20:50 / 12.03.2018
34006

O‘zbekistonni rivojlantirish uchun «miya markazlari» kerak

Har qanday davlat rivojlanishida aql, tahlil va oddiy mantiq muhim rol o‘ynaydi. Agar davlatni tirik organizm deb tushunsak, biz bilgan ko‘plab davlatlarning rivojlanishida «miya markazlari» yoki «tahlil markazlari» (think tanks) muhim o‘rin egallaganiga guvoh bo‘lish mumkin. Xo‘sh, O‘zbekistonda tahlil markazlarning ahvoli qanday?

Bu mavzuda avvalo statistikaga murojaat qilinadi: AQShda joylashgan Pensilvaniya universiteti tadqiqotchilari har yili jahonda faoliyat yuritayotgan tahlil markazlarini o‘rganadi. Shuningdek, ular bir davlatda nechta tahlil markazlari mavjud, bunday markazlar nima bilan shug‘ullanishi kabi masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Ma'lumotlar ko‘ra, Yer qit'asida jami 7815 tahlil markazlari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shulardan 26,2 foizi Yevropada joylashgan, 25.2 foizi esa Shimoliy Amerikada joylashgan. Nisbatan quyi pog‘onada, 20,7 foiz ulush bilan Osiyo reyting «uchligi»ni yakunlaydi.

Mamlakatlar kesimida tahlil qilinganda, birinchi beshtalikni qo‘yidagi davlatlar egallamoqda:
•  Amerika Qo‘shma Shtatlari – 1872;
•  Xitoy – 512;
•  Buyuk Britaniya – 444;
•  Hindiston – 293;
•  Germaniya – 225.

Ushbu reytingda Rossiya Federatsiyasi 103 tahlil markazi bilan 9-pog‘onani egallagan.

Pensilvaniya universiteti statistik ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 12ta tahlil markazi faoliyat yuritmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda, Qozog‘istonda - 28, Qirg‘izistonda – 27 va Tojikistonda – 7ta tahlil markazi mavjud, Turkmaniston haqida esa ma'lumot mavjud emas.

Markaziy Osiyoda kuchli tahlil markazlari ro‘yxatida O‘zbekistondan qo‘yidagi tashkilotlar ishtirok etmoqda: Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqot instituti va «Tahlil» ijtimoiy o‘rganish markazi. Ta'kidlash joizki, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi Markaziy Osiyoning tahliliy markazlari ro‘yxatida 12-o‘rinni egallab turibdi.

Katta hisobotda birinchi navbatda oziq-ovqat xavfsizligi bilan shug‘ullanadigan tahlil markazlari ro‘yxati keltiriladi. Tabiiyki, oziq-ovqat sanoati va uni boshqarish juda muhim ijtimoiy-iqtisodiy siyosat bo‘g‘ini hisoblanadi. Shunday qilib, ro‘yxatning birinchi o‘rnida AQSh ko‘rsatilgan, ya'ni ushbu davlatda 56ta tahlil markazi oziq-ovqat bilan bog‘liq barcha muammolarni o‘rganishadi: eksport, import, talab, taklif, yer va suv resurslari, chorvachilik, bog‘dorchilik, issiqxonalar, sifat ko‘rsatkichlari, laboratoriya o‘rganishlari va hokazo.

Shu omil tufayli AQShda unchalik oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolar ko‘zga tashlanmaydi, narx-navo odatda bir tekisda saqlanadi. Afsuski, mazkur ro‘yxatda O‘zbekiston yo‘q, balki shuning uchun ham bizda qish kelishi bilan kartoshka muammosi boshlanadi va ushbu faslda gilos yoki qulupnayni deyarli topib bo‘lmaydi. Bu ro‘yxatda hatto biron-bir MDH davlatini ham uchratish qiyin.

