18:40 / 16.03.2018
65631

Nikoh yoshini yuqoriroq belgilash taklif qilindi

Oila — hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini ta'minlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak avlodlar uchun betakror tarbiya qo‘rg‘onidir. Shu bois xalqimiz azaldan oilani muqaddas sanab kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Zero, xalqning, millatning kelajagi aynan oila bilan chambarchas bog‘liq. Chunki, har bir inson oilada tug‘iladi va voyaga yetadi. Shunday ekan, har bir bolaning kelajakda kim va qanday inson bo‘lib kamol topishida oila muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizda barcha xayrli ishlar, ezgu amallar, avvalo, oilalarning farovonligi, totuvligini mus­tahkamlash, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish ham­da ularning yorug‘ kelajagini ta'minlash maqsadida amalga oshirilib kelinmoqda. Zero, oilada shakllangan sog‘lom muhit farovon turmush, osuda hayot tarzimizning mustahkam poydevoridir.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda oilani har jihatdan mustahkamlash, uni milliy qadriyatlarimiz o‘zining teran ifodasini topgan haqiqiy tarbiya o‘chog‘iga aylantirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning shu yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyat­ni tubdan ta­ko­mil­lashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bu bo­ra­da muhim aha­miyat kasb etdi.

Farmonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini ta'minlash, qo­biliyat va salo­hiya­tini ro‘yobga chiqarish, oila ins­titutini mustahkamlash, uning jamiyatdagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirish, onalik va bolalikni himoya qi­lishga qaratilgan muhim cho­ra-tadbirlar belgilandi.

Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga yetarlicha e'tibor berilmagani oqibatida ajrashishlar soni yildan-yilga oshib borib, 2017 yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rib, ular tomonidan jinoyat sodir etish holatlari ko‘p uchrayotgandi.

Prezidentimizning yuqo­rida qayd etilgan farmonida shu kabi muammolarni hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Oilaviy munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, barvaqt nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ma'naviy-axloqiy tarbiyasi bo‘yicha doimiy ish olib borish yo‘lga qo‘yilayotgani jamiyat hayotida tahsinga sazovor holat va bu albatta, o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasiz.

Mazkur Farmon ijrosi doirasida sudlarda ko‘rilgan nikohdan ajratish haqi­dagi ishlar hamda bir-biridan ayro yashayotgan er-xotinlar, ularning ota-onalari bilan suhbatlar va joylarda aholi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar orqali oilalar mustahkamligini ta'minlashdek muhim maqsadimizga erishishga xalal beradigan bir qator omillarni aniqlashga harakat qildik.

Ma'lum bo‘lishicha, buning sabablari asosan quyidagilardan iborat:

1. Yoshlarning oilaviy hayotga tayyor bo‘lmasdan turib, oila qurishi;

2. Oila mas'uliyatini chuqur his etmaslik;

3. Ichkilik, giyohvand moddalarni iste'mol qi­lish, jinoyat sodir etish;

4. Chet ta'sirlar, ya'ni oi­laga aralashuvlar va internet tarmoqlari, nomunosib, yot oilaviy munosabatlardan olingan salbiy ta'sirlar, er-xotinning bir-biriga xiyonati ajralishlarga sabab bo‘lmoqda.

E'tibor qiling, oilalar barbod bo‘lishiga eng ko‘p ta'sir etayotgan holatlardan bi­ri — yoshlarning oilaviy hayotga tayyor emasligidir. Bu­ni quyidagi holatda ko‘rish mumkin:

- nikohlanuvchi yoshlarning ruhiy va ma'naviy jihatdan oila qurishga tayyor emasligi ularning oila ha­qida qat'iy tasavvur-tushunchaga ega emasligida hamda er-xotin va ularning huquq-burchlari nimadan iboratligini bilmasligida namoyon bo‘l­moqda.

- O‘g‘lini uylantirish yoki qi­­zini turmushga berishda ak­sariyat ota-onalar ko‘proq ularning yoshini hisobga olib, «boshini ikkita qilish» haqida qaror qabul qi­ladi. O‘g‘il yoki qiz oila qu­rishga, er-xotin bo‘­lib birga turmush kechirishga, bir oila bo‘lib yashashga tayyormi, ular erning haqqi, xotinning xaqqi nimadan iboratligini biladimi-yo‘qmi, degan savollar esa, afsuski, javobsiz qolaveradi.

