16:30 / 14.03.2018
6162

Djyeko-pot. «Roma» nihoyat chorak finalda

Rimliklar nimchorak finalning javob o‘yinida bosniyalik futbolchining yagona goli evaziga g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqishdi.

ROMA – ShAXTYoR – 1:0 (0:0)
Gol: Djyeko, 52.
«Roma» (Rim): Alisson, Florentsi, Manolas, Fasio, Kolarov, Nainggolan, De Rossi, Strotman, Dengiz Under (Jyerson, 65), Djyeko (El-Shaaravi, 89), Perotti.
«Shaxtyor» (Donetsk): Pyatov, Butko, Ordets, Rakitskiy, Ismaili, Marlos (Dentinyu, 82), Fred, Stepanenko (Patrik, 74), Tayson, Bernard, Ferreyra.
Ogohlantirishlar: Florentsi, 39. Manolas, 54. Stepanenko, 71. Fred, 76. Ferreyra, 80.
Chetlatish: Ordets, 79.
Hakam: Undiano Malenko (Ispaniya).
13 mart. Rim. «Stadio Olimpiko».
Birinchi o‘yin - 1:2.

Monchining tavqi la'nati
«Roma» - «Shaxtyor» o‘rtasidagi javob bahsidan oldin barcha bu safar afsonaviy sport direktori, 1 yil muqaddam Andalusiyadan Rimga kelgan Monchi bilan bog‘liq statistikani muhokama qila boshladi. U turnirning nimchorak finalida «Sevilya» bilan 3 marta o‘ynagan va 3 safar ham chorak finalga chiqa olmagandi. Andalusiyaliklar 2007-08 yilgi mavsumda «Fenerbahche»ga, 2008-09 yilgi mavsumda TsSKAga, 2016-17 yilgi mavsumda «Lester»ga yutqazgandi. Uning sovrinlar burchagida ikkita UYeFA Kubogi va 3ta Yevropa Ligasi Kubogi bor, ammo u jamoasi bilan YeChLning chorak finaliga ham chiqa olmagandi.

Uzoq kutilgan g‘alaba
Monchiga aloqador bo‘lmagan holda Rimda ham xalqaro turnirlardagi katta g‘alabalarni uzoq vaqt kutib qolishgandi. Oxirgi marta rimliklar Yevropa Chempionlar ligasi chorak finaliga 10 yil muqaddam, 2007-08 yilgi mavsumda chiqishgandi. O‘z navbatida «Shaxtyor» o‘z tarixida bu bosqichda faqat bir marta o‘ynagan, o‘shanda ham, 2011 yil bahorida nimchorak finalda aynan «Roma» to‘sig‘idan o‘tilgandi. Ikki jamoadan biri seshanba oqshomida muvaffaqitsizlikka chek qo‘yishi kerak edi va bu «Roma» bo‘ldi.

Safarda ham o‘z uyingdagidek
Rimdagi o‘yinning birinchi bo‘limida ukrainlar to‘la ustunlik qilishdi. «Roma» safarda gol ura olgani tufayli o‘z uyida minimal hisobdagi g‘alaba evaziga keyingi bosqichga chiqishi mumkinligini hisobga olib, birinchi navbatda gol o‘tkazmaslikka harakat qildi. O‘yinning dastlabki qismidagi 20 daqiqada rimliklar raqib jarima maydonchasiga yaqinlashishmadi. Faqat birinchi bo‘lim oxirida maydon egalarida faollik kuzatila boshlandi.

Strotmanning dohiyona pasi
Rimliklar tanaffusdan keyin jiddiyroq harakat qila boshlashdi. De Rossi fint qilib, bir necha raqibni dog‘da qoldirdi va undan to‘pni qabul qilib olgan Strotman kutilmagan pas bilan Djyekoni Pyatov bilan yakkama-yakka holatga chiqardi, bosniyalik futbolchi esa to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan aniq o‘tkazdi. U o‘yinda yana gol urishi mumkin bo‘lgandi, ammo hisob o‘zgarmadi.

O‘yin yakunlana borgan sari ukrainaliklarning asablari bardosh bermay qola boshladi va Ordets Djyekoga ishlatgan qo‘polligi tufayli maydonni erta tark etdi. O‘yin oxirida kamchilik bo‘lishiga qaramasdan mehmonlar hisobni tenglashtirishga urinishdi va tinmay hujum qilishdi, ammo Monchining tavqi la'nati tugab bo‘lgandi. Rim 10 yil ichida ilk marta Chempionlar ligasi chorak finaliga chiqdi.

Nazvaniye
Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top