Shuningdek, hisobotda ayrim sohalarda yuqori o‘rinlarni egallagan tahlil markazlari haqida ma'lumot mavjud. Jumladan, milliy xavfsizlik va mudofaa masalalari bilan shug‘ullanuvchi tahlil markazlari ham ayniqsa AQShda rivojlangan. Ya'ni, 22ta tashkilot AQShda shunday muammolar bilan shug‘ullanadi. Afsuski, ushbu ro‘yxatda ham O‘zbekiston yo‘q, qo‘shni davlatlardan esa faqatgina Qozog‘istonda bitta tahlil markazi ushbu muammolar bilan talab darajasida shug‘ullanadi. Rossiya Federatsiyasida milliy xavfsizlik va mudofaa muammolarini talab darajasidagi 5ta tahlil markazi o‘rganadi.

Talab darajasida ichki iqtisodiy muammolar bilan AQShda 25ta tahlil markazi shug‘ullanadi. Vaholanki, ro‘yxatning qolgan asosiy qismini ham Amerika Qo‘shma Shtatlarining tahlil markazlari egallagan. Masalan, ta'lim tizimida faoliyat yuritayotgan birinchi kuchli o‘ntalikni ko‘rib chiqaylik: 1-o‘rinni Yaponiyaning Ta'lim siyosatini o‘rganish milliy instituti egallagan bo‘lsa, 8-o‘rinda Chexiya Respublikasining Ijtimoiy va iqtisodiy strategiyalar markazi. O‘ntalikdagi qolgan barcha o‘rinlarni AQSh tahlil markazlari qo‘lga kiritgan. Demak, ushbu davlatlarda ta'lim tizimiga e'tibor yetarli darajada tashkil etilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yoki ta'lim sohasida paydo bo‘ladigan har qanday muammoga o‘z vaqtida «muolaja» tayyorlanmoqda.

2017 yil davomida yangi tashkil etilgan tahlil markazlari qatorida O‘zbekistonda tashkil topgan «Taraqqiyot strategiyasi» markazi egallab turibdi. 2017 yilda ham eng ko‘p tahlil markazlari AQShda tashkil etilgan bo‘lib, ularning soni 14tani tashkil etdi.

Tahlil markazlari aslida nima uchun kerak? Odatda, ular mustaqil ravishda, biron-bir muammoni chuqur o‘rganishadi: ma'lumotlar yig‘ish, tahlil qilish va masalaga ta'sir etuvchi omillarni aniqlash usuli ham o‘zgacha bo‘ladi. Masalan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga to‘xtalsak, hozirda ushbu muammo bilan asosan davlat tashkilotlari shug‘ullanmoqda. To‘g‘ri, ancha harakatlar amalga oshirilmoqda, soha asta-sekinlik bilan rivojlanmoqda, ammo barcha jabhalarni qamrab olishga bu tashkilotlarning kuchi yetadimi? Shuning uchun ham rivojlangan davlatlarda tahlil markazlariga yordamchi kuch sifatida alohida e'tibor beriladi.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, davlat tashkilotlari tashkiliy ishlar bilan band bo‘ladi. Faraz qiling: shu onda kim O‘zbekistonda issiqxonalarning rivojlanishi bilan mukammal darajada shug‘ullanadi? Albatta, bu muammo bilan yuqorida aytilgan tahlil markazlari shug‘ullanishi mumkin. Ular shunchaki «shu viloyatda shuncha issiqxona tashkil etildi, shuncha hosil olindi va faloncha kishi ish bilan ta'minlandi» degan prinsip bilan ish tutishmaydi. 

Sababi, sayoz tahlil qilinsa, kelasi yil ushbu issiqxonalarning yarmi yo‘q bo‘lib ketishi tayin. Ta'kidlab o‘tish joizki, tahlil markazlari umuman «bugungi kun» prinsipi bilan ish qilishmaydi. Ular, kerak bo‘lsa, 20-30 yil oldingi tajribani o‘rganishadi, hozirgi holatni tahlil qilishadi va kamida 40-50 yillik prognoz qilishadi. Issiqxonalar o‘rganilganda, aholi soni, fermerlar soni, yer va boshqa tabiiy resurslar, ishchilar, talab va taklif, ehtiyojlar, yuridik, soliq va moliyaviy masalalar hamda barcha mayda detallarga alohida e'tibor beriladi. Kerak bo‘lsa, issiqxona qurish uchun ishlatiladigan armatura, temir va polietilen ham o‘rganiladi. Xalqimizda bir gap bor, «chumchuqni so‘ysa ham, qassob so‘ysin». Tom ma'noda, tahlil markazlari ma'lum bir sohaning haqiqiy professional va tajribali «qassoblari» bo‘lishadi.

