15:50 / 09.03.2018
20108

O‘zbekistonning Saudiyaga qarshi o‘yinlari bekor qilindi. Raqib o‘zgardi

Foto: The-afc.com

Shu yilning mart oyida belgilangan O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Saudiya Arabistoniga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yini bekor qilindi. Bu haqda O‘FA rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Manbaning yozishicha, endilikda O‘zbekiston U-23 terma jamoasi mart oyida Saudiya Arabistoni o‘rniga Keniya U-23 terma jamoasiga qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘yinlarning bekor bo‘lishini Saudiya Arabistoni vakillarining kuchsiz ekani bilan izohlagan.

«Ravshan Haydarov boshchiligidagi terma jamoa oldiga Tokioda bo‘ladigan Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan. Shu sababli ular Olimpiya o‘yinlari saralashiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi uchun kuchliroq raqib bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Saudiya Arabistoniga hurmat saqlagan holda shuni ta'kidlash kerakki, ushbu terma jamoa Osiyo vakili. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa Osiyoda tengsiz ekanini Xitoydagi musobaqada isbotlab bo‘ldi.

Shu sababdan O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi O‘zbekiston uchun kuchliroq raqib topish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirdi va Afrikaning kuchli terma jamoalaridan biri bo‘lgan Keniya U-23 terma jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Afrika terma jamoalari jismoniy jihatdan ancha baquvvat va kuchli raqib hisoblanishadi, qolaversa, o‘z oldiga Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olish vazifasini qo‘ygan O‘zbekiston uchun ham bu terma jamoa bilan o‘yin o‘tkazish ancha qiziqarli va foydali bo‘ladi.

23 mart kuni Andijonda, 26 mart kuni esa Farg‘onada Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-23 keniyalik tengdoshlariga qarshi bahs olib borishadi. Har ikki o‘yinning boshlanishini muxlislar uchun qulay bo‘lgan vaqt - soat 20:00ga belgiladik», - deya Ahmadjonovning so‘zlarini keltiradi O‘FA rasmiy sayti.

Top