17:20 / 14.03.2018
6707

Shveytsariya kompaniyalari O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor

Foto: Kun.uz

14 mart kuni Toshkent shahrida "Shveytsariya to‘qimachilik texnologiyalari" simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Unda Shveytsariyadagi 43 kompaniyani o‘z ichiga olgan konglomerat vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, ikki mamlakat o‘rtasida to‘qimachilik sohasida keng qamrovli va uzoq muddatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. 

Shveytsariya to‘qimachilik sohasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi ba'zi to‘qimachilik korxonalari 200 yillik tarixga ega bo‘lib, bu ularning sohada yuqori tajriba va sifatga erishganidan dalolat beradi. 

O‘zbekistonning tekstil va tikuvchi-to‘qimachilik yo‘nalishi iqtisodiyotning eng barqaror rivojlanayotgan va jozibador sohalaridan biri hisoblanadi. Mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta'minlashda yengil sanoatning muhim rolini inobatga olgan holda, hozirda  jahonning ilg‘or kompaniyalari uning rivojiga alohida e'tibor qaratishmoqda. So‘nggi yillarda ushbu soha xorijiy kapital ishtirokida yaratilayotgan korxonalar soni hamda iqtisodiyotning real sektorida zamonaviy uskunalarning ulushi bo‘yicha yetakchilik qilmoqda. 

Shveytsariya to‘qimachilik texnologiyalari kompaniyalari O‘zbekiston bilan ilk hamkorlik shartnomasini 1993 yilda imzolagan. 2015 yilda mamlakatimizga olib kelingan to‘qimachilik qurilmalari soni 400 tani tashkil qilgan, 2016 yilda esa bu ko‘rsatkich 600 taga yetgan. 

Shveytsariya to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqaruvchilari bilan uzviy hamkorlik O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasi oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda mamlakat korxonalarida «Rieter» (yigirish dastgohlari),  «Saurer» (to‘quv mashinalari), «Uster» (laboratoriya uskunalari), “Luwa” va boshqa kompaniyalar uskunalari o‘rnatilgan. 

Foto: Kun.uz

Tadbirda ta'kidlanishicha, Shveytsariyadan O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasi rivoji uchun keltirilayotgan uskunalar o‘zining energo- va xomashyo tejamkorligi bilan ajralib turadi. 

 

Mavzuga oid
Top