17:00 / 15.03.2018
28117

Bir asrdan keyin ham avlodlar dabdabali to‘ylarga qarshi kurashib yurmasligi uchun nimalar qilmoq kerak?

Foto: Ijtimoiy tarmoq

14 mart kuni Xalqaro Press klubda to‘y, maraka marosimlari mavzusiga doir navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Unda bir asr avval jadidlar ham omma fikrini mazkur muammoga qaratishga uringani, bugungi kunda bu muammo yanada dolzarb tus olgani xususida fikrlar aytildi. 

Spikerlar hamda moderator Sherzodxon Qudratxo‘jayev ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, muammo yechimini topishga urinishdi. Ayniqsa, Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi Odilxon Ismoilovning Islom dinida isrofgarchilik qoralanishi, uning oqibatlari, isrof qiluvchilarni Alloh ham sevmasligi, ya'ni isrof qiluvchilar halok qilinishi haqida Qur'oni karimdan oyatlar bilan asoslagan fikri ta'sirchan chiqdi. 

Unda ishtirok etgan barcha, dabdababozlik, kibr-riyo, kimo‘zarga aylanib qolayotgan to‘ylarni ixchamlashtirish borasida o‘z fikrlarini, takliflarini ilgari surdi. Xalq taqiqqa o‘rganib qolgan ekan, to‘ylarni ixchamlashtirish, to‘kin-sochin to‘y o‘tkazishni taqiqlash maqsadga muvofiq ekani, bu ish yuqoridan boshlanayotgani to‘g‘ri bo‘layotgani, Senat tomonidan ishlab chiqilayotgan Nizom ayni muddao bo‘lishini ta'kidlandi. 

Men shu o‘rinda, XPKda aytolmagan (imkon va vaqt bo‘lmadi) mulohazalarimni aytishga qaror qildim. Albatta, sessiyada jaranglagan barcha fikrlarni e'tirof etish joiz. Ularning barchasi muammoni ijobiy tomondan hal etishga qaratilgan. Spikerlar va so‘z imkoni berilganlar muammoning sababini topishga harakat qilishdi. To‘y-hashamga o‘zimiz sababchi ekanimiz yoki masala tarbiyada ekani va boshqa jihatlarga e'tibor qaratildi. Ammo ayni o‘sha muammolarning asosiy negizini aytishga, nazdimda ko‘pchilik e'tibor bermadi, aytmoqchi bo‘lganlarda jur'at yetishmadi.

Birinchidan, barchamizga yaxshi ma'lumki, ko‘p millatli O‘zbekiston aholisining aksariyati Islom diniga e'tiqod qiluvchilar, musulmonlardir. Qolaversa, o‘zbek ota-onasi borki, farzandining kamolini ko‘rgisi, yaxshi joy bilan quda-anda bo‘lib, chiroyli to‘y bergisi keladi. Ammo ayni shu orzu-havas masalasida haddan oshmaslik, isrof qilmaslik borasida aynan o‘zlari e'tiqod qiluvchi muqaddas dinlari nima deyishini yaxshi anglamasliklari yoki bilmasliklari sababli biz hozirda to‘y-marosimlarni ixchamlashtirish muammosini davlat siyosati darajasida muhokama qilmoqdamiz. 

«Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir», degan edi Abdulla Avloniy. Afsuslar bo‘lsinki, dunyo davlatlari, boshqa mamlakatlar texnologik taraqqiyotga erishgan bugungi kunda, biz hamon 100 yil avvalgi muammo, tarbiya masalasini aniq yo‘lga qo‘ya olmaganimiz tufayli, 100 yil avvalgi muammoni kun tartibiga chiqarmoqdamiz. Shuni ta'kidlashni istardimki, nazdimda, bugungi kunda taqsimlanganidek, tarbiyaning diniy-dunyoviyligi bo‘lmaydi. Aksincha, ikkisini, ya'ni diniy va dunyoviy ta'limni muvofiqlashtirish hamda birlashtirish orqali yuksak natijalarga erishish mumkin bo‘ladi. Buni aynan bizning yurtimizdan, Islom diyorlaridan chiqqan, dunyo fanining tamal toshini qo‘ygan olimu fuzalolarimiz isbotlab bo‘lishgan. 

Biz esa, tayyor qolip turganida, yangi usullarni ixtiro qilib, dunyoviy davlatligimizni ro‘kach qilib, Islomdan uzoqlashib keldik. Buning oqibatida yoshlar kattalarni hurmat qilmaydigan bo‘ldi, kattalar o‘zaro bahs qilib, hoyu-havas ortidan quvib, kimo‘zarga to‘ylar qilib, isrof qilib, yoshlarga namuna bo‘lishdek holatga kelib qoldik. O‘ylaymanki, ular ham bu darajada ortiqcha sarf-xarajatlar gunoh ekanligini bilmaganlari uchun shunday qilishmoqda. 

Xo‘sh, Islomiy odob-axloq, halol-harom me'yorlariga doir darslar maktablarda yo‘lga qo‘yilganida holimiz qanday bo‘lishi mumkin edi? U holda nafaqat to‘y-hashamlar bilan bog‘liq muammolar, balki so‘nggi vaqtlarda bot-bot aytilayotgan boshqa ijtimoiy muammolar qisqa fursatda ijobiy hal etilar edi. Kollej o‘quvchi qizining farzandini o‘ldirib, tashlab ketgani, fohishalarning ma'muriy jarima qo‘llanganiga qaramay, o‘zlarini bozorga solishlari barham topmayotgani, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, tamagirlik, firibgarlik, qo‘ying-ki, jamiyatdagi jami illatlar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketar edi.

Shunday ekan, aytishim mumkinki,to‘y-hashamlar, xalq ko‘rishi uchun qilinayotgan dabdababozlik va isrofgarchiliklarning, umuman, o‘zbek jamiyati duch kelgan barcha muammolarning asl negizi barcha sohada sof Islomdan uzoqlashganimizdadir. Buni ro‘y-rost aytadigan, tan oladigan vaqt keldi. Sessiyada taniqli aktyorimiz yoshlar kattalarga quloq solmayotganini ta'kidladi, buning ham asl sababi Islomiy odob-axloq mezonlaridan yoshlarga ta'lim berilmayotganidadir. 

Maktablarda «Dunyo dinlari tarixi»dan mashg‘ulotlar o‘tilsa-yu, isrofgarchilik, halol-harom, ibo, hayo, odobdan dars berish xususida farzandlarning suyagi qotishini, voyaga yetishi (18 yoshga kirishi)ni kutsak, yaqinda shov-shuv bo‘lganidek, voyaga yetmasdan (16-17 yosh) tug‘ib qo‘yib, farzandini o‘ldirib, tashlab ketadigan qizlarimiz, XPKda aytilganidek, «alfons» yigitlarimiz ko‘paysa, ko‘payadiki, aslo kamaymaydi. Bunda Senat nizomi ham ish bermaydi. Yana bir asrdan keyin keladigan zurriyodlarimiz ham ayni masalani muhokama qilib o‘tiraveradi. Chunki, barchamiz bilganimizdek, aynan Islomda jamiyatdagi barcha muammolar, isrofgarchilik, hayosizlik, odobsizlik va hakozolarga nisbatan yechim mavjud. Shunday ekan, faqat dinimiz Islom ekani, shunday dinga e'tiqod qilishimizni aytib, faxrlanib, uning tinchlik dini ekani bilan kifoyalanib qolmasdan, uning tamoyillari, talablari haqida farzandlarimizga bolaligidan singdirib borsak, ayni muddao bo‘lar edi.

Tolib Rahmatov

Top