21:00 / 12.03.2018
19457

Surxondaryo Koreya fuqarolari uchun xavfli hududlar ro‘yxatidan chiqarildi

Surxondaryo viloyati Koreya Respublikasi fuqarolari uchun salohiyatli xavfli hududlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bunga qadar viloyat yuqori xavfga ega hududlar qatoriga kirgan va sayohat uchun tavsiya qilinmagandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Qo‘mitaning bu boradagi sa'y-harakatlari o‘z natijasini berdi.

Koreya Respublikasi elchisi Kvon Yon-U viloyatga tashrif buyurdi, rivojlanayotgan infratuzilma hamda mintaqada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi va turistik sanoat rivojlanishiga doir ma'lumotlarga ega bo‘ldi. Jumladan, u mamlakatning bir necha sayyohlik markazida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan turistik politsiya faoliyati va xavfsiz turizm konsepsiyasi bilan yaqindan tanishdi.

Shu munosabat bilan 2 martdan e'tiboran Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Termiz va Afg‘onistonga chegaradosh hududlarni Koreya fuqarolari uchun sayohat vaqtida alohida e'tibortalab hududlar ro‘yxatiga kiritishga doir qarorini bekor qildi. Bu minglab koreyaliklarning O‘zbekistonga sayohat qilishi uchun imkon yaratadi, shuningdek mamlakat bilan iqtisodiyot, turizm va madaniyat sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga turtki beradi. 

Top