Shu o‘rinda yana bir haqli savol tug‘iladi: yosh kuyov yoki kelin kimdan sa­boq olishi lo­zim, ularni oilaviy hayotga kim tayyorlashi kerak?

Albatta, birinchi o‘rinda o‘g‘­lini uylantirish niyatidagi — ota, qizini turmushga uza­­tayotgan — ona ushbu masalaga bee'tibor qaramasligi, o‘g‘il yoki qizning oila qurishga tayyorgarlik darajasini aniqlashi, shundan keyingina unga tegishli maslahatu nasihatlar berishi lozim.

Bu borada ulug‘ alloma Abu Homid G‘azzoliyning «Mukoshafat-ul qulub» («Qalblar kashfiyoti») asarida «Xotinning eridagi haqqi», «Erning xotinidagi haqqi» to‘g‘­risida mufassal tushuntirish berilgan bo‘lib, ularni o‘qish va uqib olish har qanday oila uchun bir umrlik dasturulamal bo‘lishi shubhasiz.

Mazkur risolada alloma qizlarni turmushga tayyorlash masalasiga to‘xtalar ekan, «Uzatiladigan qiziga oid ota-onaga tushadigan vazifalar ham bor. Ular qizlariga erga tekkanidan keyin­ eri bilan yaxshi yashash, unga go‘zal axloq bilan muomala qilish yo‘llarini o‘rgatishlari lozim», deb qayd etgan.

O‘z navbatida, zamondosh al­loma Shayx Muhammad So­diq Muhammad Yusuf yozma merosiga murojat qiladigan bo‘l­sak, birgina «Baxtiyor oi­­la» nomli risolasida ko‘p­lab hikmatlar zuhur etilganini ko‘­ramiz.

Ushbu risolada bayon etilgan oila bilan bog‘liq qoidalar, nikoh, mahr, mustahkam oilani vujudga keltirish, er va xotinning haqqi va birining ikkinchisi oldidagi burch­­lari, farzandlar tar­biya­si, ota-onaning farzand oldidagi burchlari, oilani avaylab-asrash, oila buzilishining oldini olish borasida mufassal tushuntirishlarni oila qurayotgan nav­qiron yigit-qizlar ham, ularning ota-onalari ham birdek bilishi darkor.

Shuni qayd etish joizki, ayni shu — yoshlarni oila qu­rishga tayyorlash masalasi Prezidentimizning «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan ta­ko­mil­lashtirish cho­ra-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida nazarda tutilgan va bu borada Farmon talabi bo‘yicha amaldagi oi­la qonunchiligi takomillashtirilayotgani ham ayni muddao bo‘ldi.

Nega deganda, mustahkam oila barpo etilishida muhim masalalardan biri, bu — bo‘lajak kuyov va kelin turmush qurishdan oldin bir-birining odatu qiziqishlari, xarakteri, fikr doirasi, dunyoqarashini ko‘proq o‘rganishi uchun imkon yaratishdan iboratdir.

Buning uchun Oila kodeksining 13-moddasida ni­koh tuzish xohishida bo‘lganlar uchun belgilangan 1 oylik muddat o‘rniga ariza berilganidan ke­yin kamida 2 yoki 3 oylik muddat belgilanishi lozim, deb o‘y­laymiz. Bu muddat fikrimizcha, oila qurish niya­tida bo‘lgan yoshlarning bir-birini o‘rganib, oila qurish-qurmaslik masalasida to‘g‘ri qarorga kelishlari uchun, ya'­ni­ mustahkam oi­la qurilishiga ishonchli zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, amaldagi oila qonunchiligiga ko‘ra, ni­koh yoshi erkaklar uchun — 18 yosh, ayollar uchun — 17 yoshdir. Nazarimizda, nikohga kiruvchi ayollar yoshi­ni — 18 yosh, erkaklar yoshini 21 yosh etib belgilash maqsadga muvofiqdir. Bu ham mustahkam oila qurilishida muhim omil bo‘lishi muqarrar.

Chunki avvalambor, 17 yosh­da qizlarning ko‘pchiligi jismoniy va ruhiy-ma'naviy jihatdan hali turmush qurishga tayyor bo‘lmaydi.

Ayni paytda yurtimizda 17 yoshda turmushga chiqayotganlar kamchilikni tashkil etadi, demakki, bunday o‘zgartirish istiqbolda ham biron-bir muammoni keltirib chiqarmaydi.