Davlat odatda «qilinsin», «bajarilsin», «taqiqlansin» yoki «jazolansin» deydi. Tahlil markazlari esa kim, nima, qanday, qachon, qayerda, nimaga va qancha deyishadi.   

Keling, kundalik hayotimizda yuz berayotgan yana ayrim muammolarni ko‘rib chiqaylik. Masalan, imkoniyati cheklangan kishilarni ish bilan ta'minlash masalasi. Bir necha marotaba ushbu mavzu ommaviy axborot vositalarida ko‘tarildi-yu, hanuzgacha masala talab darajasida hal etilgani yo‘q. Endi aytingchi, O‘zbekistonda imkoniyati cheklanganlar va shu kabi ijtimoiy muammolar bilan shug‘ullanuvchi tahlil markazi bormi? Men topa olmadim. Agar shunday professional tahlil markazi bo‘lganida, balki muammo allaqachon hal etilgan bo‘lardi. Chuqur tahlil asosida O‘zbekistondagi barcha shu toifa kishilar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilardi, ularning nechtasiga ishlash mumkin, nechtasiga mumkin emas, ular uchun qanday ish sharoitlarini yaratish kerak, buning uchun moliya va qonunchilik bazasi qay darajada, xavfsizlikni ta'minlash yo‘lga qo‘yilganmi, ijtimoiy himoya nima bo‘ladi, sug‘urta, maxsus trening va hokazo.

Ko‘rinib turibdiki, Amerika Qo‘shma Shtatlarida tahlil markazlarining rivojlanishiga alohida e'tibor berishadi. Ayrim vaziyatlarda turli xorijiy nashrlarda AQSh salbiy harakatlarda ayblanayotgani, hammaning ichki siyosatiga aralashaverishi haqidagi xabarlarga duch kelamiz. Shunga qaramasdan o‘sha kishilar ham hisob-kitobni AQSh valyutasi – dollarda amalga oshiradi. Bozorda kvartirani ham, mashinani ham dollar qiymatida hisoblaydi. Balki, AQSh 1872 tahlil markaziga ega bo‘lgani uchun ham pul-kredit siyosatida aniq yo‘nalishga ega bo‘lgani unga qo‘l kelar? 1872ta tashkilotning har birida o‘rtacha 20 nafardan xodim ishlasa, ular har yili bittadan fikr berishsa ham 37440ta fikr tayyor. Har yili hech bo‘lmaganda 1872ta muammoni chuqur o‘rganish va ularni ijobiy hal etish ham taraqqiyot garovidir. Siz o‘ylagandek, Amerika Qo‘shma Shtatlari ham o‘z-o‘zidan «Amerika» bo‘lib qolmagan. Bu ilm-fan, tinimsiz izlanish, o‘rganish, fikrlash, tahlil, tartib, intizom va albatta qattiq mehnat hosilidir.

Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar O‘zbekistonda tahlil markazlarning rivojlanishiga alohida e'tibor berishadi. Natijada, barcha yuz berayotgan muammolar tahlil qilinadi va vatanimiz bundan ham rivojlanadi. Chegaralarimiz boshqa davlatlar bilan o‘ralgan, resurslari chegaralangan va hech bo‘lmaganda biron-bir dengizga chiqmagan mamlakatimizga 12ta emas, balki undan ham ko‘proq tahlil markazlari kerak.  

Ulug‘bek Akbarov
Huquqshunos

Top