13:43 / 16.03.2018
14035

Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlar: Ostona uchrashuvi juda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan amaliy uchrashuvi tarixiy va mintaqaviy nuqtai nazardan juda muhim voqea bo‘ldi, deyiladi Qozog‘istonning Tengrinews nashrida e'lon qilingan maqolada.

Bir tomondan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bir joyga to‘planadigan tadbir anchadan beri tashkil etilmagandi. Boshqa tomondan, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi.

Birinchidan, O‘zbekiston tashqi siyosatini qayta shakllantirish jarayonini boshladi va barcha qo‘shnilar bilan munosabatlarni tiklashga kirishgan. Bu O‘zbekiston prezidentining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonga qilgan tashriflari natijalari ko‘rinadi.

Ikkinchidan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Qirg‘izistonda prezident o‘zgarganidan so‘ng ikki tomonlama munosabatlarni oq qog‘ozdan boshladi.

Uchinchidan, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Rossiya hamda Xitoy o‘rtasidagi tobora kuchayib borayotgan siyosiy ziddiyatlar sharoitida, beqaror Afg‘oniston omili hisobga olingan holda, mintaqa davlatlariga turli jahon va mintaqaviy qudratli kuchlar va bloklar o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi Markaziy Osiyo davlatlarida ichki siyosiy va iqtisodiy vaziyatga ta'sir qilmasligi uchun yagona pozitsiyani ishlab chiqish talab etiladi.

Bunday sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tiklanishini faqat olqishlash mumkin. Yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy voqeliklarda bu butun mintaqa uchun zarur qadamdir.

Mintaqadagi integratsiya jarayonlari ehtimoliy chuqurligiga oid siyosiy prognozlarga kelinsa, mintaqada iqtisodiyot va siyosat sohasida kuchli integratsiya uchun istiqbollar ancha yaxshi.

Mintaqaviy integratsiya nuqtai nazaridan, ushbu hududdagi davlatlar Yevropa ittifoqi kabi mintaqaviy tashkilotni tashkil etmasliklari mumkin, ammo madaniy-gumanitar sohada integratsiya ehtimolga yaqin.

Shu nuqtai nazardan Shimoliy kengash (Nordic Council) – Shimoliy Yevropa mamlakatlari parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun tashkilot tajribasi foydali bo‘ladi (ushbu tashkilotga Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya va Islandiya kiradi).

Mintaqa xalqlarining madaniy-tarixiy yaqinligi va uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining ijobiy tarixi Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida ma'lum bir umumiylikni yuzaga keltiradi. Ko‘p jihatdan u, masalan, Shimoliy Yevropa mamlakatlari madaniy va tarixiy birligi modeliga o‘xshash.

Shu bois, chuqur iqtisodiy va siyosiy integratsiya istiqbollari hali ham uzoq bo‘lgan sharoitda madaniy-gumanitar sohada bu jarayonlarni boshlash kerak. Kelgusida bu mintaqaviy integratsiyaga yanada chuqurroq talab paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Top