Qolaversa, erkaklarning nikoh yoshini 21 yosh etib belgilash taklifiga kelsak, xuddi shu yoshga kelib yigitlarda mustaqil fikr shakllanadi va oilani ta'minlash uchun biron-bir kasbga ega bo‘ladi. Shu­ningdek, bu yoshda ularning mas'uliyat hissi ham ortadi.

Sud jarayonlarida ma'lum bo‘lishicha, 18-19 yoshda uylangan yigitlarning ko‘pchiligi oilasi bilan bog‘liq har qanday masalada ota-onasi fikriga tayanib qaror qabul qiladi va hatto turmush o‘rtog‘i bilan bir oila bo‘­lib yashash masalasini ham «ota-onam nima desa, shu» deb, ota-onasiga havola qi­ladi. Ajrashishlarga sabab sifatida esa, asosan xotini aytganini qilmayotgani va xarakterlari to‘g‘ri kelmayotganini ko‘rsatadilar.

Kezi kelganda, erkak va xotin kishining xarakteri turli xil bo‘lib, bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi ilmiy jihatdan asoslangan holat ekaniga ham e'tibor qaratish zarur. Bu holatni muammoga aylantirish mas'uliyatsizlikdan boshqa narsa emas.

Mas'uliyatsizlik nikohdagi er-xotinning biri ikkinchisiga yon bermasligi, har biri faqat o‘zini haq deb bilishi, o‘z hu­zur-halovatini o‘ylashi, farzandlari taqdiriga esa, mutlaqo befarq qarashidan iborat bo‘lib, alal-oqibat oila barbod bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Oila kodeksida er-xotinning o‘zaro huquq va majbu­riyat­lari, ona-ona sifatida ularning voyaga yetmagan farzandlari oldidagi huquq va majburiyatlari qonuniy mus­tahkamlangan. Ota-ona farzandini dunyoga keltirganidan keyin unga g‘amxo‘rlik qilish va komil inson sifatida voyaga yetkazishga mas'uldir.

Yoshlarni oila qurishga tay­yorlashda ushbu masalaga e'tibor qaratish, ularning bir-biri oldidagi, bo‘lajak farzandlari oldidagi mas'uliyat va burchlari nimadan iborat ekanini qonun asosida tushuntirish ham o‘z samarasini beradi.

Er-xotin ajrashgach, ular o‘rtasida uy-joy nizosi, kimning, ya'ni asosan xotin va bolalarning qayerda yashashi masalasida nizo kelib chiqayotgani hech kimga sir emas. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar er-xotin nikohlari davrida orttirgan uy-joylari mavjud bo‘lsa, bu muammoning qo­nuniy yechimi topiladi:

uy-joyni ular o‘rtasida bo‘lib berish imkoniyati mavjud bo‘­ladi.

Er-xotin nomida uy-joy mavjud bo‘lmagan holatda esa, muammoning qonuniy yechimi yo‘q. Ajrashgan erning otasi nomidagi uyni bo‘lib berib bo‘l­maydi. Bunda foydalanish tartibini belgilab, ajrashgan kelinni shu uyda qoldirish ham oqilona yechim bo‘la olmaydi. Chunki er-xotin munosabatlari buzilgach, sobiq kelin va nabiralarga nisbatan ota-ona munosabati o‘ziga yarasha bo‘ladi. Uydagi noiliq munosabat, nosog‘lom muhit, o‘zaro janjallar voyaga yetmagan farzandlar tarbiyasiga, ajrashgan ayol-ona ruhiyatiga salbiy ta'sir yetkazishi tabiiy.

Bu borada nima qilmoq kerak, muammoning yechimini qayerdan izlash lozim?

Oila kodeksining er-xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibiga bag‘ishlangan alohida 6-bobi 29-moddasida ni­koh shartnomasi haqida tushuntirish berilgan. Ushbu normada nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida yoki er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda, ularning mulkiy hu­quq hamda majbu­riyat­larini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanishi belgilangan.

Amaldagi qonunchilik talabiga ko‘ra, nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin. Nikoh shartnomasiga ko‘ra, er-xotin birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘r­natishga haqlidir.

Er-xotin nikoh shartnomasida o‘zaro moddiy ta'minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, bosh­qa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliya­ti bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulk­ni aniqlab olishga, shuningdek, nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid bosh­qa qoidalar kiritishga haqli.

Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, Oila kodeksining 31-moddasida qayd etilganidek, muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bog‘liq qilib qo‘yilishi mum­kin. Afsuski, ayni payt­da nikoh shart­nomasi tuzish holatlari juda kam bo‘­lib, «nikoh shartnomasi tuzish bizning mentalitetimizga, shariat qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi», degan xato tushuncha ham mavjud.

