08:20 / 10.03.2018
8954

Qatar BAA ustidan BMTga arz qildi

Foto: aa.com.tr

Qatar BMTga BAA ustidan arznoma yo‘lladi. U qo‘shni davlatni suv hududlarini buzishda ayblamoqda.

Qatarning BMTdagi doimiy vakili Ahmad bin Saif ol Soniy BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va BMT Xavfsizlik kengashi raisi, Niderlandiyaning doimiy vakili Karel van Osteromga Abu-Dabi ustidan shikoyat maktubini yo‘llagan.

Doxaning noroziligiga 19 yanvarda Fors ko‘rfazida yuz bergan voqea sabab bo‘lgan.

“BAA bayrog‘i ostidagi harbiy kemadan suvga harbiylar bo‘lgan kater tushirilgan. Kater Qatar iqtisodiy hududi chegaralarini buzgan va 8 hind bo‘lgan baliq ovlovchi kema yo‘nalishini o‘zgartirib, BAA suv huddudlariga kirishga majbur qilgan”, deb aytilgan maktubda.

Hujjatda xalqaro hamjamiyat olib ketilgan hindlarni ozod qilish va Abu-Dabi xalqaro qonunlarni hurmat qilishi maqsadida unga bosim o‘tkazishda xayrixohlik qilishga chaqirilgan.  

Abu-Dabi bu ayblovlarga izoh bermagan.

Qatar yanvarda BMT bosh kotibi va Xavfsizlik kengashiga BAAning harbiy yuk samolyoti uning havo hududini buzgani yuzasidan arznoma yo‘llagandi.

Top