12:50 / 12.03.2018
27322

Toshkent yo‘llarida maksimal tezlik pasaytirilishi mumkin

Toshkent shahri yo‘llarida, xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda, eng yuqori tezlik pasaytirilishi mumkin. Bu haqda ShIIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev 10 mart kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida ma'lum qildi. 

ShIIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev. Foto: KUN.UZ

“Yo‘l-transport hodisalarida o‘lim bilan bog‘liq holatlarni kamaytirish bo‘yicha hozircha alohida bir dastur mavjud emas. Bu yo‘nalishda ish olib borilmoqda. Aytaylik, shahar IIBB YHXB o‘z yo‘nalishida, shahar hokimligi o‘z yo‘nalishida ayrim ishlarni amalga oshirmoqda. Ammo Toshkentda eng yuqori tezlik asosan soatiga 70 km sifatida belgilangan. 

Ba'zi joylarda, xususan mahallalarda va ayrim mavzelarda bu cheklov soatiga 50 va hatto 30 km.ni tashkil etadi.  Ammo fuqarolar orasida haydovchilik madaniyatini oshirmasak, yo‘l harakati ishtirokchilarining o‘zaro bir-biriga nisbatan hurmatini oshirmasak, har qanday choralar ham yordam bermaydi. 

Biz dunyo shaharlaridagi maksimal tezliklarni o‘rganganimizda, dunyoning 29 mamlakatida maksimal tezlik soatiga 50 km bilan cheklanganini aniqladik. Londonda, masalan, bu ko‘rsatkich soatiga 48 kmni tashkil etadi. MDHga a'zo bo‘lgan Qozog‘iston, Rossiya va Armaniston davlatlaridagi shaharlarda maksimal tezlik 60 km/soat etib belgilangan. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, avtomobilning quruq asfalt yo‘lda 60 km/s tezlikda harakatlanganida tormoz yo‘li 70 km/soat tezlikda harakatlanayotganiga qaraganda 12 metrga qisqaradi”, - dedi Rustam Jo‘rayev ochiq muloqotda. 

Top