, chempionlar ligasi yo‘llanmalari uchun kurash qizg‘in davom etmoqda. Xuddi Sevilyadagi o‘yin kabi, mana shu o‘yinda ham ushbu yo‘llanmalar uchun da'vogar jamoalar o‘zaro bahs olib borishadi. Hozirda «Borussiya» va «Ayntraxt» mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinda borishmoqda, ammo orqadan «Bayyer» va «Leyptsig» ta'qib qilib kelmoqda va ular bilan o‘rtadagi farq atigi 2-3 ochkoni tashkil qilyapti xolos. Ya'ni, bu o‘ynda mag‘lubiyatga uchragan jamoa tur oxirida kuchli to‘rtlikdagi o‘rnidan mosuvo bo‘lishi mumkin.

Dortmundliklarning bu o‘rinlar uchun kurashi avvaldan ma'lum bo‘lsa, «Ayntraxt» asosan mavsumning ikkinchi yarmidagi o‘yinlari tufayli yuqori o‘rinlarda paydo bo‘lib qoldi. Frankfurt jamoasi oxirgi 11 o‘yinning 9tasini o‘z foydasiga hal qila oldi. Ayniqsa, asosiy raqobatchilardan biri «Leyptsig» ustidan qozonilgan g‘alabani alohida e'tirof etsa arziydi.

O‘zaro o‘yinlarga qaralsa, «Borussiya»ning yaqqol ustunligini ko‘rish mumkin. So‘nggi 16 o‘yinning 4tasida frankfurtliklarning qo‘li baland kelgan va bu g‘alabalarning barchasi o‘z maydonidagi o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan. Aynan Dortmunddagi so‘ngi 8 o‘yinda «Borussiya» g‘alaba qozonmoqda. Shuningdek, ushbu mavsumdagi ilk uchrashuv ham juda qiziqarli kechganini eslash kerak – birinchi taymda 2:0 hisobida oldinga chiqib olgan mehmonlar g‘alabani ushlab qola olishmagandi. «Ayntraxt» ikkinchi bo‘limning o‘rtalarida, 5 daqiqada ikki gol urib, hisobni tenglashtirishning uddasidan chiqqandi.

INTeR – NAPOLI (11 martdan 12 martga o‘tar kechasi 00:45)

«Napoli» hali ham turnir jadvalida peshqadamlikni saqlab turgan bo‘lsa-da, endi ustunlik «Yuventus» tarafiga o‘tdi. Yo‘qotilgan ochkolar hisobida turinliklar peshqadam, ya'ni qoldirilgan bir uchrashuvni yutish orqali, Allegri shogirdlari «Napoli»ni quvib o‘tishlari mumkin.

Chempionlik kurashi nuqtai nazaridan «Yuventus»ning YeChLda keyingi bosqichga chiqqani neapolliklar uchun ayni muddao bo‘lishi mumkin. Hech bo‘lmasa, yana bir oyga turinliklarni chalg‘itib turuvchi qo‘shimcha turnir ham bor. Aks holda, yetakchilikni qo‘lga olgan «Yuventus»ning to‘xtab qolishi haqida o‘ylash oson emasdi.

Kutilmaganda, o‘z maydonida «Roma»ga imkoniyatni boy berib, juda og‘ir zarba qabul qilgan «Napoli» uchun bu safar ham oson bo‘lmaydi. «Inter» birinchi davradagi sport formasidan ancha uzoq, so‘nggi 12 o‘yinning atigi 2tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, baribir «Inter»... Ayniqsa, jamoa ligada 5-o‘ringa tushib ketgach, endi ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q va bu o‘yinda g‘alaba qozonish uchun bor budini tashlaydi.

Jarohatlanganlar borasida har ikki jamoada katta muammolar yo‘q. «Inter» ikki haftadan beri Rinokkiyasiz o‘ynamoqda. «Napoli» tarkibida esa, himoyachilar Fevzi G‘ulom va Kirikesh yo‘q.

Jamoalarning o‘zaro o‘yinlariga e'tibor qaratsak, so‘nggi yillarda «Napoli»ning ustunligi yaqqol seziladi. A Seriyadagi oxirgi 18 o‘yindan atigi 3tasida «Inter» g‘alaba qozongan, xolos. Birinchi davrada bo‘lib o‘tgan o‘yinda hisob ochilmagandi.

BOShQA O‘YINLAR:

9 mart: ROMA – Torino (9 martdan 10 martga o‘tar kechasi 00:45)

10 mart: Eybar – ReAL (17:00), BAVARIYa – Hamburg (19:30), PSJ – Metts (21:00), CheLSI – Kristal Pelas (22:00), Malaga – BARSeLONA (10 martdan 11 martga o‘tar kechasi)

11 mart: ARSeNAL – Uotford (18:30), YuVeNTUS – Udineze (19:00), Bornmut – TOTTENHEM (21:00), Jyenoa – MILAN (22:00), ATLeTIKO – Selta (20:15)

12 martdan 13 martga o‘tar kechasi: Stok Siti – MANCheSTeR SITI (01:00)

Top