Shariat qoidalariga ko‘ra, ayol kishini nikohiga oluvchi erkak «mahr» berishi shart. Qur'oni Karim oyatlari va sha­riat qoidalariga ko‘ra, uylanganda berilgan mahrni ajrashayotganda qaytarib olish mumkin emas.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qayd etganidek, «aqdi nikoh bo‘lishi bi­lan mahr berish vojib bo‘ladi, berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi talab etiladi va mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi».

O‘ziga turmush yo‘ldoshi bo‘layotgan shaxsdan, hali birga bo‘lmasdan turib, ma'lum miqdorda mulkni qabul qilib olgan kelinda o‘ziga bo‘lgan ehtirom tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Ham kelinda, ham ularning yaqinlarida kuyovga nisbatan ishonch kuchayadi. Kelajakda kelinning moliyaviy ta'minoti o‘z joyida bo‘lishiga nikohda ko‘zlari yetadi...

Shu bilan birga, mahr berayotgan er ham o‘zining erligini, oilaning og‘irligini zimmasiga olishi lozimligini, kelinga mehr-muruvvat ko‘rsatishi kerakligini, oila qurish o‘z-o‘zidan bo‘laveradigan narsa emasligini anglab yetadi. Aslini olganda, kelinga mahr berish orqa­li kuyovga — bo‘lajak oila rahbariga o‘zining yaxshi niyatini, oilasi va ayoliga molu dunyo sarflashdagi himmatini na­mo­yish qilishga yo‘l ochiladi».

Bu qaydlarni keltirishdan maqsad shuki, «nikoh mahri va nikoh shartnomasining ikkisi ham bir xil narsa», deya ta'kidlash emas, balki «nikoh shartnomasi tuzish bizga to‘g‘ri kelmaydi» degan fikr-tushuncha noto‘g‘ri ekanini dalillashdir.

Endi nikoh shartnomasini tuzishning nima zarurati bor, degan savolga to‘xtalamiz.

Birinchidan, ushbu shartnomani tuzish orqali er-xotin o‘zining mulkiy huquqlari himoyasini kafolatlaydi.

Ikkinchidan, nikoh shartnomasining tuzilishi nikoh tugatilgandan keyin ham so­biq er-xotinlar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni tartibga solishda muhim o‘rin tutadi.

Nikoh shartnomasi qonun talablari asosida mukammal tuzilsa, er-xo­tin o‘rtasidagi mulkiy bahs-munozaralar kam sodir bo‘ladi, turli muammolar tez va oson hal etiladi.

Eng muhimi, nikoh shartnomasi tuzish orqali sog‘lom va mustahkam oila barpo etiladi.

Shuning uchun, oila qurish niyatida bo‘lgan yoshlarimiz amaldagi oila qonunchiligi talablarini bilishi va nikohga kiruvchilarga qonun asosida berilgan huquqiy imkoniyatlardan foydalanishi lozim. Bu, albatta, sog‘lom va mustahkam oila yuzaga kelishida muhim omil bo‘ladi.

Oila mustahkamligining yana bir muhim omili — oila bilan bog‘liq asriy qadriyat­lar, oila a'zolari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat-izzat asosiga qurilgan munosabatlarni avaylab-asrash va keyingi avlodlarga yetkazishdir. Bu jamiyatning barcha a'zolariga tegishli burchdir.

Xalqimizda «Onasini ko‘­rib, qizini ol», degan maqol bor. Bu purhikmat so‘z­larning asl ma'nosiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning zamirida — ona tarbiya­li bo‘l­sa, qizi ham tarbiyali bo‘ladi, degan oddiy haqiqat, aniq ma'no mujassamdir.

Qaysiki oilada o‘zaro hur­mat, ahil-inoqlik va tartib-intizom hukm­ron bo‘lsa, shu oila farzand­lari tarbiyali bo‘­lishi, oi­la qurgach, yaxshi yashab ketishi tabiiy. «Qush uyasida ko‘r­ganini qi­ladi», deb bejiz aytilmagan. Shunga ko‘ra, farzandlarini oilaviy hayotga tayyorlashda avvalo ota-onaning shaxsiy namuna bo‘lishlari juda muhimdir.

Xolmo‘min YoDGOROV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy sudi raisi o‘rinbosari

Top