23:40 / 14.03.2018
13947

Qirg‘iziston delegatsiyasi vakillari Namanganga kelishdi

Foto: KUN.UZ

Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyatining rasmiy delegatsiyasi ikki tomonlama yaqin qo‘shnichilik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida bugun Namangan viloyatiga keldi. Bu haqda “KUN.UZ” tahririyatining Namangandagi muxbiri xabar berdi.

Qirg‘iziston hukumatining Jalolobod viloyatidagi vakolatli vakili Qiyanbek Sotiboldiyev boshchiligidagi mehmonlar Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy-avto” nazorat-o‘tkazish maskanida punktida karnay-surnay sadolari ostida tantanali kutib olindi. Delegatsiya tarkibidan Jaloloboddagi huquqni muhofaza qilish idoralari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, sakkizta rayonning hokimlari, fan-ta'lim, madaniyat, san'at hamda sog‘liqni saqlash sohalari xodimlari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar o‘rin olishgan.

E'tirof etish kerakki, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentlarining sa'y-harakatlari bilan ikki xalqlar o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik rishtalari rivoj topib bormoqda. Ayniqsa, o‘tgan 2017 yilda bu borada katta islohiy o‘zgarishlar yuz bergani natijasida ikki tomonning uzoqdan beri ushalmay kelayotgan orzu-umidlari ro‘yobga chiqa boshladi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tamomila ijobiy tomonga o‘zgardi. Qirg‘iziston rahbari Sooranboy Jeenbekov ham prezident sifatidagi ilk xorijiy davlat tashrifini aynan O‘zbekistonga amalga oshirgani ham fikrimizdan yorqin dalolat.

Mehmonlar tashrif avvalida Namangan shahridagi “Motamsaro ona” yodgorligi poyiga gullar qo‘yishdi. Shundan so‘ng, delegatsiya a'zolari “Yoshlar markazi” konferensiyalar zalida tashkil etilgan zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan sanoat, qurilish, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishib, biznes vakillari bilan muloqotda bo‘ldilar.

Ikki tomonlama muzokaralar hamda tadbirkor va ishbilarmonlari ishtirokidagi biznes forumi qizg‘in va amaliy ruhda kechdi. Forumda so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov, Qirg‘iziston Respublikasi hukumatining Jalolobod viloyatidagi vakolatli vakili Qiyanbek Sotiboldiyev tili va dili, e'tiqodi bir bo‘lgan ikki xalqning hamkorlik rishtalari ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, hamfikrligi va mushtarak intilishlari tufayli yanada mustahkamlanayotgani aytib o‘tishdi.

Namangan viloyatining investitsiya salohiyatiga doir taqdimotida O‘zbekiston va Qirg‘iziston tadbirkorlariining to‘qimachilik, charm poyabzal, farmatsevtika, qurilish sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik, turizm, sog‘liqni saqlash kabi yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlari katta ekani keltirildi. Qayd etilganidek, 2016 yilda Namangan va Jalolobod viloyatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasi 5 million 200 ming dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan 2017 yilda mazkur ko‘rsatkich 10 million 600 ming dollarga yetdi.

Mehmonlar Namangan shahridagi “Do‘stlik uyi”da yaratilgan shart-sharoitlar va tashrif sharafiga tashkillangan bayramona tus olgan madaniy tadbirlarga yuqori baho berdilar. O‘tgan yilning dekabr oyida kapital rekonstruksiya qilinib, viloyatdagi koreys, rus, tojik va qirg‘iz milliy madaniy markazlari ixtiyoriga topshirilgan ikki qavatli zamonaviy binoda boshqa millatga mansub yurtdoshlarimizni bir oila atrofida do‘st va inoq bo‘lib, faoliyat yuritishlari ta'minlangan.

Mafiratxon Istamqulova, Namangan viloyati qirg‘iz milliy-madaniy markazi raisi, Mehnat shuhrati ordeni sohibi:

 - O‘zbek va qirg‘iz xalqlari azaldan yaqin qo‘shni, qavmu qarindosh sifatida ahil va inoq yashab kelgan. Bizni azal-azaldan boy do‘stona qadriyatlar chambarchas bog‘lab turadi. Tarixi, urf-odat va an'analari, madaniyatimiz mushtarak bo‘lgan ikki qardosh xalq bir ariqdan suv ichadi.

 E'tirof etish joiz, o‘zaro davlat tashriflari chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qirg‘iziston – bizning yaqin qo‘shnimiz. Shuning uchun bizning oramizda hech qanday chegara bo‘lishi mumkin emas. Biz bir-birimizga qalbimizni, bag‘rimizni ochdik” degan fikrlari yoki Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooranboy Jeenbekovning “Siz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi davlat chegarasini chinakam do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va sheriklik chegarasiga aylantirdingiz” degan e'tiroflarida ikki qardosh xalqning xohish-irodasi mujassam bo‘ldi.

Bugungi kunda 2 million 700 ming aholiga ega bo‘lgan viloyatimizda 22 ming 300 nafardan ziyod qirg‘iz millatiga mansub fuqaro istiqomat qilmoqda. 1 milliondan ziyod kishiga teng Jalolobod viloyati ahlining 27 foizi o‘zbeklarga to‘g‘ri keladi. Bu ham o‘z navbatida xalqlarimiz o‘rtasidagi rishtalar mustahkam ekanidan dalolat.

Turdali Temirbayev, Jalolobod shahri meri:

– Shukurkim, bugun Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari uchun andoza bo‘la olyapti, desak aslo mubolag‘a emas. Boisi, ikki tomonlama aloqalar nuqtai nazaridan 26 yilda bajarilmagan ishlar bir yil ichida fazoviy tezlikda amalga oshirildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga erishildi. Buning yorqin isbotida sifatida o‘zbekistonlik qardoshlar bilan Namanganda ham do‘stona, ham hamkorlik borasida amaliy muloqotlar olib bordik.

Bizni chegarada minglab mahalliy o‘zbek va qirg‘iz do‘stlarimiz mehmondorchilik an'analariga sodiq holda bayramona kutib olishganidan dillarimiz chinakamiga shodlikka to‘ldi. Har bir muloqotimiz rasmiyatchilikdan holi va eng muhimi samimiy tarzda o‘tmoqda.

Bugun o‘tkazilgan tashrifning dastlabki kunida qirg‘iz delegatsiyasi a'zolari shuningdek, To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan “Ishoqxon To‘ra Ibrat” yodgorlik majmuasi, bog‘dorchilik yo‘nalishidagi “Gold Fresh fruts” xususiy korxonasi, Namangan tumanidagi “Musaffo iqlim trans servis” chorvachilik va sutni qayta ishlashga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi hamda parrandachilikka ixtisoslashgan “Golden egg of Namangan” mas'uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘zaro fikr va takliflar almashildi.

Jalolobod delegatsiyasining Namangan viloyatidagi tashrifi davom etmoqda.

Oqilxon DADABOYeV

Mavzuga oid
Top